05 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,5 °C

Mamlakatimizda
27 Iyun  2020 385

Oʻzbekiston BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi

Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolanganiga roppa-rosa 75 yil toʻldi. Xalqaro huquq vositasi hisoblanuvchi mazkur hujjat 1945-yil 26-iyunda San-Fransisko shahrida 50 ta davlat, jumladan, sobiq SSSR, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH, Ukraina va Fransiya tomonidan imzolangan.

1945-yil 24-oktyabrda kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Ushbu sana BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi BMT Bosh kotibi chaqirigʻiga javoban, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganiga 75 yil toʻlishi munosabati bilan “BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh” mavzuidagi turkum global munozaralarni uyushtirmoqda.

Global munozaralarning dastlabkisi “Oʻzbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi hamkorlik” deb nomlandi. Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

26-iyun kuni videokonferensiya aloqasi shaklida oʻtkazilgan ushbu xalqaro forum ishida:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov;

BMT Bosh kotibining oʻrinbosari va Tashkilot tashkil topgan kunning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Maxsus maslahatchisi Fabritsio Xoxshild;

BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, BMTning Jenevadagi Boʻlimi Bosh direktori Tatyana Valovaya;

BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German;

BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, elchilar, shuningdek Oʻzbekiston Hukumati aʼzolari, vazirlar, parlament aʼzolari, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud rahbarlari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanning rasmiy ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Forum ishtirokchilariga tabrigini Oʻzbekiston parlamenti Senatining Raisi T.Norboyeva oʻqib eshittirdi.

Davlatimiz rahbari tabrigida taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda oʻz zimmamizga olgan majburiyatlarimizni ogʻishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yoʻnalishlaridan biridir”.

Anjuman ishtirokchilari eʼtiboriga BMT Bosh kotibi Antonio Gutterishning video-murojaati namoyish etildi.

BMT Bosh kotibining oʻrinbosari va Tashkilot tashkil topgan kunning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Maxsus maslahatchisi F.Xoxshild hamda BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, BMTning Jenevadagi Boʻlimi Bosh direktori T.Valovaya anjuman ishtirokchilarini qutladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari,Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taʼkidlaganidek, ushbu xalqaro forum BMT Nizomi imzolangan tarixiy kunda oʻtayotganida, uning ishida BMT va ushbu nufuzli Tashkilotning butun dunyodagi tuzilmalaridan oliy darajadagi vakillar ishtirok etayotganida hamda mazkur anjuman yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida taʼkidlashga xizmat qilishida oʻziga xos ramziy maʼno bor.

Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom maʼnoda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning oʻz sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga bironta mamlakatning yolgʻiz oʻzi yechim topishi mumkin emas.

Bundan 28 yil oldin yangi demokratik davlat – Oʻzbekiston Respublikasi – Tashkilotning teng huquqli aʼzosiga aylandi. Shundan buyon biz oʻz masalalarimizni hal etishda har doim BMTning koʻmagiga tayanib kelmoqdamiz.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, “Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat soʻzlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim”.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi”.

Maʼlumki, bundan besh yil avval BMTga aʼzo-davlatlar 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgandi. Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha oʻzining birinchi Ixtiyoriy milliy sharhini keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.

Xalqaro forum munozaralari doirasida bugungi kunda BMT oldida turgan dolzarb daʼvatlar va Oʻzbekistonning xalqaro maydonda ortib borayotgan roli atroflicha muhokama qilindi.

Onlayn-muloqot ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan gʻoya va takliflar 2020-yil sentyabrida davlatlar boshliqlari va BMT rahbariyati muhokamasi uchun taqdim etilishi kutilmoqda.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech