28 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,2 °C

Xalqaro hamkorlik
10 Aprel  2020 839

Sharofiddin Nazarov: YEOII bilan inetegratsiyalashuv jarayonlari parlament eʼtiborida

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning qamrovi va dinamikasi mamlakat iqtisodiyotini jahondagi integratsiyalashgan tizimlar bilan samarali aloqalar oʻrnatishni talab etmoqda. Ayniqsa, qoʻshni va geografik jihatdan yaqin mamlakatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni hududiy uyushmalar shaklida samarali rivojlantirayotgan mamlakatlar bilan uzviy aloqalarni oʻrnatish mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish, tannarxini pasaytirish, iqtisodiyotimizga yangi texnologiyalarni olib kelish, transport-tranzit salohiyatimizni yana-da kengaytirish, yangi eksport bozorlarini topishimizda muhim ahamiyatga ega.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvarda parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorligi masalasiga jiddiy eʼtibor berib, ushbu integratsiyalashuv jarayoni Oliy Majlis palatalari tomonidan har tomonlama koʻrib chiqilishi, parlament xalq vakillari sifatida xalq manfaatlari va ularning xohish-irodasini hisobga olgan holda, xulosa chiqarishlari lozimligini taʼkidlagan edi.

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitalari va partiya fraksiyalari tomonidan YEOII bilan hamkorlik qilishga oid tahliliy va baholash ishlari boshlab yuborildi. Eng avvalo, ushbu masala Qonunchilik palatasining kengashida atroflicha muhokama qilindi, YEOII bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrganishni tashkil etish boʻyicha Ishchi guruhi tuzildi va palata tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi aniqlab olindi.

Mazkur masala parlament quyi palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining ham diqqat markazida turibdi. Qoʻmita aʼzolari tomonidan ayni paytda YEOII bilan integratsiyalashuvning tashqi savdo, bojxona-tarif tizimini tartibga solish, byudjet, bank-moliya sohasi va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash mexanizmlariga oid yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining izlanishlari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif va xulosalar batafsil oʻrganib chiqilyapti.

Bundan tashqari, YEOII bilan hamkorlikning chuqurlashish darajasini hisobga olgan holda, iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, shu jumladan, tashqi raqobatdan nisbatan himoyalangan sanoat tarmoqlarining oʻrta va uzoq muddatda rivojlanish ssenariylari hamda ularning oqibatlarini baholashga oid hukumat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan tahlillar natijalari boʻyicha tegishli vazirlik va qoʻmitalarga soʻrovnomalar shakllantirilmoqda.

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkiloti va YEOIIga integratsiyalashuv jarayonlarida oʻzaro bogʻliqlik mavjudligini hisobga olgan holda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotimizga taʼsiri kompleks oʻrganishni talab etadi. Shu tufayli ham Qonunchilik palatasida, partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalarda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan bu borada amalga oshirilgan zarur chora-tadbirlar toʻgʻrisida, tegishli tahliliy materiallar va xulosalar bilan tanishishga boʻlgan qiziqish katta. Yuqoridagilarni inobatga olib, qoʻmitamizning ishchi yigʻilishida Investitsiya va tashqi savdo vazirligi mutasaddilarini videokonferens aloqa tarzida ishtirok etishini taʼminlab, qoʻmita aʼzolari va partiya fraksiyalarini qiziqtirgan savollarga javob olishni rejalashtirganmiz.

Qoʻmitamiz belgilagan ish rejasiga koʻra, deputatlar tomonidan YEOIIga aʼzo boʻlishning foydali jihatlari, vujudga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar va xavf-xatarlar ham alohida oʻrganilishi belgilangan. Avvalambor, shuni hisobga olishimiz kerakki, YEOII biz uchun katta bozor va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratadi. Tadbirkorlarimizning mahsulotlariga YEOII tomonidan qoʻyiladigan texnikaviy, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya standartlari va normalarini qoʻllashda muayyan erkinlik hamda yengilliklarga ega boʻlishimiz mumkin. Shu oʻrinda iqtisodiy hamkorlikning ushbu jihatlarini ham eʼtiborga olgan holda, yuqorida aytib oʻtilgan soha vakillarini ham xulosalarini olish rejalashtirilgan.

Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, Oʻzbekistonning mintaqaviy tuzilmalar bilan integratsiyalashuvi Yevroosiyo mintaqasidagi davlatlar bilan ikki tomonlama emas, balki institutlashgan holda, tegishli huquqiy meʼyorlar orqali aloqalarni oʻrnatishni talab etadi. Hamkorlikni tartibga solish mexanizmlari qanchalik teng huquqlilik, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlasa, kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizolar va har xil muammolar tez va adolatli hal etiladi.

Qayd etish joizki, YEOII taʼsis hujjatlari nizomlari va boshqa meʼyoriy hujjatlari Hukumat tomonidan deputatlarga taqdim etildi, ularni chuqur oʻrganib chiqish muayyan vaqtni talab etadi. Shu tufayli ham YEOIIga aʼzo mamlakatlarning tashqi bojxona siyosatini muvofiqlashtirish, aʼzo davlatlar uchinchi mamlakatlar yoki shunday ittifoqlar bilan erkin bitimlar tuzish, YEOII umumiy energiya bozori, umumiy aksiz mahsulotlari bozori (alkogol va tamaki), umumiy auditorlik xizmatlari bozori, umumiy pul birligi bozori kabi muhim hujjatlar huquqiy jihatdan chuqur oʻrganila boshlandi.

Ushbu oʻrganish jarayonlarida YEOIIga integratsiyalashuvning davlat institutlarining roli, samaradorligi va ish sifatiga taʼsiri, proteksionistik tariflarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga uchinchi mamlakatlardan zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirishga toʻsiqinlik qilishi mumkinligi, aʼzo davlatlar tashqi savdo siyosatini dunyoda yuzaga kelgan holatdan chiqib, mustaqil, tez muvofiqlashtirish imkoniyatlari, aʼzo mamlakatlar oʻrtasida yuzaga keladigan raqobatni buzish holatlari boʻyicha nizolarni bartaraf etish qobiliyati, YEOII sudining xususiy biznes manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlari kabi yana bir qancha muhim masalalarga ham eʼtibor qaratilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, parlament tomonidan ushbu oʻrganishlar Oʻzbekiston YEOIIga qanday shaklda aʼzo boʻlib kirishi maqsadga muvofiq ekanini koʻrsatib beradi. YEOII bilan hamkorlikning maʼlum bir shaklini (toʻlaqonli aʼzo, kuzatuvchi maqomiga ega boʻlish yoki YEOII+1) tanlab, uni amalga oshirish muayyan bir muddatni talab etadi. Shuni eʼtiborga olgan holda, avvalo, Oʻzbekistonning integratsiyalashuv tuzilmalariga aʼzo boʻlishi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi barqarorlik, bozorimizdagi narx-navo va sanoatimizga qanday taʼsir qilishiga oid tasavvurlarni shakllantirib olish juda muhim masala.

Oʻzbekistonning YEOII bilan integratsiyalashuv jarayoni tashqi savdo va investitsiya siyosatimizda katta oʻzgarishlarga olib kelishini nazarda tutgan holda, deputatlarimiz YEOII bilan integratsiyalashuvning ijobiy va salbiy tomonlariga yetarlicha toʻgʻri baho bera oladi, deb oʻylayman. Maʼlumot uchun aytmoqchimanki, bu borada fraksiyalar va qoʻmitalarda ushbu mavzuga oid bahs-munozaralar boshlab yuborilgan. Bu esa, Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida yaqin kelajakda tanlab oladigan rivojlanish vektorini tezroq aniqlab olish imkonini beradi.

Sharofiddin Nazarov, 
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech