25 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,6 °C

Mamlakatimizda
5 Aprel  2020 1002

«Propiska» o‘rniga «ro‘yxatdan o‘tiladi»

Propiska tizimini isloh qilishga doir O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan propiska tizimini isloh qilishga doir O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. 

Loyihalarni tayyorlashda fuqarolarning fikr-mulohazalari va ilg‘or xorijiy tajriba chuqur o‘rganilib, inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan qoidalar va kafolatlarni belgilashga asosiy e’tibor qaratildi. 

Jumladan, ko‘pchilik fuqarolarning e'tirozlariga sabab bo‘layotgan «propiska» tushunchasi o‘rniga xalqaro tajribaga asoslangan holda «ro‘yxatdan o‘tkazish» tushunchasi kiritilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish hamda yangi qurilgan uylarning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini to‘lash haqidagi talablar bekor qilinmoqda.

Muhokamadan fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha cheklovlar olib tashlanishi masalalari chuqur o‘rin olgan.

Misol uchun, endi doimiy va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish fuqaroning xohishiga ko‘ra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.

Doimiy ro‘yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va mazkur jarayonlarni raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur loyihalarning mazmuni taklif va mulohazalar bildirish hamda shu asosda ularni yanada takomillashtirish uchun sizlarning e'tiboringizga havola etilmoqda.

Muhokama joriy yil 11-apreliga qadar davom etadi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati. Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar sxemasi ham keltiriladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech