24 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23 °C

Salomatlik
20 Mart  2019 1202

O‘zbekistonda ilk bor shifokorlar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkaziladi

Ushbu turnir Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda.

 “Doctors Community Cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri sog‘liqni saqlash muassasalari tibbiyot xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shifokorlar o‘rtasida millionlar o‘yini bo‘lgan futbolni ommalashtirish, dunyo hamjamiyati shifokorlari o‘rtasida yurtimiz shifokorlarining obro‘si va imidjini oshirish, chet ellik shifokorlarga yurtimizning diqqatga sazovor joylari va turistik salohiyatini namoyish qilish maqsadida tashkil etilmoqda.

Musobaqa reglamentiga asosan, o‘yinlarda 25 yoshdan katta bo‘lgan, mutaxassisligi va fuqaroligidan qat'i nazar, shifokorlik diplomiga ega bo‘lgan xodimlar ishtirok etadi. Turnirda O‘zbekiston terma jamoasidan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belorus, Ukraina terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Bundan tashqari, turnirga Fransiyada joylashgan Jahon sog‘liqni saqlash xodimlari Olimpiya o‘yinlari assotsiatsiyasi vakili Giyom Gassend ham taklif etilgan.

Aytish joizki, Rossiya jamoasi 40 va undan katta yoshdagi shifokorlar bilan yurtimizga tashrif buyuradi. Shu sababli ham mazkur yosh toifasida O‘zbekiston-2 terma jamoasi ham ishtirok etadi. Shu tariqa nufuzli musobaqada jami 8 ta jamoa qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning tantanali ochilish va qur'a tashlash marosimi 25-mart kuni bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belorus va Ukraina jamoalari 2 ta guruhga bo‘lingan holda o‘zaro kurashadi. O‘yinlar 11.00 va 14.00da poytaxtimizdagi “Milliy ” va “Jar” stadionlarida o‘tkaziladi. Rossiya va O‘zbekiston-2 terma jamoalari esa guruh bahslarida ishtirok etmaydi. 29-mart kuni Pley-Off o‘yinlari, 30-mart kuni musobaqaning g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi. Turnirning tantanali yopilish marosimi soat 17.00 da bo‘lib o‘tadi.

Tadbir doirasida mehmon jamoalarning Samarqand shahriga sayohatini tashkil qilish orqali ularga yurtimizning turistik salohiyati va imkoniyatlarini keng namoyish qilish rejalashtirilgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech