14 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22 °C

Transport
24 Iyul  2020 1344

Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Eron transport sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yil 22-iyulda videokonferens aloqa shaklida Oʻzbekiston Respublikasi, Afgʻoniston Islom Respublikasi va Eron Islom Respublikasi vakillari ishtirokida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Onlayn muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Elyor Gʻaniyev bugun dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi transport sohasidagi hamkorlik aloqalarni yana-da faollashtirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qoʻshma qarorlar qabul qilish zarurligini davrning oʻzi taqozo etayotganini alohida qayd etib oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, boshqa davlatlar oʻrtasidagi yuk tashish hajmi pasayishi kuzatilayotgan bir davrda Afgʻoniston yoʻnalishida yuk tashuvlar hajmi umumiy dinamikasi barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etmoqda. Jumladan joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida temir yoʻl transporti orqali Afgʻonistondan va Afgʻonistonga yuk tashuvlari hajmi 2,5 million tonnani tashkil etdi. Bu 2019-yilning mos davriga nisbatan 50,6 % oʻsishga erishilganini anglatadi. Aynan shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat Afgʻoniston hududida amalga oshirilayotgan transport koridorlarini rivojlantirish bilan bogʻliq infratuzilma loyihalariga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni shu jihatlardan kelib chiqqan holda uchrashuvda transafgʻon temir yoʻlining qurilish masalasi hamda “Shimol-Janub” transport koridori doirasida Eronning “Choxboxor” porti imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Eronning yoʻl va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi hamkorlikdagi loyihalarni davom ettirish maqsadida davlatlar oʻrtasida maxsus ishchi guruhini tashkil etish va transport sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yangi bitim imzolashni taklif qildi. Tomonlar yangi hujjatni shakllantirish uchun uch tomonlama ekspertlar kengashini tashkil etishga kelishib olishdi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston tomoni Eron – Afgʻoniston – Oʻzbekiston yoʻnalishida ilk avtokarvonni tashkil etish taklifini bildirdi. Mazkur taklif Afgʻoniston va Eron tomonidan ham maʼqullandi. Eron tomoni aynan mazkur yoʻnalishda multemodal transport koridorini tashkil etish davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning yana-da rivojlanishga katta turtki berishini alohida qayd etib oʻtdi. Muhammad Islomi shuningdek, 2021-yilda Eron tomoni Choxboxor portidan mamlakatning Zaxedon shahrigacha temir yoʻl qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini bu esa oʻz navbatida davlatlar oʻrtasida yuk tashuvlar hajmining ortishiga hissa qoʻshishini taʼkidlab oʻtdi.

Afgʻoniston transport vaziri Yamo Shams davlatlar oʻrtasidagi transport va tranzit aloqalarini rivojlantirishga va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bildirdi. Eron – Afgʻoniston – Oʻzbekiston yoʻnalishida ilk multemodal avtokarvonni tashkil etish va bu jarayonda xavfsizlik masalalari Afgʻoniston hukumati tomonidan toʻliq taʼminlanishini taʼkidlab oʻtdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech