18 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +17 °C

Ijtimoiy hayot
25 Mart  2019 2495

O‘zbekistonda pensiya yoshi rostdan ham  o‘zgardimi?

Bugun kichik bir xabar ham rostmi yoki yolg‘onligi tekshirib o‘tirilmasdan juda tez tarqalyapti.

 

Bu bir tomondan yaxshi, albatta. Ammo unga ko‘r-ko‘rona ishonish to‘g‘ri qaror emas.

Xususan, yaqinda ayrim saytlar va telegram kanallar «O‘zbekistonda pensiya yoshi o‘zgardi» deya xabar tarqata boshladi.

Ammo bu tushunmovchilik keltirib chiqarayotgan ma'lumot. Pensiya yoshiga doir hyech narsa o‘zgarmadi. Qo‘shimchalar bo‘ldi, xolos.

Gap shundaki, pensiya va nafaqa o‘rtasida   farq borligini ko‘pchilik ham bilavermaydi. Pensiya boshqa narsa, nafaqa boshqa narsa. Ko‘pchilik hatto yoshga doir pensiyaga chiqqan bo‘lsa ham, «pensioner» ruscha so‘z degan fikrga borib, «nafaqaxo‘rman» deb qo‘ya qoladi.  Ammo, hurmatli yoshi ulug‘lar, pensionerman deyaverish qonunan to‘g‘ri bo‘ladi.

Unda qanday o‘zgarish bo‘ldi?

Nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18-martdagi qarori bilan ayrim hujjatlarga  o‘zgarish kiritildi.

Xususan, 2011-yil 7-apreldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan «Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom»ga ham o‘zgarish kiritildi.

Bu nizom:

1) pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar;

2) mehnatga layoqatsiz fuqarolarga tegishli edi.

Endilikda nimalar o‘zgardi?

O‘zgarishga ko‘ra, endilikda bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ham nafaqa beriladigan bo‘ldi.

Nizomning 6-bandiga ko‘ra, yoshga doir nafaqalar:

erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida;

ayollarga — 60 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Bu azaldan ham mavjud band edi, aslida.

Mana shu bandga 3-xatboshi qo‘shildi:

bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Pensiyaga staji yetmaydigan ayollar ilgari 60 yoshdan nafaqa olgan bo‘lsa, nogiron farzandi bor onalarga yengillik berilib, garchi staji bo‘lmasa ham, ular 5 yil oldin, 55 yoshdan nafaqa oladigan bo‘ldi.

Pensiyaning qanday turlari mavjud?

- yoshga doir pensiya;

- nogironlik pensiyasi;

- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Nafaqa turlarichi?

- vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi;

- homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;

- bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa;

- dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa;

- ishsizlik nafaqasi;

- ishdan bo‘shatish nafaqasi;

- xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa;

- yoshga doir nafaqa;

- nogironlik nafaqasi (bolalikdan nogironlardan tashqari);

- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi va h.k.

Ularning farqi quyidagicha:

Yoshga doir pensiya olish huquqi erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;

ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda beriladi.

Yoshga doir nafaqa olish huquqi esa, ish stajiga ega bo‘lmagan erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida;

ayollar — 60 yoshga yetganlarida;

bolalikdan nogironligi bor farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Ma'lumotni to‘g‘ri tarqatish OAV uchun qanchalik muhim bo‘lsa, unga ishonish uchun aniq mutaxassisdan maslahat olish ham shu qadar muhimdir.

Barno Meliqulova

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech