26 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +36,4 °C

Turizm
1 May  2019 1113

Bu ko‘hna va sinoatga to‘la dunyoning ochilmagan sirlari

Ohangaron tumanidagi eng so‘lim go‘shalaridan biri Urgoz qishlog‘i yaqinidagi zumrad maysalar qoplangan tepaliklar bag‘rida an’anaviy tus olayotgan IV «Iloq» etnografik festivali bo‘lib o‘tdi.

Yorqin ranglarga boy ushbu tadbir Toshkent viloyati va Ohangaron tumani hokimligi, «Oltin meros» xalqaro xayriya jamoat fondi respublika va mahalliy boshqaruvi, Turizmni rivojlantirish departamenti, Madaniyat, Xalq ta’limi boshqarmalari, «Mahalla» xayriya jamg‘armasi bo‘limi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi kengashi, «Salar tour» sayyohlik kompaniyasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Tadbir tabiatning o‘zi yaratgan dekoratsiya fonida ajoyib teatr tomoshasiga aylandi.

Festival ochilishida «Oltin meros» xalqaro xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi Amirqul Karimov, taniqli shoir Barot Ismoillar mamlakatimizning qadimiy tarixi va bugungi mustaqil O‘zbekistonga bag‘ishlangan ta’sirli she’rlardan o‘qib berdilar. Ular xalqning madaniy-etnografik merosi juda-juda qadimga borib taqalishini qayd etishdi. Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu makonda madaniyat va urf-odatlarning o‘zaro qorishib ketishi liboslar, qo‘shiqlar, shu maskanda umrguzaronlik qiluvchi turli elatlar ijrosidagi musiqiy asarlarda ham o‘z izini qoldirgan. Ana shu turli-tumanlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish lozim.

An’anaga aylangan festival o‘tkaziladigan joy ham tasodifan tanlangan emas. Ohangaron daryosi vodiysida bir paytlar qudratli Iloq davlati tashkil topgan. U Toshkent vohasining kattagina qismi, uning sharqiy hududlarini qamrab olgandi va shu bilan birga qazilma boyliklari ko‘p markaz ham edi. Ko‘xisim kumush koni butun Sharq olamida mashhur bo‘lgan. Buyuk ipak yo‘lida juda qadrlangan tilla va kumush zeb-ziynatlar aynan, shu yerda yasalgan. Bundan ming yillar muqaddam bu yerlarga odamlar ko‘chib kela boshlagan. Arxeolog mutaxassislar qazishmalar chog‘ida ushbu o‘lka aholisining yuqori darajadagi taraqqiyotga ega bo‘lganidan dalolat beruvchi turli buyumlar, bino va inshootlar qoldiqlariga duch kelishadi. Ko‘psonli aholi yashagan, Sharqning o‘rta asrlardagi javohiri hisoblangan va hanuzgacha o‘z bag‘rida ko‘plab sir-sinoatlarni yashirib yotgan va ularni birinchilardan bo‘lib ochuvchilarni kutayotgan Tunket shahri Iloqning poytaxti bo‘lgan. Qudratli davlat bo‘lgan Iloq erta o‘rta asrlarda shakllanishni boshlab, X asr o‘rtalarida kuchli va boy mamlakatga aylangan. Bu yerga ko‘plab savdogarlar kelishgan, dunyoning turli burchaklaridan son-sanog‘i yo‘q savdo karvonlari qatnagan.

Iloqning gullab-yashnagan davrlarida u yoki bu ma’noda metall qazib olish va unga ishlov berish, turli-tuman buyumlar ishlab chiqarishga aloqador 20 ga yaqin shaharlar qad rostlagan. Ular haqida xalq og‘zida ko‘plab afsonalar yuradi. Bu yerning tarixini qadam-baqadam tiklash uchun muntazam ravishda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

– Bir necha oylar davomida tayyorgarlik ko‘rilgan festivalni o‘tkazishdan maqsad – poytaxt hududining boy madaniy merosini namoyish qilishdir, – deydi «Oltin meros» xalqaro xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Zarifa Eshmirzayeva. – Ular orasida tarixchilar, arxeologlar, yozuvchilar, jurnalistlar, hunarmandlar bo‘lgan, shuningdek, O‘zbekiston va xorijlik sayyohlar, ko‘plab tomoshabinlaru mehmonlar uchun rang-barang va qiziqarli konsert dasturlari tayyorlandi. Viloyatimizdan tashqarida ham mashhur bo‘lgan «Shahnoz», «Maqom», «Parkent chashmasi», «To‘rg‘ay», «Qurama» folklor jamoalarining, o‘z mahoratlarini namoyish etgan dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlaru hunarmandlar chiqishlari o‘zaro qorishib ketdi. Biz, avlodlarning merosni qanday qabul qilib olishi va bu zaminning iste’dodlarga qanchalik boy ekanini yana bir karra ko‘rsatishni istadik. Negaki, xalq og‘zaki ijodi asrdan asrga, otadan o‘g‘ilga, onadan qizga o‘tadi. Xalq qo‘shiqlari va kuylarini ijro etuvchi jamoalar hamisha ommabop bo‘ladi. Bunday festivallarni o‘tkazishdan yana bir maqsad – o‘tmishga, tarixga qiziqish bildirgan vatanimiz va xorijlik sayyohlarni jalb etish, viloyatimizning foydalanilishi kerak bo‘lgan sayyohlik salohiyatini namoyish etish hamdir. Hududning geografik joylashuvidan foydalanib, amalda turizmning barcha turlarini  rivojlantirish mumkin. Bunga to‘g‘ri yondashuv natijasida biznesning bu yo‘nalishidan yaxshigina daromad keladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

– Bu kabi keng ko‘lamli festivalda ishtirok etish biz uchun ijodiy rivojlanishdagi yana bir pog‘ona bo‘ldi, – deydi Olmaliqning «Navbahor» xalq ansambli rahbari Tursunoy Ismiyaminova. – Jamoamiz 20 yildan ko‘proq vaqt davomida faoliyat olib boradi, bu vaqt ichida katta yo‘lni bosib o‘tgan, o‘z yutuqlari va natijalari bor. Milliy ijodimizni ommalashtirishga intilyapmiz.

– Quvonarlisi, «Iloq» etnografik festivaliga biz hunarmandlar ham taklif etildik, – deydi o‘zining yorqin va g‘aroyib gilamlari bilan tanilgan, Ohangaron tumani «Qizil oy» mahallar fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ulmonoy Umarova. – Xalq hunarmandchiligi ustalari o‘zining eng yaxshi, sara mahsulotlarini olib kelishgan. Zargarlik buyumlari, musiqa asboblari, kiyim-kechak, qutilar, yog‘ochdan yasalgan laganlarga bir qarang, ularning bari an’anaviy ranglar va texnologiyalar yordamida yasalgan.

– Bir necha yillardan beri surat chizish bilan shug‘ullanaman, – deydi Pskent tumani 2-umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Dilnoza Mamasiddiqova. – Festivalda akvarelda chizilgan o‘z ishlarim bilan qatnashyapman. Boshqa shaharlar va tumanlardan tashrif buyurgan yosh rassomlar bilan ham tanishdim. Taniqli rassomlar bizga mahorat-saboqlari o‘tishdi, ranglardan qanday foydalanish, tabiiy manbadan qanday chizish va boshqa ko‘p narsalar to‘g‘risida qimmatli maslahatlar berishdi.

– Yorqin va rang-barang etnografik festival biz uchun ulkan hodisa bo‘ldi, – deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi o‘rtachirchiqlik 83 yoshli fermer Teshaboy Mirzakarimov. – O‘tmishni unutmaslik kerak, xalq hunarmandchiligi, og‘zaki ijodi yo‘nalishini rivojlantirish lozim. Ushbu tadbirning Ohangaron daryosi vodiysida muntazam o‘tkazilishiga ishonib qolamiz. Bu yerlarda u yoki bu o‘tmish hodisalari bilan bog‘liq qishloqlar, afsonalar, o‘z tadqiqotchilarini kutayotgan ochilmagan sirlar juda ko‘p.

Bu yerning har bir toshi ko‘hna tarix shohidi bo‘lgan. Keksalarning aytishicha, yiliga bir marta tog‘lardan biridagi buloqqa yaqin joyda suv ichgani ketayotgan qora tusli burama shoxli taka paydo bo‘larkan. Shuningdek, xalq og‘zida yo‘lbars va boshqa noyob hayvonlar bilan bog‘liq afsonalar ham yuradi.

Qariyb ikki soat davom etgan konsert bir lahzada yakuniga yetgandek bo‘ldi. Festival yakunida o‘zlarini ko‘rsatgan folklor-etnografik jamoalariga, ko‘p yillar davomida tarix, san'at va madaniyatni qo‘llab-quvvatlab, ommalashtirayotganlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Sergey Mutin.

Rashid Galiyev surati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech