31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

Madaniyat
27 Mart  2020 1023

Toshkent koʻchalari

Uygʻun Roʻziyev

Toshkent koʻchalari...
Sokin koʻchalar.
Esmay qoʻygan shamol, toʻxtagan daryo.
Har tarafdan kelar tashvishli xabar,
Unsiz, oʻyga tolgan algʻovli dunyo.

Tahdid solar vabo – koʻrinmas gʻanim,
Bu qanday dard boʻldi, bir davosi yoʻq?
Kimda imon hokim, kimdadir shayton,
Nafsi oʻpqonlarning narx-navosi yoʻq.

Kimdir qoʻlin choʻzar doʻstona, be kin,
Kimdir fursat poylar ortganda gʻaming.
Yasharlar bir osmon, bir sayyorada,
Barini opichlab aylanar zamin.

Bu ne sinoatdir, bu qanday sinov,
Buyuk ishlarga yoʻl bergan onida.
Nelar yuz bermishdir behad, beayov,
Ona yer bagʻrining toʻrt tomonida?

Toʻkilgan begunoh qonlar ehtimol,
Samoga yetgandir gʻam, qaygʻu, alam.
Balki xato yoʻldan borgan odamzod,
Balki gunohlarga toʻlgandir olam.

Nahot niqoblarga burkansa dunyo,
Nahot yuzin yopsa munavvar hayot?
Sensan yaratguvchi, sensan mudarris,
O, ona Tabiat, oʻzingdan najot.

Umr oʻtkinchidir, fursat oʻtkinchi,
Har dard oʻtkinchidir, ofat oʻtkinchi.
Duoga kafting och, duogoʻy elim,
Ishonch bor, najot bor, hasrat oʻtkinchi.

El birlashsa – dengiz, qudratli toʻlqin,
Yakson etgan devlar, ajdarlarni ham.
Kuchlimikan tojli ofati balo,
Bu xalq yenggan ne-ne tojdorlarni ham.

Kurashmoq fursati, birlashuv vaqti,
Dunyoni ofatdan qutqarar mardlar.
Matonat abadiy, jasorat mangu,
Oʻtmishga aylanar tashvish va dardlar.

Toshkent koʻchalari,
Oydin koʻchalar.
Yana saxiy Quyosh yoritar koʻrkam.
Yana qaytar shodlik, mehnat va orzu,
Soʻlim koʻchalarda boʻladi bayram.

                                            26-mart 2020-yil

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech