21 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,8 °C

Olimlar dеydiki...
23 Iyul  2019 961

Olimlar Oks Iskandariyasi topilganiga isbot keltiradilar

Akademik Edvard Rtveladze boshchiligidagi bir guruh olimlar Surxondaryo viloyatida joylashgan Kampirtepa qishlog‘ining Amudaryo (qadimda Oks) daryosidagi mashhur port-shahar Oks Iskandariyasi (u Oks bo‘yidagi Iskandariya yoki Oksdagi Iskandariya, deb ham nomlanadi) ekanini aniqladilar. Eramizdan avvalgi IV asrda asos solingan ushbu shahar eramizning I asriga qadar mavjud bo‘lgan.

Olimlarning bu shov-shuvli kashfiyoti ilmiy dunyoda kuchli aks-sadoga sabab bo‘ldi. Akademik E.Rtveladze boshchiligidagi olimlarning ishlari natijalari ilk bor 22-26-avgust kunlari «O‘zbekiston – yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat» madaniy merosi Haftaligi doirasida O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida o‘tkaziladigan «O‘zbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi» arxeologik konferensiyasida e’lon qilinadi.

Shu munosabat bilan «Sevimli» telekanali media-markazida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov, Fanlar Akademiyasi akademigi Edvard Rtveladzelar ishtirok etdi.

«Bu O‘zbekistonning tarixiy va arxeologik ilm-fanidagi haqiqiy yutug‘idir. Ushbu ajoyib yangilik yoshlarimizda tariximizga, boy madaniy merosimizga qiziqish uyg‘otishiga ishonamiz», deydi matbuot anjumanida Aziz Abduhakimov. Qo‘shimcha qilib aytishicha, ushbu noyob joyni ommalashtirish, shuningdek, tarixiy yodgorlikni himoya qilish borasida maxsus dastur ishlab chiqiladi.

«Sayyohlarga yodgorlikni tomosha qilish yanada qulayroq bo‘lishi uchun tegishli infratuzilmani yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, Oks Iskandariyasiga bag‘ishlangan muzey ham ochilishi mumkin», deydi A.Abduhakimov.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze shaharchada qazish ishlari va Oks Iskandariyasini aniqlash jarayoni haqida so‘zlab berdi:

«Kampirtepa qishlog‘i 1979-yilda Termiz shahridan Kelifgacha bo‘lgan Amudaryo vodiysidagi arxeologik yodgorliklarni tadqiq etish jarayonida ochilgan. O‘shanda chidab bo‘lmas issiq edi. Topilma menda ulkan taassurot uyg‘otdi. Shahar kichik va ixcham edi. Qadimgi yunon ibodatxonasi, qal'a ichidagi harbiy inshoot, darvozalar, Amudaryoga olib tushadigan zinapoyasimon yo‘lga to‘qnash kelganmiz. Bu yerda yunon davrining ilk kulolchiligi buyumlari topildi», deydi Rtveladze.

Olimning qo‘shimcha qilishicha, u o‘z farazlarida juda ehtiyotkor, ularni isbotlash uchun o‘nlab yillar sarflaydi. Lekin bu safar, E.Rtveladzening aytishicha, qadimiy yunon tarixchisi va geografi Ptolemey asarlarida tilga olingan va Markaziy Osiyodagi yunon madaniyatining noyob yodgorligi ekaniga, Oks Iskandariyasi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida joylashganiga hech qanday shubha yo‘q.

Bu kashfiyotni, avvalo, Oks bo‘ylab g‘arbdan sharqqa 400 metrdan ziyod masofaga cho‘zilgan port-shaharning o‘lchamlari, shuningdek, kuchli mustahkamlangan qal’adan iborat rivojlangan shaharsozlik tuzilmasi – qal’a darvozalari, ko‘chalar va ibodatxonalar, qurbonliklarni saqlaydigan joylar, g‘azna, qabriston va mayoqni o‘z ichiga olgan bandargoh, kemalar turadigan qo‘ltiq hamda savdo nuqtalari va hunarmandchilik (keramika) ustaxonalari joylashgan kemalar to‘xtaydigan joy ham tasdiqlaydi.

«Bu nafaqat mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi, balki yoshlarni O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan qiziqtirish imkonini beradigan juda muhim va noyob topilmadir», deydi Firdavs Abduxoliqov.

«O‘zbekiston – yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat» madaniy merosi haftaligida ilk bor Oks Iskandariyasi qadimiy turar-joyni qayta tiklash va ushbu ajoyib arxeologik yodgorlikning asl qiyofasi bilan batafsil tanishish imkonini beradigan 3D formatda namoyish etiladi.

Shuningdek, pocket book formatida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati tomonidan «Oks Iskandariyasi (Kampirtepa)» va «Kushonlar: sulola, xalq, yozuv» broshyuralari chop qilinib, taqdim etiladi».

Foto facebook.com/AbdukhakimovAziz

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech