11 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,3 °C

Tashvishli xabar
17 Iyun  2019 1819

Qabristonlar nega ayanchli ahvolda?

O‘tib ketgan ajdodlar xotirasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni e'zozlash, dafn etish joylarining to‘g‘ri saqlanishiga alohida e'tibor bilan qaraladi, biroq so‘nggi paytlarda Namangan viloyatida qabristonlar ahvoli ayanchli.

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Bog‘i baland» qabristoni hududi obodonlashtirilmagan, biror to‘siq bilan o‘ralmagan, vaqt o‘tishi bilan ba'zi qabrlar cho‘kkan. «Baland Go‘rtepa» mahallasidagi «Shahidmozor» qabristonida ham shunday vaziyatga duch kelish mumkin.

Viloyat hokimligi ishchi guruhi tegishli monitoring o‘tkazib, ko‘plab kamchilik va muammolarni aniqladi. Masalan, mintaqada  2180,95 gektar maydonda joylashgan 742 qabriston mavjud, ulardan 105 tasi yopilgan.

Namanganning «O‘n bir Ahmad», «Irvadan», «Hurmatxon aya» qabristonlari xodimlarining tadbirlilik borasidagi «qoyilmaqom ishlar»idan tilingiz aylanmay qoladi. Ular salkam qabrlar ustida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiradilar. Bu yerda kartoshka, makkajo‘xori, qulupnaylarni ko‘rasiz, bodom, yong‘oq, uzum, o‘rik va boshqalar meva beradi. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Yandama qishloq mangulik qabristoni», «Langarbobo», «Boypalas buva», Uychi tumanidagi «Yassitepa», «Madraxim ota» va boshqa ko‘plab tumanlardagi qabristonlarda ham shu kabi ishlar amalga oshirilmoqda. 

   Lekin me'yoriy hujjatlarga ko‘ra, bunday faoliyat qat'iyan man etiladi! Ehtimol, shunchaki tartibga keltirishga qabriston xodimlarining kuchi va vaqti yetmayotgandir. Lekin bahorda, Navro‘z arafasida amalga oshiriladigan obodonlashtirish ishlari, jumladan, qabristonlarda ham o‘tkaziladi-ku?!  Bu haqda viloyat va tuman hokimlarining hashar o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlarida ham aytilgan. Afsuski, hammasi ham ijro etilavermaydi. Shunday qilib, Chortoq tumanidagi Alixon qishlog‘ida joylashgan «Qoraxon buva» qabristoni qariyb olti gektar maydonda joylashgan va deyarli tashlandiq holatda: hatto, belgilar ham o‘rnatilmagan, uzoq vaqt tozalanmagan, tartibga keltirilmagan. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi «Xo‘jamurob» qabristonida suv ta'minoti tizimi mavjud emas, obodonlashtirish ishlari olib borilmayapti va u ko‘proq chiqindixonani eslatadi.

Namanganning «Hurmatxon aya», «Irvadan» qabristonlari aholi punkti va tadbirkorlik sub'ektlariga tutashib ketgan, bu sanitariya va gigiena sohasidagi me'yoriy hujjatlarga ham zid.  Shu kabi faktlar Kosonsoy, Mingbuloq, Namangan, Norin, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va boshqa tumanlarning deyarli 80 qabristonida uchraydi.

Dafn etish joylari va qabr usti yodgorliklarini saqlash, ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq bu tuman, shahar davlat hokimiyati organlarining bevosita tasarrufida bo‘lib, ularga qabristonlarni to‘g‘ri holatda saqlash va obodonlashtirish vazifasi yuklatiladi, ammo xodimlar yetarli emas. Misol uchun, Uychi tumanida 55 ta qabriston mavjud bo‘lib, shtatlar jadvali 84 xodimni tashkil etadi. Ammo amalda 55 nazoratchi va 165 qorovul bo‘lishi kerak. Aholiga, masalan, motam tadbirlari uchun pullik xizmatlar ko‘rsatish tariflari turlicha. Aslida bunday pul tushumlari qabristonlar ahvolini yaxshilash, ularni joriy va kapital ta'mirlash uchun sarflanishi lozim.

Shuningdek, bu yerda sxematik reja, ish vaqti jadvali, kelish va marosimlarni o‘tkazish tartibi, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmasi faoliyati haqida ma'lumotlar mavjud emas. Lekin ma'muriy va boshqa binolar, yo‘laklar va xiyobonlar joylashuvi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Shu holat Kosonsoydagi uchta, Mingbuloqdagi ikkita, Namangan tumanidagi uchta, Namangan shahridagi to‘rtta va Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Chust tumanlaridagi o‘n to‘rttasida ham kuzatiladi.  

Ayni paytda, Namangan qabristonlaridan biri yonida bir muncha vaqt oldin qabristonga tutash turargohda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurilishi boshlandi. Dastlab, ob'ekt egasi devorni buzdirdi va salkam qabrlar ustidan qurilishni boshlamoqchi bo‘ldi, lekin jamoatchilik va vakolatli organlar tezda bunga javob berib, noma'qul ishning oldi olindi.

Ajdodlarimizning tarixiy merosi - sayyohlarni jalb qilish uchun mo‘ljallangan arxitektura va tarixiy yodgorliklar haqida ham ikki og‘iz so‘z. Ko‘plari restavratsiyaga muhtoj, lekin ba'zida ularning ayrimlariga tegmagan yaxshiroq. Ayrim «usta»larning qo‘li tekkan ko‘plab ob'ektlar o‘zining asl qiyofasini yo‘qotib, qandaydir yangicha ishga o‘xshab qolgan. Masalan, Mulla-qirg‘iz madrasasi, Ota Valixon to‘ra masjidi qayta qurishdan keyin yaxshiroq ko‘rinishga kelib qolgani yo‘q. Madrasa yangilanishi uzoq yillar yillar davom etdi, katta mablag‘larni o‘zlashtirgan bir necha pudratchi tashkilotlar almashdi. Binoning ichki qismi buzib qo‘yilgan, kimningdir esa miyasiga terilgan g‘isht qoplama ustidan shuvoq qatlamini yotqizish, bir paytlar taom pishirish va isitish uchun ishlatilgan noyob pech-o‘choqlarni yopib yuborish kelib qolgan.

Uychi tumanining Fayziobod qishlog‘ida joylashgan «Devon buva» maqbarasi 1725 yilda qurilgan. Yaqinda «restavratsiya» paytida u dastlabki asl qiyofasini yo‘qotdi. Bir vaqtlar shaharni obodonlashtirishga katta hissa qo‘shgan taniqli fabrikachi va homiy Qodirxo‘ja Eshonning uyi ham xunuk ko‘rinishga kelib qolgan. Ota-bobolar va ularning xotirasiga bunday munosabat juda achinarlidir.     

  Feruza Otaxonova.

«Pravda Vostoka».

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech