13 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,6 °C

Tashvishli xabar
22 Iyul  2020 657

UzAuto Motors vakillari deputat soʻzlariga javoban fikr bildirdilar

“Kecha goʻyoki UzAuto Motors kompaniyasi tez yordam uchun avtomobillarni oshirilgan narxlarda sotayotgani haqida balandparvoz bayonot bergan deputat Kusherbayev madaniy muloqot doirasidan chetga chiqdi, zero mavzudan bexabar oʻquvchi uchun bamisoli kompaniyamiz mavjud vaziyatda narxlarni atayin oshirayotgandek boʻlib koʻrindi.

Tabiiyki, bu gap haqiqatga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi va “UzAuto Motors”, ayrim siyosatchilar uchun populizm asosiy, baʼzida esa, yagona qurol boʻlishini yaxshi tushungan holda, Rasul Xidraliyevichning ayblovlarini bandma-band tahlil etishga tayyor, deb javob beradi UzAuto Motors.

Janob Kusherbayev “UzAuto Motors” COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan Oʻzbekistonda yuzaga kelgan ogʻir vaziyatni eʼtiborga olmayotir, deya daʼvo qiladi. Biroq, biz professional jurnalist oʻzi aytayotgan soʻzlarining mohiyatini chuqurroq anglashi, tajribali parlamentariy esa, soʻzlarining masʼuliyatini yaxshiroq his qilishi lozim ekanligiga aminmiz. Aftidan, deputat uchun bu – oʻz shaxsini butun tarmoqqa qarshi qoʻyish hisobiga auditoriya qamroviga osonroq erishishga qaratilgan oddiy xabar boʻlgan. Shunday boʻlsada, oʻz saylovchilariga boʻlgan oddiy hurmat ham ularga tekshirilgan axborot taqdim etishni nazarda tutadi. Afsuski, bayonotdagi deputat soʻzlarida haqqoniylikdan asar ham yoʻq.

Nafaqat “UzAuto Motors”, balki kompaniya xodimlari ham, hamkorlari ham pandemiyaning birinchi kunlaridan koronavirusga qarshi kurashda faol qatnashib kelmoqda. Toʻgʻri, ehtimol, kompaniya oʻzining xayriya aksiyalarini koʻz-koʻz qilmayotgandir, biroq bu hech bir siyosatchiga tarmoq korxonalarining va ularda ishlayotgan oʻn minglab xodimlarning umumiy kurashga qoʻshayotgan hissalarini kamsitish huquqini bermaydi.

Xayriya ishlaridagi ulushlari haqida gapirish kompaniya odatlariga kirmaydi, ammo Rasul Kusherbayev oʻzining haqoratomuz posti bilan ularni yodga olishga majbur qilmoqda: “Oʻzavtosanoat” AJ va uning tuzilmaviy boʻlinmalari birinchilardan boʻlib “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoatchilik fondiga 1 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ oʻtkazdi. Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida kompaniya respublikaga xorijiy hamkorlaridan 2 milliard soʻmlik tibbiyot jihozlarini keltirish tashabbuskori boʻldi. Yana 2 milliard soʻmga teng mablagʻ tarmoq korxonalari tomonidan Sardoba suv ombori yorilishi va Buxoro viloyatidagi toʻfondan zarar koʻrganlar foydasiga oʻtkazildi.

Bundan tashqari, tarmoq tomonidan hokimiyat idoralariga, karantin muassasalarining qurilishi uchun OʻSV apparatlari va 2 500 ta konteyner begʻaraz taqdim etildi. Qolaversa, epidemiyaning ilk kunlarida, hali maxsus karantin markazlari yaratilmagan paytda, “Oʻzavtosanoat” AJ Hojikentdagi “Lochin” idoraviy sogʻlomlashtirish oromgohini yuzlab insonlarni karantinga joylash uchun taqdim etdi va ularning toʻliq taʼminotini zimmasiga oldi. Mana shular va boshqa koʻplab faktlardan keyin ham, kompaniya vatandoshlar tashvishlariga beeʼtibor, deb daʼvo qilish qanchalik toʻgʻri boʻladi?

Hurmatli OʻzLiDeP fraksiyasining aʼzosi oʻzining “UzAuto Motors” tomon ogʻzaki hamlasiga tasdiq oʻlaroq, juda qiziq misol keltiradi – Fargʻona viloyati hokimligi 20 dona yangi Damas avtomobilini xarid qilganini aytadi. Bu bilan janob Kusherbayev aynan nima demoqchi boʻlgani unchalik tushunarli emas. Agar bu tez yordam ehtiyojlari uchun avtomobillar bepul berilishi kerakligiga shama boʻlsa, unga, har qalay, oʻtgan haftaning oʻzida UzAuto Motors mutlaqo bepul asosda Andijon viloyati hokimligiga olti dona Damas tez yordam avtomobilini taqdim etganligini aniqlashtirish qiyinchilik tugʻdirmagan boʻlardi. Aftidan, bu haqda barcha OAVlarda eʼlon qilinmagani xato boʻlgan koʻrinadi, lekin kompaniya umumiy ofat paytida bunday ishlarni koʻz-koʻz qilishni toʻgʻri deb hisoblamaydi.

Balki, Rasul Xidraliyevich tez yordam ehtiyojlari uchun barcha avtomobillar begʻaraz yetkazib berilishini istar? Ammo, Qonunchilik palatasining hurmatli deputati ilgari surayotgan bu gʻoya munosabati bilan, Oʻzbekiston Respublikasining “Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunining ayrim meʼyorlarini eslatib oʻtishni xohlar edik. Unga koʻra, ustav fondida davlat ulushi 50%dan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi jamiyatlarning homiylikka yillik xarajatlari oʻtgan yilda olingan sof foydaning 10 foizidan oshmasligi kerak.

Shu munosabat bilan, birinchi yarim yillikning oʻzida xayriya maqsadlariga 37 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirgan “UzAuto Motors”, ming xohlamasin, ushbu chegarani bosib oʻta olmaydi.

Endi savol tugʻiladi: mamlakatimizda qonunlarni kim yozadi? “UzAuto Motors” rahbariyatimi yoki, har qalay, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarimi? Barchasi sizning qoʻlingizda, hamkasblaringiz ixtiyorida, qadrli Kusherbayev janoblari.

“UzAuto Motors” oʻz xayriya faoliyatida siz ishlab chiqqan qonunlarga tayansa, siz joriy qilgan cheklovlar doirasida ish koʻrsa, nega endi taʼna aynan siz tomondan yangramoqda?

Kompaniya tez yordam ehtiyojlariga “UzAuto Motors” oʻz mahsulotlarini bepul taqdim etsin uchun, amaldagi qonunga eʼtiroz bildiradimi? – Yoʻq, eʼtirozi yoʻq.

Agar shunday qonun qabul qilinsa, kompaniya uni ijro etishga tayyormi? – Zoʻr mamnuniyat bilan!

Bunday qonun loyihasi parlamentga kiritilganmi? – Har qalay, kompaniya bu haqda eshitmagan.

Rasul Xidraliyevich Kusherbayev shunday gʻoya bilan yoki epidemiologik inqirozni yengish boʻyicha boshqa har qanday tashabbus bilan ommaviy bayonot berdimi? – Aslo yoʻq.”

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech