06 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +5,8 °C

Harbiy
7 Avgust  2019 812

ArMI – 2019: Vakillarimiz “Tank biatloni”da hamon birinchi

Beshinchi xalqaro armiya o‘yinlarining diqqat markazida turgan “Tank biatloni” musobaqasi borgan sari qizg‘in tus olmoqda. Kecha, 6 avgust kuni ikkinchi ekipaj a'zolari o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati. 

Mazkur bosqichda ham T-72 B-3 tankini boshqarish, to‘siqlardan o‘tish, belgilangan nishonlarni yakson qilish va imkon qadar qisqa muddatda finish chizig‘iga yetib kelish vazifasi yuklatildi. Bu gal yurtimiz sharafini katta leytenant Muhiddin Nuriddinov boshchiligidagi ekipaj a'zolari munosib himoya qilishdi.

Ta'kidlash joizki, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar tarixda ilk bor “Tank biatloni” musobaqasida ishtirok etmoqda. Shunga qaramay yigitlarimiz bor kuch-g‘ayrati, shijoati, bilim va tajribasini safarbar etib, jahon arenasida o‘z so‘zini aytishga intilmoqda.

Bugungi bahsda  vakillarimiz oldingi jamoamizga nisbatan ancha yaxshi natija ko‘rsatdi. Sarflangan vaqt va yo‘nalish bo‘ylab harakatlanish, to‘siqlarni zabt etish borasidagi natijalarimiz tahsinga loyiq. Umumiy hisobda ekipaj mexanik haydovchisi kichik serjant Avazbek Mustafoqulov T-72 B-3 tankini 73 km/soat tezlik bilan har bir to‘siqdan betalofat olib o‘tib, tomoshabinlar e'tiboriga sazovor bo‘ldi.

Shunday qilib katta leytenant Muhiddin Nuriddinov boshchiligidagi ekipaj avvalgi ekipajga nisbatan 1.30 daqiqa teziroq farq bilan finish chizig‘iga yetib keldi.  Quvonarlisi ushbu bellashuvda ham yurtdoshlarimiz umumjamoa hisobida hamon birinchilikni qo‘ldan boy bergani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi guruhida jami 11 ta jamoa ishtirok etmoqda. Vakillarimiz ishtirokidagi keyingi bahslar 8 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech