04 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,5 °C

Ijtimoiy hayot
12 Dekabr  2018 2286

Yoshlar tarbiyasiga tasir etadigan yana bir masala, buni bartaraf etishning imkoni bormi?

Chilonzor tumanidagi 101-sonli maktabning yuzlab o‘quvchilari spirtli ichimliklar sotiladigan va joyida quyib beriladigan kichik savdo do‘konlari yonidan o‘tib («Xirmontepa» ko‘chasi bo‘ylab ta’lim muassasasigacha), darslarga boradi. Va tabiiyki, har kuni bir xil, kiyim-boshi isqirt kishilar to‘planib vino-aroq quyib beradigan do‘konlarning ochilishini kutayotgan manzaraga ko‘zlari tushadi.

Butun ko‘cha bo‘ylab ana shunday nuqtalarning to‘rttasi joylashgan. Ularning bari maktab muassasasiga yaqin.

Bunday nuqtalarning asosiy mijozlari, ichimliksiz tura olmaydigan va alkogolga butkul bog‘lanib qolgan kishilardir. Bu yerda mijozlarni ataylab ichirishayotgandek tasavvur ham hosil bo‘ladi. Sababi sifatsiz, arzon ichimlikni yanayam kam pulga mo‘ljallab, grammlab quyib berishadi va unga bonus sifatida gazak ham taklif etishadi. Mabodo mijozning to‘lashga puli bo‘lmasa, nasiyaga ham quyib beraverishadi. Spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan kishiga boshqa nimayam kerak?..

«Bolalarga sotilmagandan keyin bunday ichimlik quyish nuqtalar ularga qanday salbiy ta’siri ko‘rsatishi mumkin?», deya e’tiroz bildiruvchilar ham topiladi. Olimlar yashash tarzi va joyining inson dunyoqarashi hamda kelgusi hayotiga ta’sir ko‘rsata olishini isbotlashgan. Har kuni atrofida ana shunday xunuk manzarani ko‘radigan bolakaylarda yaxshi tasavvurlar shakllanib boradi, deb kim ayta oladi?

101-maktab direktori Svetlana Abeslamidze vaziyatni shunday izohlaydi:

- Bunday vino-aroq quyib beradigan do‘konlarning maktablar yaqinida bo‘lishiga hamisha qarshi bo‘lganman. Ammo bizga hyech kim quloq solmaydi. Bu nuqtalarda hamisha baqir-chaqir, so‘kinishu haqoratli so‘zlar ishlatiladi, o‘zaro mushtlashuvlar sodir bo‘ladi. Farzandlarimiz bunday bemazagarchilikni ko‘rmasligi kerak.

Afsuski, bunday vaziyatni Chilonzor tumanining qariyb barcha kvartallarida uchratish mumkin. Birgina «Chilonzor» savdo markazi yonidagi ko‘cha bo‘ylab, 103 va 162-maktablar yaqinida ana shunday nuqtalardan beshtasi joylashgan. Savdo nuqtalariga ruxsatnomalar berish va joylarda nazorat o‘rnatish vakolatiga ega bo‘lgan davlat idoralari va mahalla fuqarolar yig‘inlari ham bunga to‘sqinlik qilmaydi. Bu, shuningdek, ularni yigirmaga to‘lmaganlarga sotish taqiqlanishi, bunday ob’yektlarning ta’lim, sport va diniy muassasalardan 500 metrdan kam bo‘lmagan uzoqlikda joylashgan bo‘lishi kerakligi keltirilgan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunga ham ziddir. Qonun talablari esa, so‘zsiz bajarilishi lozim.

Andrey Svetlov.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech