31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

Madaniyat
21 Aprel  2020 470

Tilimizning oʻz kuni, oʻz bayrami bor

Til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Tilning davomiyligini, umrboqiyligini unda soʻzlovchilarning milliy gʻururi, kuch-qudrati, adabiyoti va sanʼati belgilaydi, desak xato boʻlmaydi.

Tarixga nazar tashlasak, asrlar, davrlar oʻtishi bilan koʻplab tillar isteʼmoldan chiqib, “oʻlik til”ga aylanganini koʻramiz. Lotin, oromiy, qadimgi yunon, suryoniy, kelt, shumer, akkad, xett tillari... Ular qatori bir paytlar yurtimiz hududida muomalada boʻlgan qadimgi xorazmiy, soʻgʻd, boxtariy (baqtriy) tillarini ham keltirish mumkin. Turli bosqinlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, avlodlar, din va mafkuralar almashuvi singari omillar tillarning taqdirida hal qiluvchi rol oʻynagan.

Bu jarayon bugungi kunda ham davom etayotir. Har yili oʻnlab tillar muomaladan chiqib, “marhum”lar roʻyxatiga tirkalmoqda.

Ona tilimiz mansub boʻlgan turkiy tillar oilasiga 30 dan ziyodtil kiradi va ularda Yer yuzida 250 milliondan ortiq kishi soʻzlashadi. Olimlarning fikricha, bugun turkiy tillar orasida faqat oltita tilning holati barqaror deb baholangan. Bular davlat tili maqomiga ega boʻlgan oʻzbek, turk, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirgʻiz tillaridir.

Chindan tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqei yomon emas. Dunyo miqyosida oʻzbek tilida gaplashuvchilarning umumiy soni 50 millionga yetadi. Vikipediya maʼlumotlariga tayansak, oʻzbek tili soʻzlashuvchilar soni boʻyicha dunyoda 27-oʻrinda turadi. Agar dunyoda 7000 ga yaqin til va lahja mavjudligini eʼtiborga olsak, bu yomon koʻrsatkich emas.

Oʻzbek tili davlat tili maqomiga ega boʻlgan 100 ta tildan biridir. Holbuki, dunyoda bunday yuksak maqomga ega boʻlmagan, ammo yuz millionlab kishilar soʻzlashadigan tillar ham bor. Oʻzbek tili qoʻshni davlatlarda ham muomaladagi asosiy tillardan sanaladi. Xususan, qoʻshni Tojikistonda va Qirgʻizistonda oʻzbeklar nufusiga koʻra titul millat vakillaridan keyingi oʻrinda turadi. Afgʻonistonda esa oʻzbek tili pushtu va dariy tillaridan keyingi uchinchi rasmiy til sanaladi. Qoʻshni mamlakatlar hamda Turkiya, Xitoy, AQSH, Hindiston singari davlatlarning oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek tili alohida fan sifatida oʻrgatiladi.

Bugun oʻzbek tili dunyo axborot makonida ham oʻz mavqeiga ega tillar qatoridan oʻrin olgan. “Ozod Yevropa”, “Amerika ovozi”, Bi-bi-si”, “Eron ovozi”, “TRT-Avaz”, “Sputnik” singari yirik xalqaro axborot mahkamalari, radio va telekanallar oʻz materiallarini oʻzbek tilida ham tarqatishmoqda. Xalqaro sport maydonlariga kirib borayotgan oʻzbek kurashi vositasida “chala”, “yonbosh”, “gʻirrom”, “halol”singari oʻzbekona atamalar dunyoning turli burchaklarida bot-bot yangraydi.

Bugun Vikipediya, Gugl, Feysbuk singari yirik messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, internet platformalarida oʻzbek tilining mavqei oshib bormoqda.

Keyingi yillarda hukumatimiz miqyosida bu masalada katta eʼtibor qaratilayotgani ham barchamizni quvontiradi. Jumladan, 2019-yil 21-oktyabr kuni davlatimiz rahbari “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi. Unga binoan, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Ushbu farmonda ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida alohida tuzilma —Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi.

Bu tuzilma davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini taʼminlab kelmoqda.

Joriy yilning 20-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga binoan, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda Qoraqalpogʻiston RespublikasiVazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shahar hokimliklari tuzilmalarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimi joriy qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-fevraldagi qaroriga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojantirish jamgʻarmasi tashkil etildi.

Joriy yilning 10-aprel kuni mamlakatimiz rahbari “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunga imzo chekdi. Unga koʻra, ushbu bayram har yili 21-oktyabrda, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan tarixiy kundanishonlanadigan boʻldi.

Bundan 31 yil avval, xuddi shu kuni “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan edi. Oʻtgan yillar davomida bu qonunga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib kelindi. Bugun ham davr va sharoit qonunni yana-da takomillashtirib, uning talablarini qatʼiylashtirishni taqozo etayotir.

Albatta, oʻzbek tilining oʻz kuni, oʻz bayramiga ega boʻlishi juda quvonarli hodisa. Xalqaro tajribaga nazar soladigan boʻlsak, turli mamlakatlarda 20-aprel – xitoy, 23-aprel – ispan, 15-may – fors, 6-iyun – rus, 1-avgust – ozarbayjon, 26-sentyabr – turk, 9-dekabr – italyan, 18-dekabr arab tili kuni sifatida nishonlanadi.

Oʻz tarixi, goʻzalligi, malohati nuqtayi nazaridan mazkur tillar bilan bemalol bellasha oladigan ona tilimizning ham alohida bayramga ega boʻlishini yurtimizdagi ziyolilar koʻp yillardan beri kutib kelayotgan edi. Bu millatimiz, tilimiz, maʼnaviyatimiz tarixida oʻziga xos kun boʻlib qoladi, inshaalloh!

Albatta, til faqat rasmiy hujjatlar, tadbir va tantanalar, balandparvoz shiorlar bilan yuksalib qolmaydi. Yurtimizdagi har bir tashkilot, oʻzini shu yurt taqdiriga daxldor deb bilgan har bir inson tilimiz nufuzi, obroʻ-eʼtibori uchun kurashmogʻi shart.

Kino til targʻibotida katta oʻrin tutadi. Shu bois, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan ham bu masalaga alohida etibor qaratilmoqda. Agentlik qoshida tuzilgan Badiiy kengash aʼzolaridan filmlarimizda til meʼyorlariga qay darajada amal qilinayotganini nazorat qilish talab etiladi. Afsuski, televideniye, radio, qoʻshiqlar bilan bir qatorda ayrim filmlarda til bilan bogʻliq qusurlar, xususan, shevadagi va boshqa tillardagi soʻzlardan foydalanish hollari uchrab turadi. Bu holat, asosan, xususiy kinostudiyalarda suratga olinayotgan filmlarda koʻzga tashlanadi.

Bu masalada taniqli kinorejissyorlar bilan suhbatlashganimizda “qahramonning xarakteri, ichki dunyosi qaysi qatlamga mansubligini koʻrsatish uchun baʼzan adabiy til meʼyorlaridan chekinishga toʻgʻri keladi”, deyishadi. Bu ham toʻgʻri, lekin baribir meʼyor va mezonlarga amal qilmaslik holatlari koʻzga tashlanadiki, kelgusida bunday kamchiliklarga barham berilishi shart.

Shu sababli agentlik tizimida kinoijodkorlar orasida bu masalada tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, tizimda rasmiy hujjatlarni yuritishda, yurtimizdagi idora va tashkilotlar bilan yozishmalarda ham davlat tili meʼyorlariga qatʼiy amal qilinmoqda.

Umuman, oʻzbek tilining kelajagi, mavqei, obroʻ-eʼtiborini hech kim chetdan kelib taʼminlab bermaydi. Bu til bizning ota-bobolarimizdan oʻtib kelayotgan eng katta boyligimiz. Uning kelajakda yana-da yuksak mavqe va obroʻ-eʼtibor qozonishi oʻzimizning istagimiz, gʻururimiz, qatʼiyatimizga bogʻliq.

Rustam Jabborov,
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech