31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

Hukumat
20 May  2020 484
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev: Toshkentda ilmiy tadqiqotlar uchun juda katta manba bor

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11-yanvar kuni poytaxtimizdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv chogʻida Toshkent shahri muzeyini tashkil etish boʻyicha tavsiyalar bergan edi. Adiblar xiyoboni yonidagi bino rekonstruksiya qilinib, mazkur muzey shu yerga joylashtirildi.

Buyuk ipak yoʻlining gavjum chorrahasida joylashgan Toshkent asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va maʼrifat markazlaridan boʻlib kelgan. Vatanimizning oltin ostonasi boʻlmish poytaxtimiz bugungi kunda yana-da rivojlanib, goʻzal va obod megapolislardan biriga aylanib bormoqda. Lekin shunday katta shahar shu vaqtga qadar oʻzining muzeyiga ega emas edi.

Toshkent shahri muzeyi 2200-yillik tarixga ega boʻlgan hududning qadim oʻtmishi, urf-odat va anʼanalari, ilm-fani, madaniyati va sanʼatini oʻzida aks ettiradi. Hozirgacha bu yerda mingga yaqin eksponatlar toʻplangan. Muzey fondini boyitish izchil davom ettirilmoqda.

Birinchi qavatda “Toshkent – ilm-fan markazi”, “Toshkent – bagʻrikenglik shahri”, “Amaliy sanʼat. Kundalik hayot va madaniyat” deb nomlangan ekspozitsiyalar tashkil etilgan. Ikkinchi qavatda qadimiy ish qurollari, xoʻjalik buyumlari, qadamjolarning maketlari namoyishga qoʻyilgan.

Eksponatlarga oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi matnlar bilan sharh beriladi. Monitorlar, infokiosklar va boshqa texnologiyalar yordamida qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etiladi.

- Bu birinchi qadam, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Toshkentda ilmiy tadqiqotlar uchun juda katta manba bor. Lekin shu paytgacha yaxlit va toʻliq oʻrganilmagan. Endi 2200-yillik tarixni davrma-davr oʻrganish, muzeyni ashyoviy dalillar bilan boyitib, shahar sivilizatsiyasini toʻla yuzaga chiqarish kerak.

Shu maqsadda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilish, arxeologlarga sharoit yaratish, izlanishlar natijasi boʻyicha kitoblar chop etish zarurligi taʼkidlandi. Mahalla va maktab yoshlarini bu yerga olib kelish, boshqa shaharlarda ham shunday muzeylar tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Muzey Adiblar xiyoboni yonida tashkil etilgani ham bejiz emas. Yozuvchi va shoirlar, tarixnavislar uning faoliyatini jonlantirish, xorijliklarga targʻib etishga hissa qoʻshadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech