30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,4 °C

Fikr
13 May  2020 418

Til – milliy gʻururimiz

Davlat tili haqida har kuni gapirish kerak, har xil gapirish kerak, hamma gapirishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 42-moddasiga qoʻshimcha kiritish boʻyicha qonun loyihasi ziyolilar, ona tilimiz jonkuyarlari, xalqimiz tomonidan qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlyapti.

Mulohazalarda turfa fikrlar aytilayotgani kishini quvontiradi, albatta. Xalqimizni oʻz taqdiriga loqayd, milliy qiyofasiga befarq millat boʻlib qolishdan ALLOH asrasin. Atoqli adib Abdulla Qahhorning: “Yoʻl qoidasini buzgan haydovchiga militsiya xodimi hushtak chaladi. Tilimiz qoidasini buzgan kishiga esa nega hech kim hushtak chalmaydi”, degan gapi shu kunlarda beixtiyor xayolimdan tez-tez oʻtyapti. Agar ayni qonun kuchga kirsa, milliy tilimizga boʻlgan munosabat yana-da ijobiy tomonga oʻzgarishi shubhasiz.

Shu oʻrinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, zabardast yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad taʼkidlagan ushbu fikrlarni keltirmoqchiman: “Davlat tili haqida har kuni gapirish kerak, har xil gapirish kerak, hamma gapirishi kerak”! Darhaqiqat, keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlar, xoh ijobiy va xoh salbiy boʻlsin, minglab yurtdoshlarimizni oʻzbek millatining jonu ruhi boʻlgan tilimiz haqida qaygʻurishga, fikr yuritishga, tortishishga, hatto jon kuydirishga chorlagani bilan quvonarlidir. Bu qonun loyihasi muhokamasi yana bir bor bizni davlat tili maqomidagi ona tilimizga boʻlgan munosabatimizni namoyon qildi, taʼbir joiz boʻlsa, elakdan oʻtkazdi.

Chunki ona tili — umummillat xazinasi, demak til oldidagi masʼuliyat, javobgarlik ham umummilliydir. Tiynatida milliy gʻururi, oʻzlik viqori bor, men oʻzbekman degan har bir inson oʻzbek tilini shak-shubhasiz sevishi, u uchun qaygʻurishi, zarur boʻlsa, jonini fido qilishi kerak. Binobarin, bu masala faqat ziyolilarning yoki tilshunoslarning ishi emas, shu millat, shu vatanga daxldor barchamizning dardu quvonchimiz boʻlishi shart va muhim. Davlat tili haqida chiqarilgan har bir qonun bu yoʻlda bizning madadkorimiz, sarbonimizdir. Shuningdek, chekka-chekka qishloqlarda yashayotgan keksa otaxonu onaxonlarimizdan tilimizga oid unutilib borayotgan soʻzlarni yozib olishimiz, ularni isteʼmolda qoʻllash choralarini koʻrishimiz lozim. Bu masalani har birimiz butun bir millatning ishi deb qarashimiz, unutilgan soʻzlarni tiklashga hissa qoʻshishimiz, borini boyitib borishda faol ishtirok etishimiz darkor.

Rivojlangan davlatlarning aksariyatini kuzatadigan boʻlsak, davlat tili haqidagi qonunlari nisbatan keskinroq talablar asosida ishlab chiqilgan. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun turli miqdorda jarima belgilangan. Masalan, yon qoʻshnimiz Tojikiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni 3-moddasida “Tojikiston Respublikasining har bir fuqarosi tojik tilini bilishi shart” ekani koʻrsatib qoʻyilgan. 27-moddada esa “Davlat tili haqidagi qonun normalarni buzgan mansabdorlar, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi” belgilangan.

Shunday ekan, barchamiz yurtimizda oʻzbek tilini davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini oshirish boʻyicha olib borilayotgan nihoyatda adolatli va oʻz oʻrnida qabul qilinayotgan muhim farmon va qarorlarni qoʻllab-quvvatlashimiz, ona tilimizning qadr topishiga intilayotgan barcha ziyolilarga koʻmakchi boʻlishimiz zarur. Mamlakatimizda ona tilimiz ravnaqiga berilayotgan eʼtibor — milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari ildam borayotganimizdan dalolatidir.

Haqiqatan ham, har bir xalqning tili millat ruhi, taqdiri, kelajagi hisoblanadi. Xalqning, millatning ravnaqi, avvalo, tilining mavqei bilan oʻlchanadi va belgilanadi. Insoniyatga xos ezgu fazilatlar ham odamzot qalbiga, avvalo, til, ona allasi orqali kiradi. Shuning uchun ona tilimizni asrab-avaylash, ulugʻlash har birimizning muqaddas burchimizdir.

Akmal Roʻzitoyev,

Toshkent shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech