27 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,4 °C

Xalqaro munosabatlar
26 Aprel  2019 1088
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy parlamenti rahbari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni Pekinda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Li Chjanshu bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumining o‘tkazilishi hamda uning doirasida XXR Raisi Si Szinpin ilgari surgan tashabbuslarning amalga oshirilishi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga, keng mintaqamizda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Kecha Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bilan o‘tgan uchrashuvda mamlakatlarimiz hamkorligining yangi istiqbollari belgilab olingani, ular ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Li Chjanshu mamlakatlarimiz ikki tomonlama munosabatlarda erishgan yuksak darajani katta mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va ko‘plab boshqa sohalardagi aloqalar yanada faollashgani alohida ta’kidlandi. 

O‘zbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida hamkorlik borasida ijobiy tajriba to‘plangan. Parlament delegatsiyalarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazilib, bu boradagi sheriklik izchil rivojlanib bormoqda.
 Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, parlamentlararo muloqot mamlakatlarimiz hamkorligini amaliy mazmun bilan boyitish, yangi dastur va loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi qayd etildi. 

Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi mamlakatlarimiz o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

Li Chjanshu mamlakatimizda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, ularning real natijalari va samaradorligini yuksak baholadi. Uning fikricha, O‘zbekiston Prezidentining siyosati va islohotlari o‘zining miqyosi va maqsadlariga ko‘ra davlatimiz rahbarini Xitoyning buyuk islohotchisi Den Syaopin bilan taqqoslashga to‘liq asos bo‘ladi.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish hamda samarali islohot va yangilanishlarni amalga oshirish borasidagi tajribani chuqur o‘rganish maqsadida qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech