17 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,3 °C

Xalqaro munosabatlar
20 Aprel  2019 1111
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Samarqand tarixi, ajdodlarimiz merosi Janubiy Koreya Prezidentida katta taassurot qoldirdi

Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Samarqand shahriga keldi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje In rafiqalari bilan Samarqanddagi tarixiy obidalarni ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyini borib ko‘rdi. Amir Temurning suyukli nabirasi bo‘lgan Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.

Mirzo Ulug‘bek haqida koreyaliklar ham ma’lumotga ega ekani, bu yerga kelgan kishi uning zehni, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi kattaligiga yana bir bor ishonch hosil qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari “Afrosiyob” muzeyida bo‘ldi.

Bu muzey Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiladi. Bu yerdagi noyob eksponat va devoriy suratlar butun dunyo sayyohlarini, ayniqsa, koreyaliklarni o‘ziga jalb etib keladi. Chunki, VII asrga oid devoriy suratlardan birida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Koguryo elchisini qabul qilish marosimi ham aks etgan.

Janubiy Koreya Prezidenti ushbu tarixiy suratni hayrat va e’tibor bilan tomosha qilar ekan, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqalishini, bu do‘stlik va hamkorlik bundan keyin ham bardavom bo‘lishini ta’kidladi.

Shu yerda, davlat rahbarlari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Koreya Respublikasining Madaniy meros ma’muriyati o‘rtasida imzolangan madaniy meros sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi o‘zaro almashildi.

Dunyoga mashhur Registon maydoni – ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini namoyon etuvchi yana bir maskan. Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillaqori madrasalarining mahobati, o‘zi xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uyg‘otadi.

Koreya Respublikasi Prezidenti ham Registondagi har bir obida, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalarini hayrat bilan tomosha qildi. Oliy martabali mehmonga madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida so‘zlab berildi.

Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida mehmonlarga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berildi. Sohibqiron bobomiz va temuriylar davlati o‘z davrining eng ulkan va rivojlangan mamlakati bo‘lgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga davlat tashrifi davom etmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech