06 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +36,9 °C

Hukumat
14 Iyul  2020 968
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Prezident: Koronavirusga qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishi avvalida bugun mamlakatimizda epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida toʻxtalib oʻtildi.

COVID-19 pandemiyasini jilovlash yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida gapirar ekan, davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

- Xabaringiz bor, mamlakatimizda koronavirusga chalinganlar soni koʻpayib borayotgani munosabati bilan biz karantin talablarini yana kuchaytirishga majbur boʻldik.

Nega deganda, ochiq aytish kerak, hozirgi kunda butun dunyo koronavirus deb nom olgan mana shu tilsiz yov, koʻzga koʻrinmas dushmanga qarshi urush holatida turibdi.

Urushga kirgan har qaysi davlat, har qaysi xalq oʻz yurtini, oʻz aholisini himoya qilish uchun barcha choralarni koʻradi. Eng avvalo, xavf-xatarning yoʻlini berkitadi, temir intizom oʻrnatadi.

Qatʼiy safarbarlik sharoitida yashash va ishlashga oʻtadi. Bugun biz ham ayni shunday holatdamiz.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaziyat muntazam tahlil qilinib, infeksiyani jilovlash yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, fidoyi va jasur shifokorlarimiz oʻz burchini sadoqat va matonat bilan bajarmoqda.

Takror aytaman, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga oʻrganishimiz shart. Chunki hayot davom etmoqda. Hayot bizdan aql-idrok, sabr-toqat, metin intizom bilan harakat qilishni talab etmoqda.

Oʻzimiz koʻryapmiz, dunyoda qaysi davlatda tibbiy madaniyat, tartib-intizom kuchli boʻlsa, oʻsha mamlakat pandemiyadan eng kam talofat bilan chiqmoqda.

Biz ham shu yoʻldan borishimiz shart. Albatta, oʻtgan 4 oy davomida odamlarimiz koʻp narsaga oʻrgandi. Bizda ham maʼlum bir tajriba paydo boʻldi.

Tahlillar koronavirus bilan zararlanishning oldini olish, kasallikni erta aniqlash, simptomsiz va yengil kechayotgan bemorlar bilan olib borilayotgan davolash va nazorat tadbirlarini amalga oshirishda yangi strategiyalarni qoʻllashni talab qilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi bu borada tezlik bilan barcha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

Shu maqsadda, [Bosh vazir oʻrinbosari Behzod] Musayev, [Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher] Shodmonov bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta koʻrib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala – viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari oʻz hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur boʻlsa kuchaytirishi, qayerda zarur boʻlsa yumshatishi lozim.

Barcha ehtiyot choralarini koʻrgan holda, imkoniyat mavjud boʻlgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solishimiz, mehnat unumdorligini oshirishimiz kerak.

Masalan, qishloq joylarda aholi shahardagidek tigʻiz emas. Kasallik tarqamagan hududlarimiz ham koʻp.

Bu yerlarda hozirgi paytda hamma dalada ish bilan band, odamlarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi.

Bunday tumanlarda qishloq mehnatkashlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Chunki yozning bir kuni qishning oʻn kunini boqadi.

Hech kimga sir emas, bu yildan boshlab oziq-ovqat masalasi dunyo miqyosida hal qiluvchi oʻringa chiqadi.

Chunki koronavirusni yengish ham, xalq farovonligini taʼminlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash ham avvalo shunga bogʻliq.

Shuning uchun bizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak.

Fursatdan foydalanib, bugun dalalarda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor fermer va dehqonlarimizga, sohibkor bogʻbonlarimizga, barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirib, ularga kuch-gʻayrat, moʻl hosil tilaymiz.

Shu bilan birga, vaziyatdan kelib chiqib, kerak joylarda karantin talablariga toʻla itoat etishimiz zarur.

Hammamiz oilamiz, farzandlarimiz, muhtaram nuroniylarimizning sogʻligi uchun yana ozgina chidashimiz, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishimiz shart.

Ozgina chidasak, bu kunlar hademay oʻtib ketadi.

“Sabr qilgan murodga yetar”, deydi xalqimiz.

Ishonchim komil, har bir ishni yetti marta oʻylab, chidam va matonat bilan amalga oshirib kelgan el-yurtimiz bugungi sinovlardan munosib oʻtib, oʻzining ezgu maqsadlariga albatta yetadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech