30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22 °C

Energetika
15 May  2020 338

Toʻlov tizimida shaffoflik muhim

Andijonda zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini oʻrnatish boshlandi.

Oʻzbekistonda joriy yilda real vaqt rejimida ishlaydigan tabiiy gaz taʼminotini boshqarishning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini keng joriy etish boshlanadi. Bu tabiiy gazni toʻliq, aniq va ishonchli hisobga olinishini taʼminlash, shuningdek, tabiiy gaz taʼminotidagi yoʻqotishlarni kamaytirish va isteʼmolchilarning toʻlov madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

Andijon viloyatida ham ASKUG tizimini joriy etish va zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini oʻrnatish ishlari boshlandi. Dastlabki uskunalar Andijon shahridagi “Yoyilma” MFY oʻramidagi 1- va 2- koʻp qavatli uylardagi 128 ta hamda “Mustaqillikning 20 yilligi” MFY oʻramidagi “Uchqoʻrgʻon” koʻchasidagi 84 ta xonadonga oʻrnatilyapti. Har bir koʻp qavatli uyning bir soat davomidagi gaz sarfi hajmi va xonadondagi uy ichi gaz jihozlarning soni hisobga olinib, turli modifikatsiyadagi zamonaviy gaz hisoblash uskunalari oʻrnatilyapti.

Ushbu turdagi gaz hisoblash uskunalar dastlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ayrim hududlarda olib borilgan tajriba sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganligi taʼkidlash joizdir.

Bunda koʻzlangan maqsad — gaz isteʼmoli tizimida yuqori tejamkorlikka erishish, aholi xavfsizligini taʼminlash. Aholi uchun yana bir qulaylik bu, mazkur hisoblagichlarni oʻrnatib berish mutlaqo bepul amalga oshirilish.

Inson omilini qisqartirishda qoʻl keluvchi zamonaviy hisoblagichlar sim-karta oʻrnatilgan holda isteʼmolchiga foydalanishga topshiriladi. Sim-kartaning asosiy vazifasi, ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi maʼlumotlarni onlayn rejimda markaziy serverga uzatish hisoblanadi. Shu orqali maʼlumot billing tizimiga avtomatik ravishda uzatiladi. Bu oʻz navbatida isteʼmolchilarda toʻlov madaniyatini oshirishi bilan bir qatorda toʻlov tizimida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Ushbu hisoblagichlarning yana bir qulayligi shundaki, ishlatilgan tabiiy gaz uchun qarzdorlik paydo boʻlishiga yaqin qolganda hisoblagich pul toʻlash lozimligi toʻgʻrisida isteʼmolchining mobil telefoniga avtomatik tarzda xabar joʻnatadi.

Joriy yilda Andijon viloyatida ana shunday zamonaviy hisoblagichlardan 64 ming dona oʻrnatilish rejalashtirilgan. Viloyatda jami 221 mingga yaqin isteʼmolchilarga hisoblagichlar bepul oʻrnatib beriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech