13 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,3 °C

Xalqaro munosabatlar
26 Mart  2019 1876

Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri, Dubay amiri bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida 26-mart kuni Dubay shahrida BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

 

Amirliklarning eng yirik shahri Dubay insoniyat ilmiy-texnik taraqqiyotining eng ilg‘or yutuqlarini o‘zida mujassam etgan. Masalan, dunyoning sakkizinchi mo‘jizasi, deb e’tirof etilayotgan Palm Islands sun’iy orollari inson qo‘li bilan yaratilgan eng yirik arxipelag bo‘lib, o‘zining miqyosi va ko‘rkamligi bilan hayratga soladi. Bu yerda muhtasham mehmonxonalar joylashgan. Sayyoramizdagi eng baland osmono‘par bino - Burj Khalifa esa 11 ko‘rsatkich bo‘yicha Ginnes rekordlar kitobiga kirgan.

Dubayda dunyodagi eng uzun avtomatlashtirilgan metro tizimi va usti yopiq piyodalar o‘tish yo‘lagi mavjud. Sahroda joylashganiga qaramay, shaharda jahonning eng yirik gullar bog‘i barpo etilgan. Bu yerdagi plyajlar eng toza deb tan olingan. Shaharga bir yilda o‘rtacha salkam 16 million kishi tashrif buyurishi bejiz emas. Dubay boshqa soha va yo‘nalishlarda ham ko‘plab rekordlarni zabt etgan.

Bularning barchasi ochiqlik va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish siyosati tufaylidir. Dubayning jadal ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘p jihatdan shahar va amirlik hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning g‘oyalari kuchli turtki bo‘ldi.

O‘zbekiston ham dunyoga ochilmoqda. Mamlakatimiz jadal va izchil rivojlanish yo‘lidan bormoqda, bu jarayonda jahon tajribasini o‘rganish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan innovatsion, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda faol hamkorlik qilish muhim o‘rin tutadi.

Ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan “Zaabil” saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvining asosiy mavzusi bo‘ldi. 

BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, kecha Abu-Dabida mamlakatlarimiz o‘rtasida erishilgan kelishuvlardan mamnun ekanini ta’kidladi. Dubay amiri o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqqan O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mehmondo‘stlik va istiqbolli qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari, jumladan, Dubay amirligi bilan do‘stlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Ishonch ruhida o‘tgan suhbatda qator sohalarda sheriklik va tajriba almashishni kengaytirish yo‘llari, turli darajalarda yangi aloqalar o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralardan so‘ng imzolangan hujjatlar bilan almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qo‘shma investitsion kompaniya tashkil etish to‘g‘risida shartnoma, Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy agroklaster tashkil etish to‘g‘risida bitimlar, qishloq xo‘jaligi va logistika sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar shular jumlasidan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech