21 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,5 °C

Transport
28 Iyun  2019 978

Toshkentdagi yangi aeroportning qurilishiga Germaniyadan zamonaviy texnika keltirildi

Xabaringiz bor, poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Toshkent-Sharqiy” aerodrom bazasi asosida zamonaviy fuqarolik aviatsiyasi aeroport kompleksini qurish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq yana bir zamonaviy xalqaro aeroport barpo etilmoqda. 

Kuni kecha Germaniya davlatidan uchish-qo‘nish yo‘laklarining beton qismini barpo etishga mo‘ljallangan zamonaviy majmua olib kelindi, deb xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati.

“WIRTGeN” nomi ostida ishlab chiqarilgan mashina bir soatda 50 metrgacha bo‘lgan masofada beton ishlarini bajara oladi. Uskunaning eni 11,25 metr bo‘lib, turli o‘lchamlarda sifatli beton quyish imkoniyatiga ega.  Shuningdek, ushbu texnologiya yo‘lakning tekisligini ham avtomatik nazorat qilib boradi. 

Uchish-qo‘nish yo‘laklarini barpo etishda beton ishlari ikkita qatlamda amalga oshiriladi. Endilikda aeroport 1-yo‘lakining 2-qatlamini qurish ishlarida mazkur texnikadan foydalaniladi. Ya'ni qalinligi 40 santimert bo‘lgan jami 42 ming kub metr beton ishlari bajariladi.

Yangi aeroportda 2 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi rejaga kiritilgan. Birinchi yo‘lakning eni 75 metr bo‘lib, uzunligi 4 kilometrni tashkil etadi. Navbatdagi samolyotlarni qabul qilish punktining eni esa 60 metr. Bu yerdagi qurilish-montaj ishlarida 100 dan ortiq maxsus texnikalar va yana shuncha ishchi-xodimlar ishtirok etmoqda.

Toshkent xalqaro aeroportini qurish bosqichma-bosqich olib boriladi. Kompleksning bosh rejasi “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi qator institutlari mutaxassislari o‘z ishlanmalarini taqdim etishgan.

Loyihaga ko‘ra,  2 ta terminal bunyod etiladi. Dastlabki, terminal davlat rahbarlari va rasmiy delegatsiyalarni kutib olish uchun mo‘ljallangan. Ayni damda bu yerda qurilish-montaj ishlari olib borilyapti. Bir vaqtning o‘zida 250 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladigan navbatdagi terminal ishbilarmon va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, kuniga 50 tonna yuk tushirish imkoniyatiga ega zamonaviy “CARGO” bo‘limini ham qurish ko‘zda tutilgan.

Kompleks doirasida bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyotni kutib olish va jo‘natishga mo‘jallangan perron ham qurilyapti. Mazkur hududda 100 markali beton ishlari davom etmoqda. Loyiha doirasidagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi, “Boing-787”,“A-320” samolyotlari hamda 2 ta MI-8 vertolyotlarini saqlash uchun zamonaviy angarda monolit usulda fundament quyish jarayoni yakunlandi. Xalqaro aeroportni bunyod etishda bir qancha qo‘riqlash, aloqa va xavfsizlik punktlarini ham qurilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, dispecherlik markazi va 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan ovqatlanish binosi ham barpo etiladi. E'tiborga molik yana bir jihat yuk tashuvchi “Boing-787-8” samolyotlari uchun to‘xtash maskani, yoqilg‘i quyish shahobchasi, ma'muriyat binosi, yuqori quvvatga ega nim stansiya va yoritish tizimi ham bir vaqtning o‘zida qad rostlaydi.

Qayd etish kerak, loyihaning birinchi bosqichi 2020-yilga yakunlanishi belgilab qo‘yilgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech