11 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,4 °C

Xalqaro hamkorlik
8 Iyul  2020 352

Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruhining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Joriy yil 7-iyulda Jenevada videokonferensiya shaklida Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi boʻyicha Ishchi guruhining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mamlakatimiz delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchilik qildi.

Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruhi raisi, Koreya Respublikasining Jahon savdo tashkilotidagi doimiy vakili Dji-a Pek tadbir ishtirokchilarini Oʻzbekiston tomonidan Tashkilotga kirish va zarur hujjatlarni tayyorlash jarayonida oʻtilgan bosqichlari bilan tanishtirdi.

Yigʻilish davomida Oʻzbekistonning JSTga kirishi nuqtayi nazaridan Respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati va istiqbollari toʻgʻrisida maʼruzasi taqdim etildi. Ushbu jarayonning qayta tiklanishi 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilanganligi va mamlakatning koʻp tomonlama savdo tizimiga qoʻshilishi orqali tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi.

JST Bosh direktorining oʻrinbosari A.Vulf Tashkilot Kotibiyati faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri mamlakatlarga JSTga kirishda koʻmaklashish ekanligini taʼkidladi va shu sababli Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlish jarayonini tiklash toʻgʻrisidagi qarorini olqishladi va Tashkilot rahbariyati nomidan ushbu tashabbusda barcha zarur yordamni koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, bir qator boshqa davlatlar, mintaqaviy va tematik guruhlarning vakillari Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan fikrlarini bayon qildilar.

Yigʻilish doirasida Oʻzbekistonning tashqi savdo rejimi toʻgʻrisida kengaytirilgan Memorandumning muhokamasi boʻlib oʻtdi va Memorandum boʻlimlari boʻyicha savol-javoblar sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonning JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruhining 4-yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida Tashkilot Kotibiyatiga zarur hujjatlarning toʻliq toʻplami, jumladan, aʼzo mamlakatlarning 300 dan ortiq savollariga javoblar, savdo sohasida texnik toʻsiqlardan foydalanish, sanitariya va fitosanitariya choralari, bojxona baholash boʻyicha suratli savollarning nazorat roʻyxatlari, importni litsenziyalash jarayoni toʻgʻrisidagi savolnoma, intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, milliy qonunchilikni JST bitimlarining meʼyorlariga muvofiqlashtirish boʻyicha Reja taqdim etildi.

Yigʻilish yakunida joriy yilning 20-iyulidan 31-iyuliga qadar tovar va xizmatlarining bozorga kirishini taʼminlash masalalari boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazishga kelishib olindi. Shuningdek, JSTga kirish boʻyicha muzokaralarning keyingi bosqichiga oʻtish, xususan, Oʻzbekiston Tashkilotga kirishi boʻyicha Ishchi guruh Maʼruzasining asosi hisoblangan Faktologik xulosani tayyorlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston tomoni yigʻilish ishtirokchilariga Oʻzbekistonning JSTga kirish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaganligi uchun minnatdorchilik bildirdi va ushbu yoʻnalishda kelgusida konstruktiv hamkorlik qilishga umid bildirdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech