20 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29 °C

Fikr
23 Dekabr  2018 7303

Bolani titratgan bog‘cha opa

Ota-ona hadigi bejiz emas ekan-da?! «Buning qo‘rqinchli joyi yo‘q» emish! Bog‘cha bolasini jismoniy jazolash mumkinmi? Bu bola ruhiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir bolalar bog‘chasining jajji quloqsiz qizalog‘i boshqalari bilib qo‘yishi uchun stulni ko‘tarib turishga majbur etilgani haqidagi xabar tarqaldi. Chindan ham, bunga hayron qolmasa bo‘ladi, ungacha fermerlarning tosh ko‘tarib turganini ham ko‘rgandik, boshqalarga ibrat bo‘lsin, degandek. Ammo qachondan boshlab bolakaylarni jismoniy jazolash me’yorga aylandi?

Har bir ona farzandini ko‘nglida ming bir hadik bilan maktabgacha ta’lim muassasasiga beradi. Hadiklarning eng kattasi - «Uni kaltaklashsa-ya?!» Xo‘sh, bu xavotir qanchalik asosli?

...Besh yil oldingi shaxsiy tajribamdan. Farzandimni bog‘chaga topshirayotganimda bir enaganing ko‘zlari qonga to‘lgancha chamasi ikki yashar bolakayni silkilayotganiga ko‘zim tushdi. Bolakay bor ovozda chinqirardi. Uning qattiq chirillashidan bezor bo‘lgan enaga bolakayni o‘rindiqqa o‘tqazdi-da, ishiga unnab ketdi. Farzandimni o‘sha bog‘chaga berishga jur’at qilmadim.

Ma’lum bo‘lishicha, boshqasida ham vaziyat bunisinikidan avlo emas ekan. Bog‘chaga borayotganining uchinchi kunida farzandim yuzi og‘riyotganini aytdi. Yuzining qaeri og‘riyotganini so‘raganimda, bog‘cha opa urgan yeri og‘riyotganini aytdi. Aniqladim, uxlamagani uchun shapaloq bilan siylanibdi. Bu tarbiyachi-yu, enagalar uchun oddiy, me’yoridagi ish bo‘lib ketgan ham ekan. Bolakaylar bilan boshqacha ishlab bo‘lmasmish. To‘rtinchi urinishdan so‘nggina bolalarga jismoniy jazo qo‘llanilmaydigan MTMni topdim. Xo‘sh, hozir nimalar o‘zgargan? Shu savol bilan farzandlari maktabgacha ta’lim muassasasiga boradigan ota-onalarga murojaat qildik.

Kseniya G. (besh yashar Samiraning onasi):

- Farzandim ikki yildan beri bolalar bog‘chasiga qatnaydi. Bu davr ichida turli vaziyatlarga duch keldik. Bog‘chaga bormayman, deb xarxasha qilgan kunlar ham bo‘ldi. Negadir sababini aytmasdi. Shunchaki, har kuni ertalab yig‘lab, yer depsinardi. Biz esa, buni bolalarcha injiqlik qilyapti, deb qabul qilardik. Chunki aksariyat bolakaylar bog‘chaga bormayman, deb yig‘lashadi-da! Adashgan ekanmiz. Uxlash paytida ko‘zi ochiq yotgan bolalarni shippak bilan urishar ekan. Nega shunday qilishlarini bilish uchun borganimda, buning qo‘rqinchli joyi yo‘qligini aytishdi. Hech kim qattiq urmasmish, bu shunchaki profilaktika uchun, shunday qilishsa, bolalar tezroq uxlarmish. Xullas, tep-tekis joyda janjal ko‘targanga chiqib qoldim. Keyin menga zo‘r berib, bolalarni tarbiyalashda ba’zan jismoniy jazo ham kerakligini tushuntirishga harakat qilishdi. Shunday qilinsa, bola qo‘rqarkan va barcha aytganingni qilarkan. Hazm qilolmaganim, bu gaplarni menga pedagogik ma’lumotiga ega mutaxassislarning aytgani bo‘ldi. Xullas, bog‘chadan farzandimni chiqarib oldim. Boshqasida bunday vaziyat yuzaga kelgani yo‘q, farzandim ham jon-jon, deb bog‘chaga qatnayapti.

Violeta S. (to‘rt yashar Samvelning onasi):

- Farzandimning bog‘chaga qatnayotganiga endi uch oydan oshdi. Ungacha uzoq vaqt bir qarorga kelolmay, ikkilanganman. Yaqinlarim va tanishlarim MTMda bolani xafa qilishlari mumkinligini aytishardi. Hatto, quloqsizligi uchun stulga bog‘lab qo‘yishlari yoki esini kiritib qo‘yish uchun ovqat bermasliklari mumkinligigacha aytishardi. Ammo bari oddiy vahima bo‘lib chiqdi. Farzandimning guruhida ajoyib tarbiyachi ishlaydi. Barcha axborotni bolalarga interaktiv shaklda – o‘yin orqali yetkazadi. Uch oy ichida farzandim o‘zgardi, gap uqadigan va muloqotga tez kirishadigan bo‘ldi.

Albina J. (besh yoshli Safinaning onasi):

- Qizalog‘im uchun bolalar bog‘chasi haqiqiy sinov bo‘ldi. Har kuni yig‘lab kelardi, sira bog‘chaga borgisi kelmasdi. Boshida buni hammamiz ko‘nikish jarayoni, deb o‘yladik. Ko‘pchilik bolakaylar boshida bog‘chaga borishni istamaydi, yig‘laydi, xarxasha qiladi. «Bu o‘rganib ketguncha», deb o‘ylardik. Ammo hech nima o‘zgarmadi. Qaytanga farzandimiz odamovi bo‘lib qoldi. Tarbiyachi bilan gaplashdim. U esa, hammasi joyidaligini, bola hali o‘rganmaganini aytdi. Oradan bir yil o‘tib, tasodifan MTMga vaqtidan ancha ertaroq bordim va qo‘yidagi manzaraning guvohi bo‘ldim. Enaga barcha bolalarni stulchalarga o‘tqazib, qo‘llarini tizzalariga qo‘yishga majbur qilardi. Agar qaysi biri qo‘lini tizzasidan olsa, oyog‘iga shappatilardi. Meni ko‘rgach, bolalarning juda quloqsizligi, shunday qilmasa, gapni darrov tushunib olmasliklarini aytib, o‘zini oqlashga tushdi. Ya’ni hali to‘rt yoshga ham kirib ulgurmagan bolakaylar tarbiyachi va enaganing barcha aytganini qilishi kerak ekan. Keyinchalik bu kuchsizlarga nisbatan tajovuzkorlikni keltirib chiqarsa ham hayron qolmasa bo‘ladi. Negaki, bolakaylar buni kuchlilarga hamma narsa mumkin, deya qabul qiladilar. Xullas, farzandimni o‘sha bog‘chadan olib ketdim. Qizalog‘im hozir turli bolalar kurslariga qatnayapti, bo‘sh paytlari uyda buvisi bilan birga bo‘ladi.

Biz har biri o‘z tarixini so‘zlab bergan yana bir necha kishilar bilan suhbatlashdik. Ularning aytishicha, bolalar bog‘chasini tanlash, qopda mushuk sotib olganday gap ekan. Farzandingiz yaxshi tarbiyachining qo‘liga tushib qoladimi yoki aksincha, oldindan bilib bo‘lmaydi. Afsuski, bolani jismoniy jazolash birinchi marta uchrayotgan holat emas. Ayrimlar bu ishni oqlash uchun tarbiyachining jahli chiqib ketganini va buning yomon tomoni yo‘qligini aytishi aniq, albatta. Axir, uyda ota-onalar bir-ikkita bolakayni eplashga qiynaladi, maktabgacha ta’lim muassasalarining guruhlarida 40 tagacha bolakay tarbiyalanadi. Bunday qonun-qoidalarga amal qilish tarozisining boshqa pallasida esa, hali juda mo‘rt hisoblangan bolakay ruhiyati turibdi. Unga ta’sir qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ulg‘ayganda baribir o‘zini ko‘rsatadi.

Vaziyatlarga oydinlik kiritish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligiga murojaat qildik. U yerda bizga pedagoglarning bunday xatti-harakatiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini va ota-onalar ham bunga ko‘z yummasligi lozimligini tushuntirishdi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, 2018-yil 3-dekabrda «Maktabgacha ta’lim muassasasining Kuzatuv kengashi haqida»gi Nizom tasdiqlandi. Ilk marta ota-onalar, va shuningdek, jamoatchilik tuzilmalari boshqaruv vakolatiga ega bo‘ldi. MTV Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Obidovning aytishicha, kuzatuv kengashlari tizimni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Ilgari bog‘cha mudiralari faqat maktabgacha ta’lim muassasalarining hududiy bo‘linmalariga hisobot bergan bo‘lsa, endi xatti-harakatlari uchun bundan manfaatdor ota-onalar oldida ham javobgar. MTM rahbarlari mustaqil biror qaror chiqara olishmaydi. Qo‘li egri xodimlar esa, mablag‘larni qonunga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarga sarflash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Ota-onalar nafaqat moliyaviy (moliyaviy holat, foyda, sarf-xarajat, budjet va budjetdan tashqari, homiylar mablag‘lari haqidagi) hisobotni kuzatib borishlari, balki bolalar bog‘chasi xodimlari faoliyati haqida so‘rovnoma o‘tkazishi, muhim vazifalarni aniqlab olishi va ularning bajarilishini kuzatib borishi mumkin. Kuzatuv kengashi tarkibiga har bir guruhdan uch nafar ota-ona, ikkita - pedagog va tarbiyachi yordamchisi, bitta - maktabgacha ta’lim hududiy bo‘limi vakili va jamoatchilik tuzilmalaridan ikki kishi kiritiladi.

To‘g‘ri, kengash mavjud barcha muammolarni hal qila olmaydi, albatta. Ammo bu sa’y-harakatlar natijasida bolakaylarni jismoniy jazolash barham topishiga umid qilib qolamiz. Ota-onalar ham farzandini bog‘chaga berishda xavotirga tushmaydi.

Oksana Malosabirova.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech