21 Fevral 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,2 °C

investitsiyalar
23 Yanvar  2020 608

O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati sohasidagi yirik korxonalar o‘ntaligi

Bugungi kunda O‘zbekistonda 11 ming 800 dan ortiq meva-sabzavot, go‘sht-sutni qayta ishlovchi, qandolat, alkogolsiz ichimliklar, yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va boshqa turdagi oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashgan korxonalar faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yilda mamlakatimizda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hisobiga milliy oziq-ovqat sanoati yangi ishlab chiqarish sub'ektlari bilan yanada boyidi. Bu borada «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik va ishonchli korxonalar o‘ntaligini aniqladi. Bular:

1. Meva-sabzavotni qayta ishlashga ixisoslashgan «Namangan Agro Logistic» Logistika markazi 116 million so‘mlik investitsiya loyihasi asosida tashkil etilgan bo‘lib, yillik quvvati 20 ming tonna mevani qayta ishlash imkonini beradi. Bugungi kunda u yerda 75 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Korxona o‘zining eng sarxil mevalari bilan tanilgan Pop tumanida barpo etilan.

2. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida faoliyat yuritayotgan «Melek Best Milk Agro» mas’uliyati cheklangan jamiyati yiliga 20 ming tonna sutni qayta ishlash imkoniyatiga ega. U yerda 26,9 milliard so‘mlik investitsiya yuqori sifatli sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, natijada 26 nafar mahalliy fuqarolarning bandligi ta’minlangan.

3. Surxondaryoning Muzrabot tumanidagi «BIO AGRO» mas’uliyati cheklangan jamiyatining tashkil etilishiga 273,9 milliard so‘m investitsiya jalb etilgan. Organik mahsulotlarni yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan ushbu korxonaning yillik quvvati 15 ming tonnani tashkil etib, bu yerda 80 kishining ish bilan ta’minlanishiga erishilgan.

4. Yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Top Oil» mas’uliyati cheklangan jamiyat Angren shahrida 107,3 milliard so‘mlik investitsiya evaziga barpo etilgan. Yiliga 11 ming tonna xomashyoni qayta ishlash quvvatiga ega ushbu korxonada 100 ta ish o‘rni yaratilgan.

5. «Parmis Muller» mas’uliyati cheklangan jamiyatining ham yillik quvvati 11 ming tonnani tashkil etadi. Faqat bu korxonada shu hajmdagi o‘zlari tomonidan zamonaviy issiqxonada yetishtirilgan meva-sabzavotlar quritiladi va qadoqlanadi. Shakllanishiga 33,4 milliard so‘m investitsiya jalb etilgan Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi ushbu korxonada bugun jami 100 ta ish o‘rni yaratilgan.

6. Makaron va non mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha bugun Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi «Ashraf Ramazon» qo‘shma korxonasi peshqadamlik qilmoqda. 19,6 milliard so‘m investitsiya kiritilishi natijasida bu yerda bugun yiliga 8 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradigan tarmoq yo‘lga qo‘yilgan, hamda 40 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.

7. Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi «Yangi Asr» fermer xo‘jaligida 10,3 milliard so‘mlik investitsiya jalb qilinib, sutni pasterizatsiyalab, qadoqlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Yiliga 6 ming tonna xomashyoni qayta ishlaydigan ushbu korxona tashkil etilishi fermerga qishloq ahlining 15 nafarini ish bilan ta’minlash imkonini berdi.

8. Samarqand viloyati Urgut tumanidagi «Panel Sav» qo‘shma korxonasida bugun 16,9 milliard so‘mlik investitsiya loyihasi malga oshirilishi natijasida sendvich panellar ishlab chiqarilish yo‘lga qo‘yilgan, hamda 10 ta ish o‘rni yaratilgan. Mahsulotlar asosan, logistik markazlar va sovitiladigan omborlar qurish uchun eng kerakli qurilish materiali hisoblanadi. Korxonaning yillik quvvati 6 ming kvadrat metr sifatli material ishlab chiqarishga teng.

9. Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi «Baxt Imkon Rivoj» fermer xo‘jaligida 10,2 milliard so‘mlik investitsiya jalb etilib, brinza va pishloq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 12 ta yangi ish o‘rni yaratilgan ushbu korxona yiliga 6 ming tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega.

10. Yiliga 5 ming tonna meva-sabzavotni saqlay oladigan Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi «Agro Soy Plast» mas'uliyati cheklangan jamiyatidagi korxona 38,6 milliard so‘mlik investitsiya jalb etilishi bilan barpo etilgan. Bu yerda 7 ta ish o‘rni yaratilgan.

Ma’lumot o‘rnida, davlatimiz rahbarining 2019-yil hududlarga tashriflari doirasida Davlat investitsiya dasturiga qo‘shimcha ravishda oziq-ovqat sanoati yo‘nalishida «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi tomonidan taqdimoti o‘tkazilgan umumiy qiymati 17,6 trillion so‘mlik jami quvvati 4,8 million tonna bo‘lgan 1 ming 207 ta yangi loyiha ustida amaliy ishlar olib borilgan. Natijada, o‘tgan yili jami quvvati 681,2 ming tonna bo‘lgan 490 ta investitsiya loyihalari ishga tushirilgan.

Shuningdek, 2019-yilda Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan 16 ta va qo‘shimcha 139 ta loyiha ustida amaliy ishlar olib borilib, jami 203,5 million dollar, jumladan 124 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarilgan, deya xabar beradi «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi axborot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech