21 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,5 °C

Ijtimoiy hayot
17 Yanvar  2020 2275

Qashqadaryoda xorijiy ish beruvchilar mehnat yarmarkasi o‘tkazildi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Shahrisabz shaharlarida fuqarolarni xorijga qonuniy ishga yo‘naltirish bo‘yicha mehnat yarmarkalari bo‘lib o‘tdi.

15-yanvar kuni Qarshi shahrida boshlangan mehnat yarmarkasida Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridan kelgan 500 ga yaqin xorijda ishlash istagidagi fuqarolar xorijiy ish beruvchilarning bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklarining fuqarolarni xorijga qonuniy ishga yo‘naltirish bo‘yicha takliflari bilan tanishdilar.

Tadbir doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari D.Matrasulov ishtirokchilar bilan uchrashib, ayrim xususiy bandlik agentliklaridan jabrlangan fuqarolarning muammolarini hal etish, xorijda ishlash istagidagilarni qiziqtirayotgan huquqiy-tashkiliy va moliyaviy masalalar, xorijda ishlash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan muloqot o‘tkazdi.

Ularga qonuniy, tartibli, manzilli va xavfsiz mehnat migratsiyasini tashkil etish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasining ta'minlanishi va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdim etilayotgan imkoniyat va imtiyozlar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Yarmarka doirasida «Human» xususiy bandlik agentligidan jabrlangan 5 nafar fuqaroga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida «Migration Consulting Agency» xususiy bandlik agentligi orqali Bolgariyada ishlash uchun ish vizasi bor pasport va chiptalar tantanali taqdim etildi.

16-yanvar kuni 300 dan ortiq fuqarolar ishtirok etgan Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tgan mehnat yarmarkasida «Pervaya Uralskaya Stroitelnaya Kompaniya» MChJ, «BTK grupp» AJ, «FOReST»  MChJ, «Grigoryan» kompaniyasi kabi xorijiy ish beruvchilarning mavjud ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlari hamda xususiy bandlik agentliklarining xorijga ishga yo‘naltirish bo‘yicha takliflari tashrif buyuruvchilarga taqdim etildi. 

Tadbir davomida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyatining aholi bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

Birinchi marta tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalarida Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Turkiya, BAA, Hindiston, Ukraina, Bolgariya, Litva, Latviya, Yaponiya va Vengriya kabi davlatlardan 70 da ortiq ish beruvchilarning qurilish, uy xo‘jaligi, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari, mebel ishlab chiqarish, baliqchilik, parrandachilik, mehmonxona biznesi, tibbiyot hamda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishning boshqa yo‘nalishlarida 10 minga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Xorijiy ish beruvchilar tomonidan turli ish dastgohlarida ishtirokchilarning malakasi tekshirilib, ularga taklif etilyotgan ish talablari va sharoitlari, ish haqi haqida zarur ma’lumotlar berildi.

Xorijda ishlash istagidagi ko‘plab fuqarolar va xorijiy ish beruvchilar o‘rtasida dastlabki kelishuvlarga ham erishildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech