20 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,6 °C

Ijtimoiy hayot
29 Iyul  2019 815

Rishtonda katta hashar: bunyodkorlik ishlarida 13562 nafar hasharchi ishtirok etdi

Bugun O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari boshlandi. Minglab yillar davomida rivojlanish tajribasiga ega bo‘lgan davlatlar qatorida O‘zbekiston qisqa muddatda jahonga yuz ochib ulgurayotgani hammamizni quvontiradi. Obod yurt va farovon turmush uchun shahar va tumanlar, qishloqlar va mahallalarni obodonlashtirish, infrastrukturasini yaxshilash yo‘lida davlat va mahalliy byudjetlarning katta qismi ijtimoiy sohaga ajratilayotganligining boisi ham shunda.

Shunday jarayon kechayotgan Rishton shahrida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan joyida tanishishga harakat qildik.

Suhbatdoshimiz viloyat nuroniylar jamg‘armasi raisi Topvoldi hoji Xoldorov.

– Otam qurgan uyda men yashayapman. Bolalarim voyaga yetyapti. Otam ekkan mevali daraxtlarning mevasini yeb men katta bo‘ldim. Bolalarimga yediryapman, bolalarim ulg‘aydi. Men uyimni yangilashim kerak. Chunki bolalarim men yangilagan uyda yashashlari kerak. Dadam ekkan daraxt yoniga yangi daraxt ekishim kerak. Bolalarimning bolalari shuning mevasini yeb katta bo‘lishadi. Bu tarix taqozosi, tarixiy ehtiyoj, kishilik jamiyati shu yo‘sinda rivojlanadi. Har bittamiz darvozamizdan qadam bosib chiqishimiz bilan yo‘lga chiqamiz. Agar yo‘limiz ravon, tekis, keng, xavfsiz bo‘lsa, biz hayotda bemalol qadam tashlab yuramiz, yashay olamiz. Yo‘limiz egri-bugri bo‘lsa, hozirgi kun talabiga javob bermasa, unda kayfiyatimiz har kuni buziladi. Chunki inson ostonadan qadam bosib chiqib yo‘lga ishi tushadi, yo‘lga murojaat qiladi. Yo‘lni kengaytirish, yashayotgan xonadonlarni yangilab yashash, farzandlarga yaxshi bir udum qoldirish – bizning vazifamiz.

Jamiyatimiz keyingi ikki yarim-uch yil ichida rivojlanishsari qadam qo‘ydi.  Bunda shahar-tumanlarimizda yangilanish, qayta qurish ishlari olib borilayotganini ko‘ramiz. Rishton misolida olib qaraydigan bo‘lsak, tuman  hududidan  o‘tuvchi qariyb 40 kilometr xalqaro ahamiyatga  ega  yo‘lni  jahon andozalari  talablari  asosida  mukammal  darajada ta'mirlash  birinchi  galdagi ustuvor  vazifalar  sirasiga  kiritilgan.  Hozirgi  kunda  tumanning  shoh  ko‘chalari asosini 25 metrga kengaytirish  orqali  bir  tomonlama harakatlanish  yo‘nalishida 3  tasmali  harakat  yo‘lagini tashkil  etish,  yo‘l  atrofida  zamonaviy  infratuzilma xizmatlari,  kommunikatsiya tarmoqlarini  joylashtirish, landshaft arxitekturasi  asosida  obodonlashtirish  ishlari  jadallik  bilan olib borilyapti.

Yo‘l  bo‘yida  ikki  qavatli aholi turar joylari, uylarning birinchi  qavatida  tadbirkorlik,  savdo  va  xizmat  ko‘rsatish majmualari  qad  rostlaydi.  Bu borada  yashash  xonadonlari  yo‘l kengayishi,  qizil  chiziq  ustida joylashganligi,  tumanning  bosh rejasiga ko‘ra bir necha yil oldin  buzilish  ro‘yxati  (snos)ga tushganligi sababli hozirda tumandagi 405 ta oilaga dastlabki hisob-kitoblar  bo‘yicha  25  milliard  so‘m  tovon  puli  (kompensatsiya)  ajratish  ko‘zda  tutilgan bo‘lib, mazkur jarayon aniq reja asosida davom ettirilmoqda. Yo‘llarni kengaytirish chizig‘iga tushgan uylar qismini buzishdan avval har bir xonadonga 10 million so‘mdan pul tarqatildi, ayrimlariga ko‘proqdan ham berildi. Hammasiga qarab turilgani yo‘q. Ularni ko‘cha devorlari xonadonlariga zarur qurilish materiallarini arzon narxlarda yetkazib berish tashkil etildi. Hashar yo‘li bilan oilasida imkoniyati yo‘qlarga uylarini qurib berish choralari ko‘rilyapti. Hashar degan narsa bobolarimizdan qolgan meros shunaqada o‘zining ijobiy tomonini ko‘rsatib, farzandlarimizga meros bo‘lib o‘tyapti.

Haqiqatan ham Topvoldi hoji otaning gaplari isbotini 27-28 iyul kungi hasharda ko‘rdik. Rishton chindan ham mardlik va jasorat, ezgulik va saxovat, yuksak odamiylik maydoniga aylangan, desak xato bo‘lmaydi. Ana shuni dildan his qilgan minglab hamyurtlarimiz qalb amri bilan bu yerga - hasharga oshiqishdi. 

Ta'kidlash  joizki,  ayni kunlarda  bevosita  viloyat hokimligi  ko‘magi  bilan  tumandagi  uyi  buzilishga  tushgan har  bir  oilaga  5  ming  donadan pishiq g‘isht, 2 tonnadan sement tarqatilyapti.  Bu  jarayonga  viloyatimiz miqyosida 1000 ta texnika  vositalari  jalb  etilgan bo‘lib,  yuk  mashinasi  sig‘imiga qarab 1,5-5 ming donagacha pishiq g‘isht aniq ro‘yxat asosida aholi xonadonlariga yetkazib berilyapti.

Shunga qarab tovon  puli  hajmi  10  million so‘mdan  –  300  million  so‘mgacha berilyapti.  Ba'zi  oilalarga  o‘z  xohishiga  qarab,  tovon puli  o‘rniga  uy-joy  qurish  uchun qo‘shimcha yer maydoni ajratilyapti. Bugungacha Markaz MFYdan 70 ta, Uchariq MFYdan 100 ta oilaga o‘zlarining xohishi bo‘yicha tovon puli o‘rniga qo‘shimcha yer maydoni ajratib berildi.

Yaqin  istiqbolda  dehqon  bozori o‘rnida 9 ta ko‘p qavatli uy hamda bir gektarda aholining maroqli hordiq chiqarishi uchun istirohat bog‘i  barpo  etilishi  ko‘zda tutilmoqda.

Viloyatimizning 11 ta shahar-tumanidan Rishtonga hasharchilar jalb qilingan bo‘lib, har bir tuman hokimi shtab tuzib o‘zi boshchilik qilib, bu yerdagi hasharchilarga sharoit yaratish, aholiga qurilishda yordam berish ishlariga bosh-qosh bo‘lmoqdalar.

Farg‘ona shahriliklar 3 ta ob'ektdagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga yaqindan yordamlashish maqsadida 4 ta sektor rahbarlari tashabbusi bilan 4550 nafar hasharchi, 5 ta avtomashina, 3 ta ekskavator, 1 ta greyder va 2 ta traktor texnikalari bilan hasharda qatnashishdi. Ushbu ob'ektlardagi qurilish va obodonlashtirish ishlarida “Azot” AJdan 1500 nafar, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJdan 2500 nafar,  “Farg‘ona Issiqlik energo markazi”dan kelgan 550 nafar hasharchi qatnashdi.

Tuman markazidagi “Qizil ko‘prik” atrofidagi hududda Yozyovon tumanidan kelgan  587 nafar hasharchilar rishtonliklarga nafaqat shirin so‘zi, qo‘l mehnati, balki qurilish materiallari bilan ham amaliy yordam berishdi. Jumladan, homiylik tariqasida 50 mingta g‘isht, 10 tonna sement, 300 ta shifer olib kelindi. 15 ga yaqin turli qudratli texnikalar barcha ishlarga jalb qilindi.

O‘tgan haftada tuman madaniyat uyi badiiy jamoasi kelib, tumandosh hasharchilarga tushlik paytida katta dasturda konsert namoyish etib, ularning ko‘nglini ko‘tardi.

Hasharchilarning Yozyovondan Rishtonga maxsus ajratilgan avtotransportlarda bexavotir olib kelib, olib ketilishi tuman ichki ishlar bo‘limi rahbariyati tomonidan alohida nazorat olingan, – dedi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Hojiakbar Toshpo‘latov.

– Rishtondagi hasharda korxonamizdan kuniga 30 nafar ishchi-xizmatchilar qatnashyapti, – dedi Qo‘shtepa tumani tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi Baxtiyor Erkaboev. Ishchi-mutaxassislarimiz tomonidan tuman hududida 4 km beton stolbalarda demontaj ishlarini olib borish bilan birga obodonlashtirish, qurilish ishlarida bevosita ishtirok etyapmiz. Bizga biriktirilgan 3 ta xonadonda qurilish ishlarini olib borish uchun keltirilgan 2 mashina g‘ishtni tashib, joylashtirdik. 2 ta eski binoni buzib, joyini tekisladik, shag‘al tashidik.

– Hammalariga ming rahmat, – dedi Amir Temur ko‘chasi, 7-uyda yashovchi nafaqaxo‘r Zokirjon Usmonov. – Hovlimizda qo‘shtepalik elektrchilar qurilishimizda g‘ayrat va fidoyilik bilan ishlashdi, baraka topishsin.

Rishton tumanida olib borilayotgan ommaviy hasharda Farg‘ona tumani mahallalari, tashkilotlaridan 630 nafar fuqaro qatnashyapti, – dedi tuman hokimi Ilhomjon Nosirov. - Bundan tashqari, tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasidan 100 nafar xodim ishlayapti. Shuningdek, kommunal xo‘jaligi, elektr tarmoqlari korxonasi, gazlashtirish idorasi, yo‘l qurilishi va “Toza hudud”ning aksariy texnikalari hasharga jalb qilindi.

Hasharchilardan 50 nafari asosan g‘isht teruvchilardan iborat va ular brigada usulida ish tashkil qilishgan. Shularning hisobiga bizga biriktirilgan hududda qurilish ishlari boshlab yuborildi. Mana kecha yaxshi niyatlar bilan, azaliy urf-odatimizga ko‘ra qo‘y so‘yildi. Oziq-ovqat mahsulotlari ham tumanimizdan olib kelinib, hasharchilarimiz uchun tushlik va kechki ovqatlar uyushtirildi. Tumandagi  tadbirkor-ishbilarmonlar ham o‘z homiyliklari bilan ommaviy hasharda qatnashmoqda. Masalan, homiylar tomonilan 50 mingta pishgan g‘isht keltirilib, qurilishi boshlanayotgan xonadonlarga tarqatildi. Shag‘allar to‘kilib, suv ta'minoti yaratildi. Bundan tashqari, axlat va turli chiqindilarni shahar tashqarisiga tashib chiqarish uchun yuk texnikalari, ekskavatorlar, “Toza hudud”ning barcha texnikalaridan unumli foydalanildi. Tumanimiz hasharchilari tashabbusi bilan 2 km  hududda obodonlashtirish, qurilish ishlari, 90 ta xo‘jalik, 3 ta ijtimoiy ob'ektdagi ishlarga ko‘maklashish va buni sifatli amalga oshirish rejalashtirib olindi.

Rishtondagi umumxalq hasharida Bag‘dod tumanidan 800 nafarga yaqin hasharchilar ishtirok etishdi. Birgina 27 iyul kunining o‘zida 52 ming dona pishgan g‘isht va 5 tonna sement yangi qurilish ob'ektlariga yetkazib berildi.  Buning uchun 11 ta texnika vositalaridan samarali foydalanildi.

Bag‘dodliklar tumandagi 45 ta xonadonni otaliqqa olishdi. Hozirgi kunda ushbu xonadonlarning 11 tasida fundament quyish ishlari amalga oshirildi. 5 tasida dastlabki g‘ishtlar urilyapti. Ayni kunlarda hasharda 7 ta yuk tashuvchi, 2 ta yuklovchi, 1 ta avtogreyder va 4 ta boshqa texnikalar kuchidan oqilona va samarali foydanilmoqda.

Rishton tuman shtabining yuqoridagi ishlar bo‘yicha ma'lumotiga ko‘ra shu kunning o‘zida 13562 nafar hasharchi viloyatning barcha shahar-tumanlaridan kelib Rishtonda qurilish ishlarida ishtirok etgan. Shuningdek, xonadonlarga 385 ming dona pishgan g‘isht, 124 tonna sement, 92 ta texnikada 1840 tonna shag‘al, 42 ta texnikada 840 tonna qum,  700  dona shifer yetkazib berilgan. Bundan tashqari Rishton tumani hokimligi zahirasida 52500 dona pishgan g‘isht, 21,4 tonna sement, 500 dona shifer, 2020 metr polietilen quvur mavjud. Viloyat prokuraturasi ham Rishton tumanida tashkil etgan zahirada 165 ming dona pishgan g‘isht, 65 tonna sement, 200 dona shifer, 16 tonna ohak, 10 tonna gips mavjud. Rishtondagi ulkan qurilish maydoni, mehnat frontiga har kuni viloyatdan qurilish materiallari karvoni keltirilmoqda.

Ko‘rib turganimizdek, tumanda qurilish-bunyodkorlik ishlari viloyat sektor rahbarlari, viloyatdagi barcha mutasaddi tashkilot va korxonalar tomonidan ahillik va hamjihatlikda jadallik bilan olib borilmoqda.

Hasharchilar oldiga borib, hormang deymiz, quvalik hasharchi xotin-qizlar Rishtondagi ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib hasharga tashabbus bilan kelganlarini, bu ulug‘ hasharga oz bo‘lsa ham hissa qo‘shishni istaganlarini aytishdi.

Kuni kecha norozi bo‘lib ijtimoiy tarmoqlarga chiqqan Madina Bozorova bugun xushchaqchaq kulib yuribdi.

– Ozgina tushunmovchilik bo‘libdi-da, achchiq ustida gapirdim, – deydi u. – Mana, g‘isht, sement va boshqa qurilish materiallarini berishdi. Hasharchilar uyimizni ikki qavatli qilib qurib berishyapti. Avvalo Rishton xalqi uchun rivojlanishni, yaxshi kunlarni istagan Prezidentimizga rahmat, tinimsiz holimizdan xabar olib turgan viloyat va tuman hokimlarimizga rahmat.

Madina Bozorova shunday deya goh shaftoli, goh tarvuz ko‘tarib keladi, goh salqinlatgani suv sepadi.

Hasharchilarga tashkil etilgan tushlik paytida esa san'atkorlar, madaniyat xodimlari xalqqa xizmat qilib, ularning vaqtini chog‘ o‘tkazishmoqda. Hasharga kelgan har bir tuman o‘z shtabini tuzgan va bu shtablarga biriktirilgan hududlardagi murojaat qilgan fuqarolarga yordam berilmoqda.

Viloyat hokimi Sh.G‘aniev, viloyat prokurori S.Turdiev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatov bu ishlarning tepasida turib, har bir qurilish ob'ektida bo‘lib, aholi bilan muloqotda bo‘lmoqdalar.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tarixda 45 kun ichida katta Farg‘ona kanalini qazgan xalqning kuch-qudrati, g‘ayrati bugun ham jo‘sh urgan, barcha rishtonlik birodarlarimizga yordamga shoshgan, qisqa fursatlarda bunyodkorlik ishlarini yakuniga yetkazishga barcha bel boylagan. Rishtonda  boshlangan  xayrli  ishlar  hammamizning  hayotimiz va  kelajagimizga  daxldorligini, hayotimiz va farzandlarimiz kelajagiga  befarq  emasligimizni ko‘rsatib turibdi!

Gulbahor Saidg‘aniyeva

Ahmadali Teshaboyev

Zaylobiddin Yigitaliyev

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech