24 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,8 °C

Ijtimoiy hayot
10 Dekabr  2019 2970

Sariosiyo tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan S.Xursanovaning murojaatiga munosabat bildirdi

Sariosiyo tuman hokimligi joriy yilning 8-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sharg‘un shahri, “Ma'dankon” mahallasida yashovchi fuqaro Sitora Xursanovaning uy-joyi noqonuniy tarzda buzilgani, uyiga bo‘lgan mulk huquqi asossiz bekor qilingani to‘g‘risida tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi.

Haqiqatdan ham, tuman hokimining 2019-yil 31-maydagi 2907-sonli qarori bilan marhum Saliya Xursanova tomonidan nevarasi Jahongir Xursanov (Sitoraning turmush o‘rtog‘i)ga 2012-yil avgustdagi hadya shartnomasiga asosan qoldirilgan uy-joyga qo‘shimcha ravishda, piyodalar o‘tish yo‘liga tegishli bo‘lgan, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoni ustida qurilgan 24 kv. metr omborxona, 23.48 kv. metr oshxona, 14.63 kv.metr hammom hamda 7.1 kv.metr hojatxonaga ham egalik qilish huquqi berilgan.

“Obod markaz” Davlat dasturi doirasida qayta tuzilgan Sharg‘un shahrining Bosh loyihasi, shuningdek, tuman prokuraturasining 2019-yil 15-avgustdagi protestiga asasan, tuman hokimining 2019-yil 26-avgustdagi 5458-sonli qarori qabul qilinib, J.Xursanovga tegishli ushbu uchastka qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Shu asosda J.Xursanovning o‘z uchastkasida shaharsozlik norma va qoidalari asosida qurilgan 5 xonadan iborat yashash maydoni, jami 157.17 kv.metrni tashkil etadigan uy-joyga nisbatan mulk huquqi tan olingan. Piyodalar o‘tish yo‘liga tegishli bo‘lgan, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoni ustida shaharsozlik Kodeksi norma va qoidalariga rioya etmasdan qurilgan yordamchi binolarga egalik huquqi esa bekor qilingan.

Demak, video murojaatda fuqaro Sitora Xursanova tomonidan aytilganidek, turmush o‘rtog‘i J.Xursanovning to‘liq uy-joyga bo‘lgan egalik huquqi emas, balki, piyodalar o‘tish yo‘liga tegishli bo‘lgan, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoni ustida qurilgan imoratlarigagina egalik qilish huquqi bekor qilingan.

Bunga javoban, fuqaro J.Xursanov tuman hokimining 2019-yiil 26-avgustdagi 5458- sonli qarorini asossiz deb topish bo‘yicha Ma'muriy ishlar bo‘yicha Sariosiyo tumani sudiga da'vo arizasi bilan murojaat qilgan. Ushbu ish 2019-yilning 2-oktabrida sud tomonidan ko‘rib chiqilib, uning da'vo arizasi qanoatlantirilishini rad qilgan.

Fuqaro S.Xursanovaning turmush o‘rtog‘i J.Xursanovning to‘liq uy-joyga bo‘lgan egalik huquqi tuman hokimi qarori bilan bekor qilingani to‘g‘risidagi iddaolari esa mutlaqo asossizdir.

Sariosiyo tumani hokimligi o‘zboshimchalik bilan egallangan hududda  shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda qurilgan va  keyinchalik buzib tashlangan yordamchi xo‘jalik binolari uchun qonunchilikka muvofiq kompensatsiya to‘lanmasligini ma'lum qiladi. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech