27 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,9 °C

Turizm
11 Aprel  2020 1546

Qo‘l qovushtirib o‘tirilmaydi

O‘zbekistonda «Onlayn turizm» va «masofaviy sport» rivojlantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov turizm va sport sohalarini koronavirus bilan bog‘liq sokinlik davrida rivojlantirishda qanday yangicha yondashuvlar qo‘llanilishi, qanday yangi loyihalar rejalashtirilayotgani kabi savollarga javob beradi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi: 

- Mamlakatimizda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab turizm va sport yo‘nalishidagi tadbirlar kechiktirilgan, aviaqatnovlar bekor qilingan bir davrda bu ikki sohani rivojlantirish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Bu davrda qo‘l qovushtirib o‘tirish kerak emas, aksincha, ushbu sokinlik davridan unumli foydalanib, sohalarni rivojlantirishda yangidan-yangi usullar va jihozlarni qo‘llash lozim. Masalan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bugungi kunda «onlayn turizm»ni rivojlantirish, tadbirkorlar va startaperlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ishlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida allaqachon «masofaviy sport»ni faol rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston xodimlar va mutaxassislar malakasini oshirishga doir bepul onlayn kurslar va vebinarlar tashkil qilinmoqda. Qator turistik biznes vakillari turli xayriya ishlarini amalga oshirishmoqda. Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xorijda milliy mahsulotni targ‘ib qilishga oid strategiyani ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, karantin davri tugagach, yevropa va MDH mamlakatlarida «Road-show»lar tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

- Shu o‘rinda onlayn turizmni rivojlantirishga alohida to‘xtalib o‘tsangiz, bu yo‘nalishda aynan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

-Ayni damda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning huzuridagi Milliy PR markazi O‘zbekistonda turizm bo‘yicha virtual sayohatlarni amalga oshirish imkonini beruvchi online-tourism.uz saytini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. Bu O‘zbekiston bo‘ylab virtual sayohat qilish imkonini taqdim etuvchi birinchi platforma bo‘ladi.  Bu sayyohlarga uydan chiqmay turib, o‘z sayohatlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

- Online-tourism.uz sayti aynan qaysi yo‘nalishlarni qamrab oladi?

- Uushbu sayt asosan uch yo‘nalishni qamrab oladi:

Sayyohlar uchun. U O‘zbekiston bo‘ylab virtual turlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bugungi kunda virtual turlarni yo‘lga qo‘yish uchun muzeylar va boshqa turistik ob’ektlar bilan hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Shu bilan birga, kafe va restoranlar hamda boshqa turistik ob’ektlar egalarini virtual sayohatni yo‘lga qo‘yish uchun zarur choralar ko‘rishga chorlab qolamiz, zero bu sayyohlarga hozirning o‘zidanoq o‘ziga ma’qul keluvchi, didiga mos keluvchi joylarni tanlash imkonini beradi. Turistik biznes vakillariga bu borada yordam kerak bo‘lgan taqdirda, online-tourism.uz orqali zarur maslahat va tavsiyalar beriladi.

Turistik soha vakillari uchun. Bu mehmonxonalar egalari va menejerlari, turoperatorlar, mehmon uylari, gidlar va boshqalar bilan hamkorlik kuchaytirilib, sohani yanada rivojlantirishga oid ishlar amalga oshiriladi. Platforma yordamida dunyodagi so‘nggi trendlar, yangiliklar bo‘yicha vebinarlar, onlayn mushohadalar yo‘lga qo‘yiladi, onlayn qo‘llanmalar taqdim etiladi. Inqiroz va undan keyingi davrda ularning bandligi ta'minlanadi.

Turizmga oid yangi loyihalarni amalga oshirishni istagan startaperlar uchun. Bu yerda turizmni rivojlantirishga oid yangi loyihalar, startaperlar haqidagi ma’lumotlar jamlanadi, onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yiladi va hokazolar. Kreativ g‘oyalarga ega kishilarga loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

- Bugungi karantin bilan bog‘liq davrda turistik biznes vakillari ham murakkab davrni boshdan kechirishmoqda. Davlat tomonidan ularga qanday ko‘mak berilmoqda?

- Davlat rahbarining 2020-yil 19-martdagi va 3-apreldagi tegishli farmonlariga muvofiq, tadbirkorklik sub'ektlariga, shu jumladan turizm sohasi sub’ektlariga pandemiya davrida qator imtiyozlar taqdim etildi. Turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari 31-dekabrga qadar yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘lovidan ozod etildi, ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada (1%) to‘laydi; joylashtirish vositalari, restoranlar va boshqa mol-mulki mavjud sub’ektlar uchun mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalar hisoblanishini to‘xtatib turildi, soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilmaydi; turizm sohasiga bog‘liq yakka tartibdagi tadbirkorlar (oilaviy mehmon uylari, gid-ekskursovodlar, hunarmandlar) uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 30 foizga kamaytirildi, shuningdek, karantin davrida faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lganlar uchun daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasi va ijtimoiy soliq uchun to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatildi. Bunda tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatganligi haqida soliq organlarini uydan turib onlayn tarzda xabardor qilishlari mumkin; kredit to‘lovlari (mehmonxona, turoperator transport-logistika korxonalari) bo‘yicha qarzdorlik kechiktirildi. Bundan tashqari, eksport-import operatsiyalari bo‘yicha yengililiklar (umumiy eksportning 10% dan oshmagan debitor qarzdorligi bo‘lgan taqdirda, kafolatlangan to‘lovsiz eksportni amalga oshirish, tashqi savdo operatsiyalari debitor qarzdorligini so‘ndirish evaziga texnologik asbob-uskunalar va xom ashyo tovarlarini bir martalik importni amalga oshirish) taqdim etildi; tashqi savdo operatsiyalari (xorijiy hamkorlarga sotilgan turistik xizmatlar bo‘yicha) bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatiladi; soliq auditlari bekor qilindi. Asosiy maqsad — ish o‘rinlarini saqlab qolish va aholi turmush farovonligini oshirish.

- Pandemiya davri tugaganidan so‘ng qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda?

- O‘zbekistonda koronavius bilan bog‘liq karantin davri tugaganidan keyin turizm sohasidagi startap loyihalar, jumladan innovatsion biznes g‘oyalar, ayniqsa yoshlar va ularning sayyohlarga qulaylik yaratishga yo‘naltirilgan dasturlarini subsidiyalashtirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, «O‘z diyoringni o‘zing kashf et» loyihasi doirasida mahalliy aholini audio, foto va video material to‘plash jarayoniga jalb etib, shu asosda «Turizm qishlog‘i», «Turizm mahallasi», «Turizm ovuli» maqomiga ega aholi punktlari reestrini kengaytirish ko‘zlanyapti. Shuningdek, «Sayohatingni rejalashtir» aksiyasi o‘tkaziladi. «Turizm uchun yangi biznes g‘oyalar» onlayn tanlovi, ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy sayyohlar orasida «O‘zbekistondan olgan taassurotlarim» va mahalliy sayyohlar orasida «Mening sayohatim» aksiyalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ekskursiyachi, gidlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda «O‘lkashunoslik», «Yosh turist» kabi yo‘nalishda ko‘rsatuvlar tayyorlanadi. Bundan tashqari, pandemiyaning salbiy ta’sirini yumshatishga yo‘naltirilgan yangi imtiyozlar taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

- Siz Bosh vazir o‘rinbosari sifatida O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga ham mas’ulsiz, bu sohani rivojlantirishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda va «masofaviy sport» haqida kengroq ma’lumot bersangiz?

- Mamlakatimizning tajribali sport ustalari va murabbiylari ishtirokida turli videoroliklar ishlab chiqilmoqda. Ularning karantin davrida jismoniy faollikni saqlab qolish, sport bilan bog‘liq faoliyatni boshlashga doir maslahat va tavsiyalari berilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda turli qiziqarli chellenjlar va bellashuvlar o‘tkazilmoqda. Masalan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 6-26-aprel kunlari #UydaQol! #HayotgaQo‘shil! chellenjini yo‘lga qo‘ydi. Unda qatnashish uchun karantin davrida uyda oila a'zolaringiz bilan birga badantarbiya va sport mashg‘ulotlarini bajarish, so‘ngra uni videoga olgan holda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joylash hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining rasmiy sahifalari bilan ulashish talab etiladi. Har 4 kunda 3 kunlik g‘oliblar aniqlanib, vazirlik tomonidan taqdirlab boriladi.

- Ayni damda karantinda bo‘lgan yurtdoshlarimizga qanday tavsiyalar berasiz?

- Hozir ko‘pchilik uyda vaqti jismoniy faollikni saqlab qolish juda muhim. Bu yo‘lda esa sog‘lom hayot tarziga rioya qilishga alohida e'tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lardim. Yurtdoshlarimizga ko‘proq jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni tavsiya qilaman. Har bir inson o‘ziga to‘g‘ri keluvchi sport ilovalari va dasturlarini internetdan yuklab olib, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi mumkin. Deylik, kimdir muayyan bir masofaga yugurishni maqsad qildi, yana kimdir ma'lum bir kilogrammga vazn tashlash, boshqa birov sog‘lom ovqatlanishga o‘tishga qaror qildi. Ular bu maqsadlariga uy sharoitida ham erishishlari mumkin. Uyda qoling va bu davrdan o‘zingiz uchun samarali foydalanishga harakat qiling, shaxs sifatida rivojlaning va buning uchun o‘zingizning ustingizda ishlang, gigiena qoidalariga qat'iy rioya qiling, ko‘proq kitob va boshqa qo‘llanmalarni mutolaa qiling.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech