21 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7,8 °C

Hukumat
6 May  2019 1707
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev ipakchilik klasterlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi “Ipak gilamlar” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari ilgari surgan Besh tashabbusning beshinchisi ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan. Bu tashabbusni amalga oshirish uchun “O‘zbekpaxtasanoat” va “O‘zbekipaksanoat” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan mamlakatimizning barcha tumanlarda tikuv-trikotaj korxonalarini tashkil etish va xotin-qizlarni ishga jalb etish belgilangan. 

Qo‘shtepa tumanidagi «Ipak gilamlar» korxonasi  ana shunday muassasalardan biridir.

Ikki qavatli binoda xotin-qizlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Turkiyadan zarur uskunalar olib kelinib, yiliga 9 milliard so‘mlik 500 kvadrat metr ipak gilam ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan.

Bugun bu yerda 200 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Mahsulotlar AQSh, Turkiya, Rossiya, Eron va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 

Ipakdan to‘qilgan gilamlarning noyobligi shundaki, yillar o‘tsa ham xususiyatini yo‘qotmaydi, aksincha, rangi yanada ochilib boradi. Shuning uchun bunday gilamlarning o‘lchami kichik bo‘lsa-da, jahon bozorida juda qimmat hisoblanadi. Devoriy suratcha keladigan birgina gilamcha 500 dollargacha sotilishi mumkin. 

Shu bois korxonada eksportni yiliga 500 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.  

Davlatimiz rahbari korxona faoliyatini yanada kengaytirish, bu yerni Farg‘ona turizm yo‘nalishiga kiritish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda uning rastalarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

– Bunday korxonalar ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan juda zarur. Birinchidan, yuzlab xotin-qizlar ish bilan ta’minlanadi. Ikkinchidan, yurtimizda bu sohada an’ana, katta imkoniyat bor. Mintaqa davlatlariga, tashqi bozorlarga esa yo‘llar ochiq. Shuning uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi tasarrufida ipakdan mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha klasterlar tashkil etish kerak. Shunda xomashyo yetkazish ham barqaror bo‘ladi, tannarx ham tushadi. Pilla boqishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonda minglab xotin-qizlarimiz ishlaydi. Ishlagan ayolning turmushi, dunyoqarashi, farzand tarbiyasiga e’tibori ham boshqacha bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu borada tegishli qaror loyihasi ishlab chiqish, xotin-qizlar uchun ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech