06 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +26,9 °C

Biznes
3 Iyul  2020 713

Sement importini yengillashtirish topshirigʻi berildi

Sement importi boʻyicha cheklovlar bekor qilinganligiga qaramasdan joriy yilning iyun – iyul oylarida birjaning sement bozorida talabning sezilarli darajada oʻsishi natijasida narxlarning oshishi holatlari kuzatilmoqda.

2020-yilning yanvar-iyun oylarida birjada barcha markali sementning narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 502,0 ming soʻmdan 797,0 ming soʻmgacha, yaʼni 59 foizga oʻsdi. Narxlarning oʻsishi asosan joriy yilning may–iyun oylariga, yaʼni qurilish mavsumining boshlanish davrlariga toʻgʻri keladi.

Sementga boʻlgan talab va narxlarning oshishiga amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining faollashuvi va jadallashuvi hamda sement mahsuloti importi hajmlarining kamayganligi sabab boʻlmoqda.

Hukumat topshiriqlariga asosan sement narxining shakllanishiga birja tomonidan har bir xaridor uchun 114,0 tonna miqdoridagi kunlik limitning qoʻllanilishi oʻz ijobiy taʼsirini koʻrsatib, oʻtgan savdolarda sement mahsulotini xarid qilgan ishtirokchilarning soni deyarli ikki barobarga koʻpayib, 540 nafarni tashkil etdi.

2020-yilning 26-iyun kuni 1 tonna sementning oʻrtacha narxi 797,0 ming soʻmni tashkil etgan boʻlsa 30-iyun kuniga 728,9 ming soʻmni tashkil etdi (8,5 foizga arzonlashgan).

Biroq, mazkur tadbir ham sementga boʻlgan talabning yuqoriligi sababli narxlarni sezilarli darajada tushirilishiga va talabning qondirilishiga yetarlicha taʼsir etmadi.

Sementga boʻlgan talabning mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan toʻliq qoplab berilmayotganligi sababli, import sementga ham extiyoj oshmoqda. Lekin, bu holatda ham tadbirkorlar maʼlum qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.

Xususan, bugungi kunda GOST 31107-2016 va GOST 10178-85 meʼyoriy hujjatlari talablariga asosan import asosida olib kirilgan sement mahsulotini bojxonada rasmiylashtirish uchun 28 kun laboratoriya sinovlaridan oʻtkaziladi hamda ijobiy laboratoriya xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda ichki bozorda realizatsiya qilinadi. Buning hisobiga importidan sement mahsulotini olib kirish hajmlari oldingi davrlarga nisbatan sezilarli kamaygan.

Ushbu masala boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida joriy yil 2-iyulda boʻlib oʻtgan yigʻilishda, sement bozorida taklif darajasini koʻtarish va ichki bozorni uzluksiz ravishda sement bilan taʼminlash maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga sement mahsulotini import asosida olib kirishda mavjud notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, bunda sifatsiz sement import qiluvchilarni javobgarligini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va tegishli qaror loyihasini tez kunlarda kiritish topshirigʻi berildi, deb xabar beradi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech