05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Biznes
29 Noyabr  2019 1397

QQS bo‘yicha tafovutlarni yashirish mumkin...mi?

So‘nggi yilda O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni jadal o‘sdi. Ular tomonidan QQS hisobotlari taqdim etilayotgan bo‘lsa-da, ammo ba'zi holatlarda mazkur hisobotlarda nomutanosibliklar kuzatilmoqda.

Soliq organlari bunday kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Kameral nazorat boshqarmasi boshlig‘i Aziz Xoshimovga murojaat qildik.

– Aziz Ozodovich, tadbirkorlar QQSni hisoblash va to‘lash bilan bog‘liq qanday xatoliklarga ko‘proq yo‘l qo‘ymoqda?

– Soliq organlari ko‘pgina holatlarda QQS “zanjirining uzilishi” bo‘yicha qo‘shimcha soliqlarni hisoblashiga to‘g‘ri kelmoqda.

– QQS “zanjirining uzilishi”da qo‘shimcha soliq hisoblanishini tushuntirib o‘tsangiz?

– “Zanjirning uzilishi” – ikkita soliq to‘lovchi bo‘lgan biznes-hamkor kontragentlarning QQS hisobotida bitta amaliyot bo‘yicha kiritgan ma'lumotlarining bir-biriga mos kelmasligidir. Bu esa tomonlardan birining QQSni kam to‘lashiga olib keladi.

Bunday holatda soliq organlari ogohlantiruvchi tegishli tadbirlarni amalga oshirganidan so‘ng, to‘lanmagan QQS summalarini mustaqil ravishda hisoblaydilar. Ya'ni qo‘shimcha QQS hisoblanib, byudjetga to‘lanadigan soliq summasi undiriladi.

– “Zanjir uzilishi” bilan bog‘liq jarayon haqida batafsil ma'lumot bersangiz?

– Ma'lumki, hisobvaraq-fakturada 2 tomon – sotuvchi va xaridor ishtirok etadi. Shuning uchun, tovarlarni QQS bilan sotgan tomon uni byudjetga to‘laydi, xaridor tomon esa uni hisobga oladi.

Ko‘pgina holatlarda “zanjir uzilishi”ning uchta turi mavjud:

Birinchi holat – xaridor tomonidan QQS summasini asossiz hisobga olish bilan bog‘liq. Ya'ni bu sotuvchidan QQS bilan olinadigan hisobvaraq-fakturasi mavjud emasligi yoki tovarlar (xizmatlar) yetkazib beruvchisi QQS to‘lovchisi emasligida namoyon bo‘ladi.

Ikkinchi holat – sotuvchi o‘zining QQS hisobotida sotishdan tushgan daromadini aks ettirmay hisobvaraq-fakturani rasmiylashtiradi. Xaridor korxona esa soliq hisobotida yetkazib beruvchidan olingan hisobvaraq-fakturalarni ko‘rsatadi va ushbu hisobvaraq-fakturalarda aks etgan QQS miqdorini hisobga oladi.

Uchinchi holat – sotuvchi sifatida “bir kunlik firmalar” deb ataladigan firibgar korxonalarga taalluqli. Bunday firmalar tovarsiz operatsiyalarni amalga oshirib, aslida hyech qanday ish yoki xizmatlarni bajarmagan holda, soxta hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtiradi. Boshqa tomon (xaridor) esa soxta hisobvaraq-fakturalarda aks etgan QQS summasini hisobga oladi va to‘lanishi kerak bo‘lgan soliq miqdorini kamaytiradi.

Hozirgi kunda soliq organlari QQSni hisoblashda bunday qonunbuzarliklarni aniqlamoqda va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. QQS ma'muriyatchiligi kameral nazorat vaqtida “zanjirdagi uzilishlar”ni zudlik bilan aniqlash imkonini bermoqda.

– Soliq organlari bunday tafovutlarni qanday aniqlamoqda?

– Bunday holatlarni aniqlash uchun soliq xizmati organlari tomonidan sotuvchi va xaridorning hisobvaraq-fakturalarini avtomatik ravishda solishtiradigan maxsus “Taxlika-tahlil” dasturi ishlab chiqilgan.

– Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ba'zida soliq to‘lovchilar QQS bo‘yicha hisobotida xatoga yo‘l qo‘yganliklarini bilishmaydi. Ular bu haqda bilib, qo‘shimcha to‘lovlardan qanday qilib xoli bo‘lishlari mumkin?

– Soliq organlari soliq to‘lovchilarning my.soliq.uz portalidagi “shaxsiy kabinetlari” orqali oldindan xabarnomalarni yuboradilar. Bunda tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda QQSni qayta hisob-kitob qilishlari, yangilangan soliq hisobotlarini taqdim etishlari yoki aniqlangan tafovut (nomutanosiblik)ni asoslab berishlari kerak.

Aks holda, soliq organlari soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkalarida byudjetga to‘lanadigan QQS summasini hisoblash choralarini ko‘radilar. Ammo bu eng oxirgi chora ekanligini ta'kidlash kerak.

Shunga e'tiborli bo‘lish kerakki, qayta ko‘rib chiqilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchi tomonidan QQS xatoligi aniqlangan oy uchun taqdim etilishi shart. Ushbu davrdan boshlab penya har kechiktirilgan kun uchun 0,045 foiz stavkada hisoblanadi.

– QQS bo‘yicha qo‘shimcha to‘lov hisoblanmasligi uchun tadbirkorlar qanday ehtiyot choralarini ko‘rishlari kerak?

Birinchidan, har bir tadbirkor barcha hisobvaraq-faktura hisobini yuritishi, uni saqlashi va soliq idoralariga ular to‘g‘risida hisobot taqdim etishi kerak.

Ikkinchidan, lozim darajada ehtiyotkor bo‘lish va insofli biznes-hamkorlarni tanlash kerak.

Bitim tuzishdan avval o‘z kontragentingiz QQS to‘lovchisi ekanligini DSQning rasmiy veb-sayti www.soliq.uz orqali “QQS to‘lovchilarini aniqlash” bo‘limidan tekshirib olish lozim. Xususan, kontragentingizda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi guvohnomasi mavjudligi yoki u bekor qilinganligini aniqlab olish mumkin.

Uchinchidan, QQS bo‘yicha hisobotni topshirgandan keyin e'tiborli bo‘lish talab etiladi. Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlarining xabarnomalari (talabnomalari)ni tekshirish kerak. Shunga muvofiq, soliq organlarining so‘roviga binoan QQS sumasini hisobga olish uchun huquq beruvchi yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

– Bugungi kunda QQS to‘lovchilarining soni 71 mingdan oshganligini hisobga olsak, QQS bo‘yicha qo‘shimcha hisoblagan soliq to‘lovchilar soni qanchani tashkil etmoqda?

– Bunday choralar faqat turli sabablarga ko‘ra soliq hisobotlarda nomutanosiblik kelib chiqqan va soliq organlarining so‘roviga binoan aniqliklashtirilgan QQS hisobotlarini qayta taqdim etmagan soliq to‘lovchilarga nisbatan qo‘llaniladi. Qo‘shimcha soliqlar hisoblangan sub'ektlar soni 1417 tani tashkil qilib, bu umumiy to‘lovchilar sonining 2 foizidan oshmaydi.

Agar bunda tadbirkorlar soliq organiga hisobotdagi tafovutlarsiz QQS summalarini aks ettiruvchi asoslovchi hujjatlarni taqdim etsalar, soliq organlari darhol to‘langan summalarni to‘liq hajmda qaytarib beradilar.

Izoh. Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bu – bilvosita soliq bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida hosil bo‘lgan va realizatsiya qilinganligi sababli byudjetga to‘lanadigan tovar yoki xizmatlar qiymatining bir qismini davlat byudjetiga to‘lanadigan soliq turidir. Ushbu mablag‘larning o‘z vaqtida byudjetga tushishi davlat ahamiyatidagi vazifalar ijrosida muhim ahamiyatga ega.

 

DSQ Matbuot xizmati

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech