17 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,2 °C

Ijtimoiy hayot
22 Aprel  2019 1403

Sergelida qurilayotgan uylarning sifati va narxi o‘rganilmoqda

Xabaringiz bor, keyingi vaqtlarda Sergeli tumanining 5-dahasida barpo etilgan arzon uylarning sifati va narxi masalasi ayrim e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda va ijtimoiy tarmoqlarda muhokama etilmoqda.

Shu sababli 11 aprel kuni Sergeli tuman hokimligida Hukumat a'zolari ishtirokida ushbu uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Unda tumandagi arzon ko‘p qavatli uylarning narxlari, qurilishning sifati va yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar muhokama qilinib, fuqarolarning murojaatlari tinglangan edi.

 Sayyor yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalarni joyining o‘zida o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha ikkita komissiya tuzildi. Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev rahbarligidagi komissiyaga uylarning narxlari masalasini o‘rganish, ularni imkon qadar arzonlashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish, qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev rahbarligidagi komissiyaga qurilishdagi kamchiliklarni o‘rganish va joyining o‘zida bartaraf etish vazifalari topshirildi.

Ushbu komissiyalarning yig‘ilishida komissiyalar rahbarlarining hozirga qadar bajargan ishlari haqida axborotlari tinglandi.

Qurilish vaziri 2 686 ta xonadon o‘rganilgani, ulardan 283 tasida kamchilik aniqlangani va bartaraf etilgani, hyech kim yashamayotgani sababli 155 ta xonadonni o‘rganish imkoni bo‘lmaganini ma'lum qildi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri respublika miqyosida qurilish materiallarining narxlari tahlil qilinayotgani, ularning katalogi tayyorlanib, davlat tomonidan qurilish tashkilotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlarning qo‘llanilishi o‘rganilayotgani, bank marjasi va sug‘urta pulini kamaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilayotgani haqida axborot berdi.

Komissiyalarning axborotlari tanqidiy muhokama qilindi. Ularga ishni yanada jadallashtirish, komissiyalar faoliyatiga jamoatchilik vakillari, shu xonadonlarda yashaydigan fuqarolarni keng jalb etish zarurligi ta'kidlandi. Ijtimoiy uylar qurilishini biznesga aylantirib yuborishga yo‘l qo‘yilmasligi qat'iy uqtirildi.

Shundan so‘ng komissiyalar a'zolari Sanobarxon Sodirova yashaydigan 18-uy, 45-xonadonda bo‘lib, bu yerda bajarilgan qo‘shimcha ta'mirlash ishlari bilan tanishdi.

– Men uyimizning qurilish sifatidan shikoyat qilgan edim, – deydi Sanobarxon Sodirova. – Uch kun ichida hamma kamchiliklar tuzatildi. Ochig‘i, bunday e'tiborni kutmagan, chala ishlar tezda yakuniga yetkazilishiga ishonmagan edim. Bundan juda xursandmiz.

29-uyda yashovchi fuqarolar ham qo‘shimcha ta'mirlash ishlaridan mamnunliklarini bildirishdi. Shu bilan birga, bu yerda xotin-qizlarning ayrimlari ishsizligi, ish joyi uzoqda bo‘lgani uchun qatnashga qiynalayotgani haqida so‘zlashdi. Komissiya tomonidan shu yerning o‘zida qisqa muddatda tikuvchilik korxonasi tashkil qilish va xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha aniq vazifa belgilab olindi.

28-uy ahli bilan muloqotlar ham qizg‘in kechdi. Muloqotning video lavhasini mana bu yerda tomosha qilishingiz mumkin. 

– Men ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman, – dedi nafaqadagi o‘qituvchi Mavluda Salohiddinova. – Rivojlangan davlatlarda ham aholining ko‘pchiligi ijarada yashaydi. Yurtimizda uyga muhtoj fuqarolar uchun mana hozir yoppasiga arzon uylar qurilyapti. Biz ham o‘z uyimizga ega bo‘ldik. Bularning hammasi uchun avvalo shukr qilishimiz, yoshlarimizni boqimandalikka o‘rgatib qo‘ymasligimiz kerak.

Komissiya a'zolari xonadonma-xonadan yurganini eshitib, aholi yig‘ila boshladi va ular bilan muloqot qizib ketdi. Hududda infratuzilmani rivojlantirish, qo‘shimcha maktab, maktabgacha ta'lim, tibbiyot muassasalari qurish masalalari o‘rtaga tashlandi.

Komissiya a'zolari bu yerda davlat dasturlarida ko‘zda tutilganidan tashqari yana 4 ta maktab va 4 ta maktabgacha ta'lim muassasasi, 1 ta poliklinika qurilishi shu yilning kuzida yakuniga yetkazilishini ta'kidladi. Transport qatnovi masalalari ham hal etilishi aytib o‘tildi.

– Ko‘rib turibsiz, davlatimiz fuqarolar uchun yaxshi sharoitlar yaratayapti, – dedi “Nuroniy” jamg‘armasi Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosari Sharof Ubaydullaev. – O‘zingiz ayting, o‘tgan yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun shunday keng miqyosda uylar qurilganmi? Albatta, yo‘q. Endi o‘zingiz shu uylarda yashayapsiz, kamchiliklari mana tuzatildi. Bu ishlar davlatimizning doimiy nazoratida ekani barchamizni xursand qiladi.

Uchrashuvda hududda mahalla fuqarolar yig‘inlarini tashkil etish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini tuzish va ularning rahbarlarini shu yerdagi faollar orasidan saylash taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Belgilangan barcha ishlar sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, xotin-qizlar qo‘mitalari faollaridan iborat jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, komissiyalar o‘z ishlarini davom ettirmoqda. 11 may kuni uylar qurilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, uylar narxlarini tushirish bo‘yicha qilingan ishlar haqida bu yerda yashaydigan fuqarolar oldida batafsil hisobot beriladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech