07 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +6,5 °C

Urbanizatsiya
2 Dekabr  2019 461

«Toshkent 2030 — yuksaklikka intilayotgan shahar» loyihasi taqdim etildi

Toshkent shahar hokimi Cushman & Wakefield kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar qiladi hokimlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjaev mehmonlarga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, poytaxtimizning salohiyati, shahrimizdagi o‘zgarish va yangilanishlar jarayoni haqida ma'lumot berdi.

Cushman & Wakefield kompaniyasining Moskvadagi ofisi bosh direktori va boshqaruvi hamkori Sergey Ryabokobыlko boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Toshkent har jihatdan yuksalayotganligini e'tirof etib, O‘zbekiston poytaxtida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Jumladan, mehmonlar «Toshkent 2030 — yuksaklikka intilayotgan shahar» loyihasini taqdim etdi.

Mutaxassislarning fikricha, 10 yildan keyin shaharning iqtisodiy rivojlanishi uning infratuzilmasi bilan cheklanib qoladi, shuning uchun hozirdan bu yo‘nalishda tizimli islohotlar ustida ish olib borish zarur. 2030-yilda Toshkent nafaqat ma'muriy-moliyaviy markaz, balki mintaqadagi g‘oyalar generatori va O‘zbekistonning dunyoga ochiq, rivojlangan shahri sifatida tanilishi muhim.

Shu omillardan kelib chiqib, moskvalik mutaxassislar bir necha loyihalarni taqdim etdilar:
- Noturar joylar ijarasini rivojlantirishga mo‘ljallangan Toshkentdagi tijoriy ko‘chmas mulk xaritasi;
- Shahar chegarasida ulkan ulgurji-savdo tarmog‘ini tashkil etish;
- 11 ta tuman hududlariga oid konsepsiya.

Shuningdek, uchrashuvda sohil bo‘ylari, bog‘lar, sayilgohlar, ochiq osmon ostidagi muzeylarni barpo etish taklifi ham ko‘rib chiqildi.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish joiz, Cushman & Wakefield kompaniyasi mijozlarga ko‘chmas mulkka investitsiya kiritish va ijara masalalarida maslahat berish, ularning manfaatlarini ifoda etish bilan shug‘ullanadi. 1917-yilda AQShda tashkil etilgan kompaniya hozirgi kunda dunyoning 70 davlatida 400 ga yaqin ofislarga ega. Rossiyada esa kompaniya 1995-yildan beri muvaffaqqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. 150 ta yuksak malakali mutaxassislardan tashkil topgan ushbu jamoa davlat infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech