28 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,8 °C

Dolzarb
10 Aprel  2020 509

Raqamli taʼlimga oʻtishni pandemiya jadallashtirdimi?

Koronavirus pandemiyasi barcha sohalar singari taʼlim tizimiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi: bogʻcha, maktab va oliy taʼlim muassasalari ommaviy ravishda yopildi. UNESCO maʼlumotiga koʻra, bugun dunyo boʻyicha 1,7 milliard oʻquvchi darslar toʻxtatilgani sabab offlayn oʻqishdan mahrum. Yuzdan ortiq mamlakatda universitetlarning yopilishi dunyo talabalarining 90 foizini uyda oʻtirishga majbur qildi.

Pandemiya oʻchogʻi hisoblangan Xitoyda vaziyatni qoʻlga olish uchun 17-fevraldan onlayn darslar yoʻlga qoʻyildi. Oʻqituvchilar, asosan, Wechat dasturi orqali oʻquvchilar bilan muloqot qilmoqda. Undan keyin Eron hukumati bir nechta hududlardagi bogʻcha, maktab va oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini toʻxtatdi.

3-martga kelib UNESCO 13 ta mamlakatda taʼlim muassasalarining vaqtincha yopilishi oqibatida 290,5 million oʻquvchi va talaba oʻqishdan uzilib qolganini maʼlum qildi va ularni zudlik bilan masofaviy taʼlimga oʻtishga chaqirdi.

Ayni paytda oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha yetakchilik qilayotgan Italiya esa mamlakatda virus tufayli vafot etganlar soni 100 nafarga yetgandan soʻnggina maktab va universitetlarga taʼtil berdi. Bu paytda uch qitʼadagi 22 ta davlat allaqachon onlayn taʼlimga oʻtgan edi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugun pandemiya sabab taʼlim muassasalarini yopgan mamlakatlarning 60 foizigina toʻliq raqamli taʼlimga oʻtgan. Baʼzi xalqaro ekspertlar onlayn taʼlimga toʻliq oʻtib boʻlmasligi, bu jarayonga muammoli vaziyatdan chiqish yoʻli sifatida qarash lozimligini, aks holda taʼlim sifati tushib ketishini taʼkidlasa, baʼzilar zamonaviy taʼlim uchun yangi davr boshlanganini eʼtirof etmoqda. Ayrim davlatlar ziyolilari esa masofaviy taʼlimga qamrab olishda taʼminot masalasini ilgari surmoqda. Internet manbalarida xabar berilishicha, bugungi kunda atigi oʻnga yaqin davlatdagi talabalarning 95 foizida kompyuter bor. Indoneziyada esa 34 foiz yoshning internetdan foydalanishga sharoiti yetarli. Qolgan davlatlarda bu koʻrsatkich ancha past. Bu esa ayrim mutaxassislar taxmin qilayotganidek, taʼlim sifati tushib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.

Raqamlashtirishga tayyormizmi?

Xavf-xatarni oldindan koʻra bilish, uning natija hamda oqibatlarini toʻgʻri baholay olish vaziyatdan talafotsiz chiqib ketishni taʼminlaydi. Dunyoda pandemiya tarqalishi ortidan mamlakatimizda iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, xizmat koʻrsatish sohalari singari taʼlim jarayoni uzluksizligini taʼminlash uchun ham kerakli choralar koʻrildi. Xususan, shu yilning 17-martida Prezidentimizning “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, unda “Kundalik” tizimini poytaxtdagi barcha umumtaʼlim maktablarida bosqichma-bosqich ishga tushirish hamda 400 mingdan ortiq oʻquvchining oʻzlashtirish boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish va ota-onalar uchun elektron xizmatlarni joriy etish vazifasi belgilandi.

— “Kundalik” tizimi hozir mamlakatimiz boʻylab 521 ta taʼlim muassasasida bosqichma-bosqich ishga tushirildi, — deydi “Kundalik” kompaniyasining texnik koʻmak xizmati rahbari Hilola Izzatova. — Shuningdek, oʻqituvchilar uchun tizim ilovasi ham yaratilgan. Hozirgi vaqtda platformani oʻquvchilar va ota-onalar uchun ham qulay shaklda takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda. Tizim oʻqituvchilarni ortiqcha qogʻozbozlik, koʻplab hisobotlarni qoʻlyozma toʻldirish kabilardan xalos qilib, ularning vaqtni tejab, oʻquvchilarga koʻproq eʼtibor qaratishiga yordam beradi.

Ota-onalar esa platforma yordamida farzandlarining baholari, uyga vazifalari va darslardagi ishtiroki bilan tanishib, oʻqituvchilar, maktab direktori va boshqa ota-onalar bilan turli mavzularni muhokama qilishi mumkin.

— Foydalanuvchilarni karantin muddati, masofadan turib taʼlim olish davomiyligidan xabardor qilish hamda boshqa zarur maʼlumotlarni kiritish uchun “Yozuvlar” boʻlimidan foydalanish kerak, — deydi Hilola Izzatova. — “Uy vazifalari” funksiyasi yordamida oʻqituvchi jamoa uchun yoki individual topshiriqlar berishi hamda topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilishi mumkin. 

Bundan tashqari, “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda darsliklarning elektron shakllaridan keng foydalanish imkonini beruvchi yagona taʼlim platformasini joriy etish, oliy taʼlimda oʻquv jarayonlarini boshqarish tizimi, bakalavr va magistr diplomlari bazasi hamda talabalar oʻqishini elektron yuritishga moʻljallangan “Oliy taʼlim” axborot tizimini yaratish hamda vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimini takomillashtirish kabi vazifalar ham belgilangan.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼminoti hisobga olinib, pandemiya kirib kelmasidanoq Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari hamda OʻzMTRK hamkorligida videodarslar tayyorlash ishlari boshlangandi. Maktab oʻquvchilarining bahorgi taʼtili tugashi bilan mamlakatimizning barcha hududiga toʻrtta telekanal orqali videodarslar uzatila boshladi. Bu aholi xavfsizligini taʼminlash hamda virus tarqalishining oldini olish bilan birga, oilada ota-ona hamda farzand oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Onlayn rejimda oliy taʼlim faollashmoqda

Shu yil 23-martdan talabalar uchun televizion darslar efirga uzatilyapti. Bundan tashqari, bir nechta oliy taʼlim muassasalari talabalar va oʻquvchilar uchun virtual taʼlim tizimlarini ishga tushirmoqda. Masalan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida maktab va akademik litsey oʻquvchilari, talabalar va AKT sohasida bilim olishni xohlovchilar uchun toʻrtta virtual taʼlim tizimi faoliyat boshladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Oʻquv jarayonini tashkil etish va boshqarish” axborot tizimi hamda MOODLE masofaviy taʼlim platformasi ishga tushirildi.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida esa Tojik Milliy universiteti bilan hamkorlik shartnomasi doirasida “Mantiq” ixtisosligi boʻyicha xalqaro miqyosda onlayn ilmiy kengash yigʻilishi oʻtkazilib, bir necha nomzodlarning doktorlik dissertatsiyalari muhokama qilindi.

Yurtimizdagi nufuzli xususiy oʻquv markazlari ham zamon talabidan kelib chiqqan holda onlayn taʼlimni yoʻlga qoʻymoqda. Bu jarayonning oʻzi ham oʻzbek taʼlim tizimida yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Sababi, shu kungacha hali hech bir oʻquv markazi bunday tartibga oʻta olmayotgandi.

“Har yaxshining bir yomoni, har yomonning bir yaxshisi bor”, deydi xalqimiz. Shu maʼnoda, karantin tartibining joriy etilgani taʼlim muassasalarinnig masofaviy taʼlimga oʻtish ishlarini jadallashtirdi.

Sohiba Mullayeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech