05 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,9 °C

Xalqaro hamkorlik
5 May  2020 5359

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalarini koʻrib chiqib, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
 
Epidemiologik vaziyat rivojini nazorat qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
 
Ikki mamlakat hukumatlariga ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashishda oʻzaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
 
Pandemiyaning avvalo Oʻzbekiston-Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida oldindan chora koʻrish va yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish zarurligi qayd etildi.
 
Oʻzaro savdoda yuqori oʻsish surʼatlarini ushlab qolish, transport qatnovlarini taʼminlash, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, moliya va boshqa sohalarda ustuvor loyihalarni amalga oshirish boʻyicha harakatlar tartibini birgalikda ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida muntazam videoanjumanlar oʻtkazib turish muhim ekani taʼkidlandi.
 
Shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
 
Telefon muloqoti chogʻida Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
 
Suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech