25 Yanvar 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +6 °C

Xalqaro munosabatlar
29 Noyabr  2019 1319
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev: Biz oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni rivojlantirishning sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichiga ko‘tarildik

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muzokaralar an'anaviy do‘stlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tganini, davlat rahbarlarining mintaqada ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yanada mustahkamlashga bo‘lgan intilishi va qat'iy siyosiy irodasining yaqqol ifodasi bo‘lganini ta'kidladi.

– Biz o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildik. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish yo‘lida butunlay hamfikr ekanimizni yana bir bor tasdiqladik. Uchrashuv dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha bizning qarash va yondashuvlarimiz, o‘zaro juda yaqin ekanini namoyish etdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuvda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgani ma'lum qilindi. 

Tomonlar hududlar darajasida faol almashinuvlar va  muloqotni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ilm-fan, ta'lim, turizm, madaniyat va sport sohalarida qo‘shma tadbirlarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldilar.

Muzokaralar chog‘ida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash uchun ko‘p tomonlama hamkorlik masalalariga jiddiy e'tibor qaratilgani aytildi.

Sammit yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi hamda Maslahat uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish reglamenti ma'qullandi. 

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev bir ovozdan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Faxriy raisi etib saylandi.
– Bizni mushtarak tarix va madaniyat, yagona muqaddas din, o‘xshash mentalitet, ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va an'analar, hamda ajralmas do‘stlik chambarchas bog‘lab turadi. Bularning barchasi, xalqlarimiz farovonligi va ravnaqi yo‘lida Markaziy Osiyo davlatlari salohiyatini birlashtirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorligimizga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev. 

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kelgusi yili Qirg‘izistonda o‘tkaziladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech