19 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,9 °C

Bo‘sh vaqtda
21 Aprel  2019 1717

Qotil izidan

(Yaroslav GASHEK)

Qotillik izlarini topishga yordam bergani uchun mukofot berilishi haqidagi e’lon matbuotda chiqqanidan so‘ng, politsiya boshqarmasida to‘s-to‘polon boshlandi. Va’da qilingan ming kronni qo‘lga kiritishni istagan yuzlab kishilar kecha-yu kunduz politsiya boshqarmasiga bostirib kelardi.

Biroq politsay-prezidium barcha ko‘rsatmalarni diqqat bilan qog‘ozga tushirib, ko‘rib chiqish uchun o‘ziga taqdim etishga qat’iy buyruq berdi. Yig‘ilgan materiallarga asoslangan prezidium deduktiv usul yordamida qotilning tashqi ko‘rinishidagi alohida belgilarni aniqlaydi, so‘ngra barcha ma’lumotlar kerakli tarzda taqqoslanib, iz topiladi va chigal masala yechiladi. Bu politsiyaning rasmiy xabarida ham aynan shunday, shoirona tarzda yozilgandi.

Ko‘ngilli izquvarlarni hatto, politsiyaning ulkan binosi ham sig‘dira olmadi, rahbariyat esa qo‘shimcha binoni ijaraga olish haqida bosh qotira boshladi. Barcha ko‘rsatmalar ikir-chikirigacha diqqat bilan yozib olinar, kechqurun politsiya boshlig‘i mayda qilib yozilgan kattagina taxlam qog‘ozlarni olardi. Politsay-prezidiumning esa ana shu ma’lumotlardan o‘zining ziyrakona xulosasini chiqarishi, jinoyat izini topishi, chigal masalani yechishi (shu ajoyib iborani takrorladik) va yovuz jinoyatchini tutish chorasini ishlab chiqishi lozim edi.

Komissar Reyxel politsiya boshlig‘iga muhim ko‘rsatmalar va xatlarni o‘qib berishga kirishdi. Buni oson vazifa, deb bo‘lmasdi, negaki, ularning ayrimlari chuqur o‘ylab olishni talab qilsa, ba’zilari, soddagina qilib aytganda, tushunarsiz edi.

— Xususiy xizmatkor Karl Vignalekning xabar berishicha, — o‘qidi politsiya komissari, — xuddi shunaqa och jigarrang tor shim kiygan notanish kishini qotillikdan uch kun burun undan sigaretasini yondirib olganda ko‘rgan. U bundan qo‘yidagicha xulosa chiqaradi: qotil jamiyatning razil kishilaridan biri va aftidan, o‘ldirilgan kampir bilan tanish bo‘lgan va undan shimni qarzga olib turgan. Ammo uni qaytarayotganida mojaro chiqqan va bu kampirning o‘limi bilan yakun topgan.

Vatslav Xoxlatiy quyidagi maktubni yo‘llabdi:

«Hurmatli politsiya boshliqlari! O‘ldirilgan kampirni frontdosh bir eski do‘stim tanirdi. Biz 11-polkda birga xizmat qilganmiz. Polkimizni Rovitsaga tashlashgani kechagidek yodimda. Chor-atrof tog‘laru qoyalar. O‘sha tog‘larda chorva, asosan, sigirlar, boqilar ekan, janob boshliq. O‘ldirilgan kampirni taniydigan do‘stim uch yildan beri serjant edi. Qip-qizil kallakesar edi o‘ziyam, bunaqasini uchratish qiyin. Bittagina arzimagan gapi uchun istalgan kishini o‘ylab-netib o‘tirmay asfalasofilinga jo‘natib yuborishi mumkin edi. Agarda u o‘ldirilgan kampir bilan tortishib qolganida, uni so‘zsiz, tinchitgan bo‘lardi. Chunki hamisha ayollarni yomon ko‘rishini aytardi. Ammo aytishim kerakki, u ikki yil oldin bandalikni bajo keltirdi. Ko‘chada mushtlashib... borsaqaytmasga jo‘nadi».

Ko‘ngilli guvoh, do‘kondor Gofmauerning ko‘rsatmasi:

«O‘ldirilgan kishini tanimayman. Karlinda ikki marta bo‘lganman. Eng oxirgi marta bundan ikki yil muqaddam, fabrika yonganida kelgandim. O‘shanda ish mana bunday bo‘lgandi: yakshanba kuni peshindan so‘ng har doimgidek qarta o‘ynagani jo‘nadim. Ko‘pincha «polyakcha bank» yoki «temir parcha»ga o‘ynaymiz. Umrimda biror marta ham g‘irromlik qilmaganman. Ketayotsam, kimdir «O‘t ketdi!» deb baqirib qoldi. Qarasam — gapi rost! Fabrikaga yugurib yetib borgunimcha shunaqa gurillab yonib ketdiki… Keyin askarlar kelib, ko‘chani o‘rab olishdi. O‘shandan beri Karlinda bo‘lganim yo‘q va qotillik haqida ham hech nima bilmayman».

— Yo‘qotgan vaqti uchun besh kron pul so‘rayapti. Uni har ehtimolga qarshi qamab qo‘ydim, — dedi politsiya komissari va o‘qishda davom etdi.

Temirchi Viktor Bezvagning ko‘rsatmasi:

«Politsiyada qotillik quroli — katta bolg‘ani ko‘rsatishdi. Temirchilik sohasi bilimdoni sifatida ont ichib aytishim mumkinki, o‘sha katta bolg‘a temirchilarniki emas. Shunday qilib, bu qotillik temirchilik va shu kasb egalariga soya solmaydi, chunki qotillik quroli temirchilarniki emasligi kunday ravshan. Shu bilan birga temirchilar uchun kechki maktab ochishga ruxsat berilishi haqidagi rasmiy iltimosnomamizga javobni tezlashtirishingizni so‘raymiz. Rasmiy iltimosnoma bundan o‘n yil oldin berilgan va shu vaqtga qadar kechiktirib bo‘lmas ishlarning ko‘pligidan ko‘rib chiqilmagan».

— Mana bunisi, shahardagi baqqollik do‘koni ishboshisining ko‘rsatmasi. Aytishicha, Karlin — turli-tuman yovuzliklar qadr topadigan joy emish! Bu gapi uchun qamab qo‘yishlarini buyurdim. Muhim ma’lumotlar esa, — davom etdi amaldor, — beva ayol Kraftdan olindi. Uning aytishicha, qotil erkak kishi emas. Qotillik ayol jinsiga mansub kishi tomonidan sodir etilganmish! Omadsiz muhabbat, uni shunday yo‘l tutishga va oxir-oqibat sirtmoqqa yetaklagan ko‘rinadi. Bundan tashqari, beva yana xabar beradi:

«Bunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillarim yo‘g‘u ammo qo‘shnimiz Anna Chexova juda shubhali ayol. U suv jo‘mragi tagini shunaqa ifloslantirib yuborganki, bu uning hamma ishga qodirligidan dalolat beradi. So‘nggi paytlarda negadir yuvosh bo‘lib qoldi va qotillik sodir etilgan kuni menga o‘n kron qarzini qaytardi, lekin ertalab nojoiz so‘zlarni aytib, qarg‘anayotgandi. Darvoqye, ushbu pul matbuotda e’lon qilingani bilan to‘g‘ri keladi».

— Anna Chexovani qamab qo‘ydim.

— To‘g‘ri! — dedi politsiya boshlig‘i, boshini ushlab. — Davom eting.

— Mana bu Miroslav Gofrixterning talabi bilan tuzilgan bayonnoma. U o‘zining aybsizligini isbotlaydigan guvohlar bilan kelibdi. Shundan so‘ng ming kronni berishimizni talab qildi. Emishki, u kampirni o‘zi o‘ldirmaganini isbotlash orqali politsiyani to‘g‘ri yo‘lga solib yuborganmish…

Xo‘sh, keyingisi, guvoh Matoushekning ko‘rsatmasi. U baxtsiz kampir o‘zini o‘zi o‘ldirgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni aytmoqda.

— Hmm, shunday ham bo‘lishi mumkin, — ming‘irladi politsiya boshlig‘i fikri tarqoq holda xonada u yoqdan-bu yoqqa yura turib.

— Keyingisi, avliyo Kristof cherkovi oqsoqolining maktubi. Ming kronni unga jo‘natishimizni so‘ragan. Negaki, mana, ikki oydirki cherkov yig‘imlariga pul bermayotgan taqvodorlardan biri borasida asosli gumonlari borligini bildirgan.

«E’tiboringizni bu ishda so‘nggi paytlarda zaharlovchilar sodir etgan jinoyat bilan o‘zaro shubhali bog‘liqlik borligiga qaratmoqchiman, — deya yozadi amaldor Mirjixoda. — Qotillik quroli sifatida keltirilayotgan katta bolg‘a zahar sotiladigan do‘kondan xarid qilinmaganmikan, agar shunday bo‘lsa, qaysi do‘kondan, aniqlash zarur. Katta bolg‘ada sianidli kaliy va temirining o‘zida esa shubhali aralashmalar  bor-yo‘qliginiyam. Yuqoridagi holatlarni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Ular, shubhasiz, jinoyatchining iziga olib chiqadi».

Boshliq peshonasiga urdi.

— Bu odam haq! Davlat amaldori ekani shundoqqina bilinib turibdi. Mana, kimdan o‘rnak olish kerak! Zudlik bilan katta bolg‘ani kimyoviy tahlil qilishga buyruq beraman.

Shu bilan tergov ishlari vaqtinchalik to‘xtatildi. Hamma xursand edi.

Ammo juda ko‘p ishlar qilingandi: birinchidan, jinoyatni sodir etmagan bir nechta shaxsning va uni sodir etishi mumkin bo‘lgan yana bir nechtasining izlari topildi. Bundan tashqari, bir nechta o‘g‘irlangan buyumlarni sotib oluvchilar so‘roq qilindi. Nihoyat, katta bolg‘a va sianidli kaliy o‘rtasidagi bog‘liqlik sababi aniqlandi.

Oxirida politsiya boshlig‘i qotilni tutishdimi-yo‘qmi bilish uchun Boxovnitsiga sim qoqishga buyruq berdi.

Javob juda tez berildi.

— Yo‘q.

— Biz ham uni qo‘lga tushirganimiz yo‘q, — dedi chuqur ma’noli qilib boshliq. Politsiya komissari esa timirskilanib, yana bitta xatni chiqardi.

«Muhtaram politsay-prezidiumga. Kamina e’tiboringizni jinoyat sodir etilgan joydan topilgan siyoh qalamga qaratishga jazm etaman. Birinchidan, kimda siyoh qalam bo‘lsa, barchasini hibsga oling. Ikkinchidan, qotillikka aloqasi bo‘lmaganlarning barini qamoqqa oling, shunday yo‘l bilan jinoyatchi izolyasiya qilinadi va qo‘lga tushiriladi. Bu ishda xuddi qadimgi naqlda: «Oltita sherni tutishning eng oson yo‘li qanday? O‘ntasini tuting va to‘rttasini qo‘yib yuboring…» deb aytilganidek yo‘l tutgan ma’qul».

Politsiya xuddi ana shu usulda to‘xtadi.

Rus tilidan

Nurpo‘lat NURQULOV tarjimasi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech