05 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,9 °C

Hukumat
29 May  2020 475
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Prezident: zamonaviy shifoxonalar qurish qiyin, ulardan unumli foydalanish esa undan ham mushkul

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan koʻp tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi bilan tanishdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyoga tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tugʻdirmoqda. Mamlakatimizda oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar, xalqimizning chuqur tushunishi va sabr-toqati bilan bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti. Qisqa fursatlarda davolash-profilaktika muassasalari va karantin zonalari qurilgani bunda muhim omil boʻldi.

Zangiota tumanidagi maxsus shifoxona loyihasining umumiy qiymati 504 milliard soʻm boʻlib, 33 gektarda 2 ta kompleks qurilmoqda. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan.

Xususan, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga oʻtmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat koʻrsatish ham alohida. Kasallar kelgach, qabul boʻlimidan tambur orqali toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz palatasiga joylashtiriladi.

Barcha korpuslar, boʻlinmalar toza va notoza yoʻlaklar bilan ajratilgan. Toza yoʻlakdan faqat tibbiy personal oʻz vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chogʻida sanitar oʻtkazgichlar orqali oʻtadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq boʻlganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini taʼminlash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari kasalxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan suhbatda undan oqilona foydalanish, tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish muhimligini taʼkidladi.

- Bunday zamonaviy shifoxonani qurish sermashaqqat, undan samarali foydalanish esa undan ham qiyin. Shuning uchun bu yerga vrach emas, tashkilotchi odam rahbar boʻlishi kerak. Xodimlarning maoshi bonus tizimida boʻlishi zarur. Natija yaxshi boʻlsa, yaxshi daromad olishsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muassasa 2 ming oʻringa moʻljallangan. Lekin 4 ming oʻringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor.

Davlatimiz rahbari qabul boʻlimi, karantin zonasi, laboratoriya va muolaja xonalari, sanitar-yuvinish joylarini sinchiklab koʻzdan kechirdi.

Videoaloqa orqali Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi shifokorlar bilan muloqot boʻldi. Telemeditsina boʻyicha kompleks tizim yaratish, tumanlardan viloyat kasalxonalariga, undan respublika markazlariga bogʻlanish imkoniyatini yoʻlga qoʻyish, shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini bu boʻyicha oʻqitib, tajriba almashuvni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

72 oʻrinli reanimatsiya boʻlimida har bir koyka sunʼiy oʻpka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu boʻlimni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yoʻnalishlar boʻyicha jihozlash ham mumkin.

Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan soʻriladi. Natijada doimiy sterillik taʼminlanadi.

Prezidentimiz mazkur muassasada ish boshlaydigan tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

- Mana shunday yangi shifo maskanlari qurib, xususiy tibbiyotni ham rivojlantirib, raqobatli meditsina yaratyapmiz. Endi shunga munosib zamonaviy vrach va hamshiralar kerak. Oʻz ustingizda tinimsiz ishlab, jahondagi yutuqlarni oʻrganib, xalqimizga xizmat qilishingiz lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya boʻyicha eng ilgʻor apparatlar oʻrnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda oʻrtacha 40 kishiga tashxis qoʻysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Koʻrpa-toʻshak va matolar yuvilib, boshqa buyumlar bugʻ yordamida dezinfeksiya qilinadi.

Shu yerda viloyat va respublika tibbiyot muassasalari qamrovi hamda hamkorligi haqida taqdimot oʻtkazildi.

- Koʻp shifoxonalar, diagnostika markazlari tarqoq joylashgan. Tashxis qoʻyish va davolash sifati talabga javob bermaydi. Mablagʻ esa sarflanib yotibdi. Davlatning bir soʻmi ham xalqimizga nima manfaat beryapti, degan savol har bir ishda mezon boʻlishi kerak, - dedi Prezident.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech