28 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10 °C

Xalqaro hamkorlik
28 Noyabr  2019 1670
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Turkmaniston Prezidentiga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Faxriy akademigi unvoni berildi

Bugun Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Faxriy akademigi unvonini berishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimiz Fanlar akademiyasi ushbu qarorni Turkmaniston Prezidenti xalqaro ilmiy doiralarda keng tanilgan va eʼtirof etilgan olim, zamonaviy tibbiyot, farmakologiya, iqtisodiyot, arxitektura va fanning boshqa sohalarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoning boy tabiatini oʻrganishga bagʻishlangan qator ilmiy qomusiy asarlar muallifi ekanligini inobatga olgan holda qabul qildi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soʻzga chiqib, ushbu qaror Turkmaniston Prezidentining ilm-fan sohalarini rivojlantirish, qardosh oʻzbek va turkman xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlariga ulkan hurmat ifodasi ekanini taʼkidladi.

Turkmaniston Prezidentining ajdodlar maʼnaviy merosi va fundamental ilmiy izlanishlarga asoslangan koʻp sonli ilmiy asarlari bugungi fan, madaniyat va sanʼat rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

Davlatimiz rahbari oxirgi yillar koʻp asrlik aloqalar tarixida alohida ahamiyatga ega boʻlgani va bugungi kunda Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida tobora rivojlanayotganini qayd etdi. Bu oʻzaro savdo hajmining ancha oshgani, sanoat kooperatsiyasi va hududlararo hamkorlik kuchayib borayotgani, madaniy-gumanitar aloqalar faollashganida namoyon boʻlmoqda.

Toshkent shahrida koʻrkam “Ashxobod” bogʻining ochilgani, poytaxtimizning markaziy koʻchalaridan biriga turkman xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Mahtumquli Firogʻiy nomi berilgani, Xorazmda “Ulli Hovli” Oʻzbekiston-Turkmaniston turizm majmuasi tashkil etilgani xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganiga yorqin misoldir.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov, oʻz navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, bu Turkmanistonga hurmat-ehtirom ifodasi, mamlakatning fan va taʼlim sohalaridagi yutuqlari eʼtirofi, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik mustahkamligidan dalolat ekanini taʼkidladi.

Turkmaniston rahbari koʻp asrlik tarixiy-madaniy aloqalar bogʻlab turgan mamlakatlarimizning yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan hamkorligi oʻzaro manfaatlarga ham, butun mintaqa farovonligi yoʻlidagi maqsadlarga ham mos ekanini qayd etdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlash, unga yangi surʼat bagʻishlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi. Oʻzbekiston rahbari bilan muntazam va samarali uchrashuvlar doimo doʻstona va ishonch ruhida oʻtayotgani va aniq kelishuvlarga erishishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Bularning barchasi Oʻzbekiston va Turkmaniston konstruktiv davlatlararo siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida qatʼiy ekanini tasdiqlaydi.

Tadbirda ilm-fan va madaniyat namoyandalari, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari soʻzga chiqib, Turkmaniston Prezidentini yuksak unvon bilan tabrikladi.

Marosimda ikki mamlakatning rasmiy delegatsiyalari aʼzolari, akademik doiralari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech