25 Fevral 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,8 °C

Moliya
20 Noyabr  2019 2151

Kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi

“Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi, deb xabar qiladi “Huquqiy axborot” kanali.

Farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyasiya darajasini 2021-yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023-yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyasion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyasion targetlash rejimiga o‘tkazadi.

2020-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi.

2021-yil 1-yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining ma'lum bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflyasiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi va 2020-yilda inflyasiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Shuningdek, Inflyasiya darajasini pasaytirish va narxlar barqarorligini ta'minlash borasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tashkil etilib, inflyasiya omillari va narxlar oshishiga olib kelayotgan sabablarni bevosita joyiga chiqqan holda tahlil etish va tanqidiy baholab borish komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech