13 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,5 °C

Ijtimoiy hayot
1 Iyul  2020 376

Oʻzini oʻzi band qilish: qulay, qonuniy va xavfsiz

2020-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekistonda fuqarolarning oʻzini oʻzi band qilish boʻyicha faoliyat turlarining 67 tagacha kengaytirilishi asosida roʻyxatga olish tartibi joriy etiladi.

Oʻzini oʻzi band qilganlar – bu xizmatlar koʻrsatishda mustaqil ravishda shaxsiy mehnati bilan ishtirok etadigan, mehnat daromadini olish uchun ish olib boruvchi shaxslar. Bunda ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olinmaydi va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydi.

Oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtishni xohlovchilar buni “Soliq” mobil ilovasidan foydalangan holda yoki jismoniy shaxslarning shaxsiy kabineti orqali masofadan turib, bepul amalga oshirishi mumkin.

“Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtish uchun PINFL (JSHSHIR)ni yoki ERI (elektron raqamli imzo) va shaxsiy telefon raqamini kiritish talab etiladi.

Jismoniy shaxs sifatida shaxsiy maʼlumotlar kiritilganidan soʻng, faoliyat turini tanlash lozim. Biryoʻla bir nechta faoliyat turlarini tanlashning ham iloji bor. Faoliyat koʻrsatish joyi – viloyat va tuman (shahar), albatta koʻrsatilishi kerak.

Yaqin kunlarda yangi funksiya ishga tushiriladi – roʻyxatdan oʻtishda selfi qilib (oʻzini suratga olib) uni mobil ilova orqali yuborish talab etiladi. Bu soliq organlarida saqlanadigan shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish uchun zarur. Fotosurat DPM (Davlat personallashtirish markazi)ning biometrik maʼlumotlari bilan taqqoslanadi va mos kelgan taqdirda, murojaatchining shaxsi tasdiqlangan deb hisoblanadi.

Oʻzini oʻzi band qiladiganlar rasman roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, qonuniy ravishda ishlashlari, shuningdek, mijozlardan qabul qilingan barcha buyurtmalarni rasmiylashtirish va saqlashi mumkin. Maʼlumotlar bazasida har bir buyurtma uchun ishlarning soni va qiymati, shuningdek mijozning telefon raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saqlanadi. Buyurtma asosida chek shakllantirish va uni mijozga yuborish imkoniyati mavjud.

Oʻzini oʻzi band qilganlar har oy yakuni boʻyicha buyurtma asosida olingan daromadlari va xarajatlari hisobini yuritishi va ijtimoiy soligʻini hisoblashi mumkin. Istalgan vaqt oraligʻi uchun daromadlar va xarajatlar haqidagi toʻliq maʼlumotlar birgina tugmani bosish orqali shakllantiriladi, deb xabar beradi DSQ matbuot xizmati.

PQ-4742-sonli qarorning 3 bandiga asosan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 2020-yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida toʻlaydi. Ushbu summa toʻliqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi. Soliqlarni toʻlash masofadan turib, mobil ilova yoki har qanday elektron toʻlov tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu jismoniy shaxslar uchun soliq toʻlash jarayoniga oʻxshaydi. Endi soliq majburiyatlarini soliq organlariga tashrif buyurmasdan bajarish mumkin.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech