28 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23 °C

Ijtimoiy hayot
1 Aprel  2020 774

Saxovatli tadbirkorlar safi kengaymoqda

Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida koronavirus infeksiyasi tarqalib, odamlarning halovatinidan ayirgan, yaʼni zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmaslik soʻralayotgan shu kunlarda saxovatli insonlarning xayrli amallari aholiga xotirjamlik bagʻishlamoqda. Jumladan, bunday sinovli kunlarda bir-biriga nisbatan xayrxoh boʻlish, yaʼni kam taʼminlangan oilalar, boquvchisini yoʻqotganlar, nogiron shaxslar holidan xabar olish, ularga muruvvat koʻrsatish, mushkul ahvolga tushgan vatandoshlarini qoʻllab-quvvatlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanaladi. Qolaversa, ayni mushkul sharoitda kimning aslida kimligi bilinadi.

Bunday fikrlashimizga sabab, hozirgi murakkab vaziyatda ayrim kimsalar tadbirkorlikni pesha qilib, xalqining mushkuli ortidan boylik orttirishga kirishib ketgan boʻlsa, yana kimdir muruvvat qoʻlini choʻzib, insoniylik fazilatlari bilan namuna boʻlmoqda.

Jumladan, bugun ishtixonlik tadbirkorlar hamyurtlarining hotirjamligini taʼminlash, vaziyatdan kelib chiqqan holda odamlarni sogʻligʻi va taʼminotini qoʻllab-quvvatlash maqsadida saxovatpeshalik yordamini koʻrsatishmoqda. Masalan, Amirqul Rahmatullayev tumanda istiqomat qilib kelayotgan 32ta xonadonga un va yogʻdan iborat oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berdi. Bu esa butun “Gulobod” mahalla ahlini behad quvontirdi. Avval ham bir necha bor tumandagi qoʻli ochiq insonlarning shunday saxovatini guvohi boʻlgandik. Xususan, “Domla Abroriy umr” fermer xoʻjaligi rahbari Abror Rabbimov “Xalqobod” mahalasidagi 11ta kam taʼminlangan oilaga bir qopdan un va yogʻ bepul yetkazib bergan boʻlsa, yosh tadbirkor Firdavs Matlyubov oʻzi yashab turgan “Shayxlarkent” mahallasidagi 15ta kam taʼminlangan oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy niqoblarni bepul tarqatgandi. Shuningdek, tadbirkor Saidahmad Tojiyevning mingdan ortiq tibbiy niqob, xoʻjalik sovuni hamda isiriqni bepul tarqatgani ham diqqatga sazovor.

Bugun yurtimizda ular singari saxovatli tadbirkorlarning safi kengayib bormoqda. Albatta, ularning amalga oshirayotgan bu kabi xayrli ishlari barchaga namuna vazifasini oʻtaydi. Zotan, yurtimizda bular singari yana koʻplab tadbirkorlarning bagʻrikengligi kulfatdan baxt izlayotganlar uchun saboq boʻlsa ajabmas.

Gulsum Shodiyeva.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech