07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15 °C

Biznes
26 Noyabr  2019 1593

Tovarlarni markirovkalash tizimi ­– soxta mahsulotlarga qarshi kurashningsamarali usuli

Ma'lumki, 2019-yilning 23-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlarni identifikatsiya vositalari yordamida markirovkalash va kelgusida kuzatish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga asosan 2019-yil dekabrdan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun mahsulotlarni identifikatsiya vositalari yordamida markirovkalash va kelgusida kuzatish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish boshlanadi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bu ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilarga nima beradi?

Ishlab chiqaruvchilar uchun mazkur tizimni joriy etish bu:

-  kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishning samarali mexanizmi;

- biznes-jarayonlar samaradorligini yaxshilash;

- mahsulotlarning oxirgi iste'molchigacha bo‘lgan yetkazib berish jarayonini aniq vaqt rejimida kuzatib borish;

- mahsulot realizatsiyasidan kelib chiqib ishlab chiqarishni rejalashtirish imkoniyatidir.

Iste'molchilar uchun mazkur tizimni joriy etish:

- sotib olgan mahsulotlari haqida batafsil ma'lumot olish;

- sotib olgan mahsulotlarining qonuniy ishlab chiqarilganligi va o‘zlari va yaqinlari sog‘ligiga ziyon yetkazmasliga ishonch xosil qilish imkonini beradi.

Iste'molchilar uchun markirovkalangan mahsulotlardagi QR-kodni o‘qish va shu orqali aniq vaqt rejimida ushbu mahsulot haqida batafsil ma'lumotlarni ko‘rish imkonini beruvchi, bepul mobil ilova ishlab chiqiladi.

Davlatga qanday foydasi bor?

Mazkur tizimni joriy etish – bu noquniy ishlab chiqarilgan va import qilingan (kontrabanda va kontrafakt) mahsulotlarga qarshi kurashishning samarali usuli shuningdek, ishlab chiqarilgan va import qilingan mahsulotlarning aniq hisobini yuritish vositasidir.

Bundan tashqari mahsulotlarning aholi o‘rtasida xaridorgirligi, talab va taklif dinamikasini o‘rganish, uning iste'molini sifatli prognozlashga yordam beradi.

Yangi markirovkalash tizimi – ishlab chiqarilgan va import qilingan mahsulotlarning davlat standartlariga to‘g‘ri kelishi ustidan yanada samarali nazorat qilish, mazkur mahsulot sertifikatlanganligi haqida xabardor bo‘lish shuningdek, xufiyona bozorning qisqarishi natijasida Davlat byudjetiga soliq va boshqa majburiy to‘lovlar tushumi miqdorining oshishiga  xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tajriba loyihasini amalga oshirish doirasida:

tajriba loyihasi ishtirokchilarining, shuningdek identifikatsiya vositalari yordamida markirovkalanadigan va kelgusida kuzatiladigan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tadbirkorlik sub'ektlarining tarkibi aniqlanishi;

- tajriba loyihasi ishga tushirilishini va kelgusida monitoring qilinishini, uslubiy qo‘llab-quvvatlanishini, shuningdek, tajriba loyihasi ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik tashkil etilishini ta'minlaydi.

Kim operator?

Tajriba loyihasini amalga oshirish davrida “Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish markazi” mas'uliyati cheklangan jamiyati (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan ta'sis etilgan “CRPT TURON” mas'uliyati cheklangan jamiyat mahsulotlarni markirovkalash va kuzatish axborot tizimining operatori etib tayinlandi.

Shuningdek “CRPT TURON” MChJ beg‘araz asosda:

- axborot tizimidan foydalanish imkoniyatini, manfaatdor vazirlik va idoralarning axborot tizimi bilan tajriba loyihasini amalga oshirishga doir o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishni;

- O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining yagona axborot-resurs bazasiga axborot tizimining ishlashi uchun zarur bo‘lgan server, telekommunikatsiya va boshqa asbob-uskunalarni o‘rnatish va ishga tushirishni;

- mahsulotlari identifikatsiya vositalari yordamida markirovkalanadigan va kelgusida kuzatiladigan tadbirkorlik sub'ektlarining hududida zarur markirovkalash, server, telekommunikatsiya va boshqa asbob-uskunalarni o‘rnatish hamda sozlash, kelgusida ularni axborot tizimiga ulanishini ta'minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, tajriba loyihasini amalga oshirish davrida markirovkalash tizimini joriy etish bilan bog‘liq barcha harajatlar mazkur kompaniya tomonidan qoplanadi.

Tajriba loyihasidan kutilayotgan natijalar

Qarorda tamaki va alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari birinchi navbatda markirovkalanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ana shu maqsadda sigaretalar, alkogol mahsulotlarini markirovkalash va kuzatish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida vaqtincha nizomlar hamda amaliy chora-tadbirlar rejalari tasdiqlandi.

Tajriba loyihasini amalga oshirish natijalari shuningdek, mahsulotlarni markirovkalash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar 2020-yil 1-iyulga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Hisobotda:

- Markirovkalanadigan mahsulotlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich kengaytirish, bunda birinchi navbatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni markirovkalash tizimi bilan qamrab olish;

- umumjahon standartlari va xalqaro tajribani inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida ishlab chiqarilgan va import qilingan mahsulotlar elektron bazasini (Elektron katalog) yaratish ko‘zda tutiladi.

Malakatimiz hududida realizatsiya qilinadigan mahsulotlar haqidagi batafsil ma'lumotlar mazkur katalogdan o‘rin oladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech