21 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,6 °C

Xalqaro hamkorlik
23 Iyun  2020 926
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Strategik sheriklikni mustahkamlash yoʻlida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahriga tashrifi dasturining birinchi tadbiri oʻlaroq oliy darajadagi muzokaralar boʻldi.

Kremlda davlatimiz rahbarini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.

Suhbat chogʻida strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifi bilan kelishi aynan shu kunlarga rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi ushbu rejalarni oʻzgartirib yubordi, tadbir boshqa muddatga koʻchirildi.

Uchrashuv boshida Rossiya Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Buyuk Gʻalabaga bagʻishlangan tantanalarda ishtirok etish taklifini qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vladimir Putin mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillari mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor ertaga, 24-iyun kuni Qizil maydonda boʻlib oʻtadigan paradda ishtirok etishi haqida soʻz yuritar ekan, “bu oʻziga xos ittifoqchilik munosabatlarimizning yaqqol namoyishi” ekanini taʼkidladi. 

Rossiya Prezidenti, shuningdek, Oʻzbekiston xalqi Gʻalabaga ulkan hissa qoʻshganini, yurtdoshlarimiz front ortida fidokorona mehnat qilganini, elimiz evakuatsiya qilinganlarni bagʻrikenglik bilan qabul qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Toshkent shahrida Gʻalaba bogʻi tashkil etilgani alohida taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari, oʻz navbatida, Vladimir Putin va butun Rossiya xalqini ulugʻ ayyom bilan tabrikladi. «Bu – bizning umumiy tariximiz, umumiy gʻalabamiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkentdagi Gʻalaba bogʻining Yodgorlik majmuasi fondini boyitish, shuningdek, Oʻzbekiston xalqining Gʻalabaga qoʻshgan hissasi toʻgʻrisida yana-da haqqoniy statistik maʼlumotlarni olish maqsadida arxiv materiallarini taqdim etishga tayyorlik namoyish etgani uchun Rossiya tomoniga minnatdorlik bildirildi. 

Prezidentlar keyingi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Jahon inqirozi oqibatlarining salbiy taʼsiriga qaramay, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi izchil oʻsmoqda. Xususan, oʻtgan yili ushbu koʻrsatkich 6,6 milliard dollarga yetgan. Joriy yilning ilk oylarida oʻzaro savdo hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi.

Ikki davlat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiyasi kengaymoqda: bugungi kunda 2 mingga yaqin qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, yurtimiz iqtisodiyotining barcha asosiy tarmoqlarini qamrab olgan holda qiymati 12 milliard dollardan ziyod boʻlgan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Umuman, Rossiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

Hamkorlikning yana bir ustuvor yoʻnalishi - fan va taʼlim sohalaridagi faol almashinuvlar. Keyingi bir necha yilda yurtimizda Rossiya yetakchi oliy taʼlim muassasalarining 7 ta filiali tashkil etildi. Ularning umumiy soni 10 taga yetdi. Rossiyaning yana 4 ta universiteti filiallarini ochish rejalashtirilgan.

Bunday oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikka koʻplab misollar keltirish mumkin.

Bu nafaqat savdo, investitsiyalar, transport va taʼlim, balki qishloq xoʻjaligi, fan va innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash, madaniyat, turizm va boshqa muhim yoʻnalishlardir.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarining dolzarb masalalarini batafsil koʻrib chiqdilar. 

Faol muloqotni davom ettirish hamda Hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiya va Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida kelishuvlarni hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga boʻlajak oliy darajadagi tashrifga puxta tayyorgarlikni davom ettirish, bunda yangi iqtisodiy dasturlar va ilgʻor investitsiya loyihalariga eʼtibor qaratish topshirildi.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, boʻlajak uchrashuvlar rejasini, shu jumladan MDH va SHHTning navbatdagi sammitlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish borasida anglashib oldilar.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putinning uchrashuvi yakuniga yetdi.

Ertaga davlatimiz rahbari fashizm ustidan qozonilgan Buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech