04 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,9 °C

Xalqaro hamkorlik
20 Fevral  2020 1666

Shavkat Mirziyoyev: Har qaysi davlat, har qaysi xalq intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Ushbu majmua Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdogʻan tashabbusi bilan bunyod etilgan. Mahobatli kutubxona kitob fondi (4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron fayl) hamda xizmat darajasi boʻyicha dunyodagi eng ulkanlaridan biridir. Ushbu maʼnaviy boylik maskani Prezident qarorgohi – Jumhurbashkanligi saroyi yonida qurilgani ham uning ahamiyatini koʻrsatadi.

Ochilish marosimida butun dunyodan ikki mingga yaqin mehmon - olimlar, yozuvchilar, taʼlim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti tomonidan taklif etilgan oliy darajadagi yagona mehmon boʻldi.

Bunda ham oʻziga xos chuqur maʼno bor. Davlatimiz rahbarining kitobga mehri, kitobxonlik targʻibotiga eʼtibori boʻlakcha. Maʼrifat, taʼlim, yoshlar tarbiyasiga oid xalqaro tashabbuslari ham barchaga maʼlum. Joriy yil Oʻzbekistonda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilingani ham ilmga eʼtiborning yana bir dalolati.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Davlatimiz rahbari shunday muhim va shukuhli voqeaga taklif uchun minnatdorlik bildirib, qardosh turk xalqini ushbu ilm-maʼrifat maskani bilan muborakbod etdi.

– Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda, – dedi Prezidentimiz.

Oʻzbek va turk xalqlarining ildizi bir, maʼnaviyati mushtarak. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Alisher Navoiy merosi xalqlarimizning milliy yuksalishiga katta hissa qoʻshgan. Qozizoda Rumiy Samarqandda mudarrislik qilgan. Ali Qushchi hayotining soʻnggi yillarini Istanbulda oʻtkazgan. Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif Soʻfizoda, Said Ahroriy kabi koʻplab jadid bobolarimiz Turkiyada tahsil olgan.

Bugungi kunda Istanbulda Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet bor. Turkiya kitob fondlarida Alisher Navoiy asarlarining 100 dan ortiq qoʻlyozmalari saqlanib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari yurtimizda zamonaviy maktablar, ilmiy-maʼrifiy markazlar tashkil etilayotganini taʼkidladi.

Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, hadis, kalom, aqiyda, tasavvuf, fiqh maktablari ochilgan. Toshkent shahrida koʻp asrlik maʼrifat xazinasini namoyon etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda.

Bu yil ulugʻ allomalar Abduxoliq Gʻijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavalludlariga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi. Mahmudxoʻja Behbudiy tugʻilganining 145-yillik sanasi nishonlanadi. Shuningdek, joriy yilda Buxoro shahri Islom madaniyati poytaxti, Xiva shahri Turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb eʼlon qilingani munosabati bilan bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz turkiyalik olimlar, adabiyotshunos va dinshunoslarni ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirlarga taklif etdi. Oʻzbekistonning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qoʻlyozma asarlar saqlanayotgani, ularning aksariyati oʻz tadqiqotchilarini kutayotganini taʼkidladi.

Turkiya Prezidenti ushbu quvonchli ayyomda Oʻzbekiston Prezidenti rafiqasi bilan birga ishtirok etayotgani uchun tashakkur izhor etdi.

- Oʻzbekiston biz uchun madaniy tasavvurimizni shakllantirgan, olimlarni yetishtirgan, ilm, irfon va maʼnaviy dunyomizni taʼminlagan hayotiy manbalarimizdan eng muhimidir, - dedi Rejep Tayyip Erdogʻan. - Ilm muhiti asrlar davomida Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bogʻlab, oʻzaro boyitgandir. Bu kun Xalq kutubxonasini Janobi oliylari bilan birgalikda ochib, mushtarak madaniyatimiz haqida butun dunyoga muhim bir ishora bermoqdamiz.

Shavkat Mirziyoyev dunyoda oʻta noyob boʻlgan “Usmon Musʼhafi”ning xattotlarimiz tomonidan koʻchirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom, Yunus Emro sheʼrlarining oʻzbek tiliga tarjimasi jamlangan “Oʻlmas koʻngul” deb nomlangan kitoblarni kutubxonaga tuhfa qildi.

Shuningdek, Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblar taqdim etildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech