19 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,1 °C

Xalqaro munosabatlar
5 Oktyabr  2019 622

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

 

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni tugʻilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyat tiladi.
 
Tojikiston rahbari mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishga qoʻshgan ulkan shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.
 
Siyosiy iroda va qabul qilingan amaliy qadamlar tufayli Oʻzbekiston-Tojikiston koʻp qirrali munosabatlari misli koʻrilmagan yuksak darajaga - strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.
 
Oʻtgan yilgi oliy darajadagi oʻzaro tashriflar natijasida muhim kelishuvlarga erishildi va ikki tomonlama hamkorlikning eng oʻtkir masalalari boʻyicha oʻzaro maqbul yechimlar topildi.
 
Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo hajmi ikki barobar ortdi, havo, avtomobil, temir yoʻl transporti qatnovi salmoqli darajada kengaydi. Chegaradosh hududlar oʻrtasida yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Madaniy-gumanitar almashinuv faollashdi.
 
Davlat rahbarlari hamkorlikning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
 
Prezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va har tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech