27 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,4 °C

Mamlakatimizda
1 May  2019 528

Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida xorijiy tillarni o‘qitish markazi ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim  vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida xorijiy tillarni intensiv o‘qitish markazi ochildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasining O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimi mutaxassislari uchun mo‘ljallangan birinchi stipendiyalar tanlovining umumiy natijalariga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarning turli ta'lim dasturlari bo‘yicha tajriba orttirmoqchi, ta'limni davom ettirmoqchi bo‘lgan mutaxassislarning aksariyati rus tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarni tanlagan. Shuningdek, AQSh, yevropa yoki sharq mamlakatlarida ta'lim olish istagini bildirganlarning til bilish darajalari ham Jamg‘arma tomonidan qo‘yilgan talablarga yetarli javob bermagan.

Shu jihatlar inobatga olingan holda, “El-yurt umidi” jamg‘armasi xorijda mutaxassislarni tayyorlash jarayonida eng birinchi vazifa avvalo ularning til bilish darajasini yaxshilash ekanligi taklifini bildirib, yo‘nalishda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.

Joriy yilning 5 mart sanasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligining qo‘shma qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Respublikamizning 22 ta tayanch universitetlaridagi Kasbiy rivojlanish markazlarida til o‘qitish xablari tashkil qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida 3 kun davomida mazkur xablar uchun 130 dan ortiq maxsus trenerlar tayyorlandi.  

Qayd etilishicha, ushbu tashabbus nafaqat “El-yurt umidi ” jamg‘armasi stipendialariga nomzodlarning xorijiy davlatlarning yetakchi oliy va ilmiy ta'lim muassasalarida malaka oshirish hamda magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olishlari uchun imkoniyat yaratadi, balki til o‘rganishga ishtiyoqi bo‘lgan o‘zbekistonlik yigit-qizlarning chet tillarini bilish darajasini yaxshilashlariga amaliy yordam beradi. 

Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida joriy yilning 1 mayidan boshlab rasman tinglovchilar qabulini boshlovchi markaz 500 kv.m maydonda joylashgan. Ma'lum qilinishicha, bu yerda bir vaqtning o‘zida 100 nafar tinglovchi til bilish darajalarini yaxshilash imkoniga ega bo‘lishadi. Avvaliga markazda darslar ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha, keyinchalik esa yana qo‘shimcha tillar ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Ayni kunlarda ta'limga mutaxassis trenerlar  jalb qilingan. Kurslar dasturi 4 oyga mo‘ljallangan.

Xuddi shu turdagi markazlar yaqin kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham ish boshlaydi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech