17 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,4 °C

Mamlakatimizda
17 Iyul  2019 381

Qabul - muloqot tizimi va muammolar yechimi

Bu jarayon bugun oddiy hayotiy haqiqatga aylanmoqda. Hududlarni kompleks ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bosh maqsad qilib qo‘yilganda, uning tashkiliy o‘zagi sifatida sektorlar tizimi vujudga keldi. O‘zgarishlarning yangi silsilasi mana, ikki yildirki, afzal jihatlarini namoyon qilmoqda. Viloyat, tuman (shahar) miqyosida to‘rtta sektorga bo‘lingan hududlarga hokim, prokuror, ichki ishlar hamda davlat soliq tizimi rahbarlari mutasaddi etib qo‘yilishi xalq bilan muloqotning o‘ziga xos bosqichini belgilab berdi.

Muammolarning tez va sifatli hal etilishi yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Shu o‘rinda raqamlarga murojaat qilaylik. Viloyatimizda 2019-yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyat, tuman, shahar darajasidagi sektorlar rahbarlari tomonidan aholi bilan 685 ta ommaviy qabul, ya’ni ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ularda salkam 44 ming nafar fuqaro ishtirok etganining o‘zi, ta’bir joiz bo‘lsa, qariyb 50 mingga yaqin, balki undan ham ko‘proq muammolar tilga olingani, yechimini topganini bildiradi. Aniqroq aytsak, viloyat sektor rahbarlari tomonidan 43 ta muloqot jarayonida 6 ming 785 ta masala ko‘rib chiqilgan. Ularning 58 foizi qabul joyining o‘zida qanoatlantirildi. Muloqot jarayoniga taklif etilgan turli soha mutasaddilari ishtirokida masalalarga yechim topilayotganligi ana shunday ko‘rsatkichni ta’minlayapti. Endi o‘sha 58 foizdan tashqari turgan murojaatlar masalasiga aniqlik kiritamiz. Ularning 26 foizi asoslantirilgan holda tushuntirishlar berilganligini, ya’ni fuqaro muammosi yechimini qanday hal etishi lozimligini anglab yetganini bildiradi. Qolganlariga muddatlar belgilanib, ijrosi nazoratga olingan.

Mana, qabul-muloqot tizimining tashkiliy jihatlari ham xalqni rozi qilish tamoyiliga mos kelishini isbotlayapti. Ko‘tarilayotgan muammolar ko‘lami keng. Aholi tomonidan muhokamaga qo‘yilayotgan birgina ichimlik suvi ta’minoti masalasini olib ko‘raylik. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbari Sh. Abdurahmonovga 7 ta tumandan tushgan shunday muammoga daxldor murojaatlar asosida 64 kilometr suv tarmog‘i qurildi, 12 dona suv qudug‘i va 29 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilindi. Bunga 9 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Viloyat prokurori - 2-sektor rahbari Fozilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i - 3-sektor rahbari Sh. Sobirovlarga Shahrixon tumanining Cho‘ja mahallasida yashovchi Abdumalik Rahmatullaev, Soxiobod MFY vakili Xudoyberdi Maqsudov, Asaka tumanining Otish mahallasida istiqomat qiluvchi Ziyoiddin Xolmirzayev, Olaqanot mahallasidan Iminjon Tursunov, Zavkan mahallasidan Zuhriddin Ahmedovlarning hududlarga toza ichimlik suvi chiqarib berilishi yuzasidan qilgan murojaatlari ijobiy yechim topdi.

Keyingi ikki yil mobaynida aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida xayrli harakatlar amalga oshirildi. «Chiroq o‘chib qoldi, qachon yonar ekan?» degan xavotirdan deyarli qutuldik. Biroq chekka hududlarda, markazlardagi ayrim mahallalarda shu tarmoqda ishlatiladigan jihozlarning eskirgani yuzasidan shikoyatlar tushmoqda. Viloyat IIB boshlig‘i - 3-sektor rahbarining qabuliga Shahrixon tumanining Sherqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Alimardon Ahmadaliyev kelib, mahallaga yangi transformator zarurligini aytdi. Murojaat o‘rganilgach, 20 million so‘m mablag‘ evaziga katta quvvatga ega yangi jihoz, qo‘shimcha ravishda 23 dona beton tayanch o‘rnatilib, 1 km masofaga tarmoq tortildi.

Andijon shahrining Cho‘lpon 100 yilligi mahallasida istiqomat qiluvchi Murodjon Yo‘ldoshevning viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i - 4-sektor rahbari Z. Yuldoshevga murojaati asosida 50 ta yaroqsiz simyog‘ochlar almashtirilib, mahallaga yangi transformator o‘rnatib berildi.

Ochiq muloqotlar davomida tadbirkorlarning intilishlari hamda ishbilarmonlik harakatiga qo‘shilishni xohlayotgan fuqarolar sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Aslini olganda mana shunday murojaatlar xalq kayfiyatida, binobarin, hayot tarzida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ham namoyon qiladi. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbarining Izboskan tumanida o‘tkazilgan sayyor qabuliga Andijon shahrining Forobiy ko‘chasida yashovchi Muhabbatxon Muxtorova keldi. Shu tumanda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi ekan. Murojaat o‘rganilgach, xotin-qizlar jamaot fondi tomonidan 400 million so‘m kredit ajratiladigan bo‘ldi. Viloyat prokurori - 2-sektor rahbariga Marhamat tumanining Uzumzor mahallasida istiqomat qiluvchi Umidjon G‘iyosov ham ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun madad so‘rab murojaat qildi. «Milliybank» ATB tuman bo‘limi 100 million so‘m kredit mablag‘i ajratdi.

Jalaquduq tumanining Oyim shaharchasida umrguzaronlik qilayotgan bir guruh mehnat faxriylari ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning hududiy bo‘linmasi binosini qayta qurish zarurligini bayon qildilar. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbari moliya, sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari ishtirokida masalani joyida o‘rgandi. «Milanobiznes servis» MChJ tomonidan ishlar boshlandi, buning uchun mahalliy byudjetdan 4,5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Shu sektor rahbariga Shahrixon tumanining Karnaychi mahallasida yashovchi fuqaro Furqat Madrahimov tomonidan 8-maktab binosi muammolari ko‘tarildi. 1989-yilda qurilishi boshlanib, tugallanmay qolgan ta’lim muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 5 milliard so‘m ajratildi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i - 4-sektor rahbariga Oltinko‘l tumanidagi Xo‘ja mahallasida yashovchi Muxtasarxon Nishonova mahallasining yo‘li nosoz ekanidan shikoyat qildi. Shundan so‘ng 1 km. 600 metr ko‘cha to‘liq ta'mirlandi.

Bu misollar aholi qatlamining ijtimoiy ongi yuksalib borayotganidan, mayda yoki shaxsiy manfaatlarni ifodalovchi arzlar bilangina emas, ko‘pchilik uchun foydali jihatlarni ko‘zlaydigan murojaatlar ko‘payayotganidan dalolat beradi.

Viloyat hokimi - 1-sektor rahbariga Oyim shaharchasida o‘tkazilgan sayyor qabul kuni kam ta’minlangan oilalar vakillaridan 15 kishi murojaat qildi hamda ularga 50 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi. Izboskan tumanida esa fuqaro Obidjon Mamatojiyev uy-joy masalasida qiyinchilik tug‘ilganini bayon etdi. Albatta, uning murojaati yuzasidan «Qishloq qurilish invest» MChJ aniq amaliy chora-tadbirlar ko‘radigan bo‘ldi. Ijtimoiy himoya tamoyili muloqotlarning o‘zagini tashkil etayotgani, sayyor qabullarda, avvalo, mana shu yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Tuman, shaharlar kesimidagi sektorlar rahbari tomonidan o‘tkazilgan 642 ta ommaviy qabul davomida 35 ming nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etgani, aksariyat murojaatlar joyida qanoatlantirilgani xususida ham alohida so‘z yuritish mumkin. Bundan tashqari, qabul-muloqotlarda viloyatimizga tashrif buyurgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va respublika miqyosidagi idoralar rahbarlari tomonidan aholining dardu tashvishlari izchil o‘rganilayotganini ta’kidlash joiz. Ana shunday 20 ta qabul chog‘ida qariyb 1 ming 900 ta murojaat ko‘rib chiqilgan.

Davlatimiz rahbarining «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash - odamiylikning eng oliy mezonidir», degan so‘zlari xalq bilan muloqotlar chog‘ida birinchi darajali tamoyil bo‘lmoqda, deb aytishga to‘la haqlimiz. Odamlar bugunidan rozi bo‘lsin, ertangi kuniga yorug‘ yuz bilan borsin - shunday oliyjanob niyatni ko‘ngliga tukkan har bir kishi, xoh u oddiy fuqaro, xoh u rahbar bo‘lsin, hayot darajamizning o‘zgarishiga munosib hissa qo‘shmog‘i lozim.

Mamazoir XO‘JAMBERDIYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Andijon viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech