15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20 °C

Hukumat
1 May  2019 1671
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev: Surxondaryo viloyati salohiyatining hali o‘ndan biri ham ishga solinmagan

Termiz shahrida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sessiyani ochiq muloqot tarzida o‘tkazishni taklif qildi.

– Haqiqiy ahvolni gapirgan odam bizga do‘st. Uchrashuvimiz hamma masalalarni joy joyiga qo‘yish bo‘yicha foydali bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz foydali qazilmalarga boy, uch martagacha hosil olsa bo‘ladigan tabiiy sharoitga ega, aholisi mehnatsevar Surxondaryo viloyati salohiyatining hali o‘ndan biri ham ishga solinmaganini qayd etdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimiz ko‘rsatkichidan 2,3 barobar, xizmat ko‘rsatish 2 barobar, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish 8 barobar kam ekanini ko‘rsatib o‘tdi. Viloyatda iqtisodiy faol aholining 10 foizi ishsiz, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 54 foiz ekani tanqid qilindi.

Shu kabi masalalarni hal etish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish maqsadida 2019-2020-yillar uchun umumiy qiymati 23 trillion 632 milliard so‘m bo‘lgan 649 investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. Bular doirasida 2,2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, 11 ming 500 ta ish o‘rni yaratish mo‘lajallangan.

Bundan tashqari, Surxondaryoning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini chuqur o‘rgangan holda viloyatni 2030-yilgacha kompleks rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya ham ishlab chiqilmoqda.

Prezidentimiz chet eldan investitsiya olib kelib, zamonaviy korxonalar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi va mahalliy byudjetlar daromadini ko‘paytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech